07:02 / 08.08.2017
12 088

Dil og‘ritish yomon ekan…

Dil og‘ritish yomon ekan…
Onamning keksa xolalari bor, poytaxtda yashaydilar. O‘g‘illaridan biri ba’zi ayblovlar bilan qamalib qoldi. Ko‘ngil so‘rab, onam bilan uylariga bordik. Sud jarayonlarida yonlarida turdik, qo‘ldan kelgancha tasalli berish uchun uylarida bir necha kun qoldik. O‘sha kunlarning birida katta kelinlarining akasi singlisini ko‘rgani keldi.

Dasturxon atrofida o‘tirganimizda gap aylanib qamalgan o‘g‘illariga taqaldi, onaizor bolasiga kuyib yig‘ladilar, kelinning akasi gapga aralashdi:

— Ey, qo‘ysangizchi! Bir ishi bo‘lmasa, bekordan bekorga qamalarmidi?

Shu kabi piching gaplar bilan qattiq gapirdi. Xolam: «Mening bolam o‘g‘ri emas, birovni urgani yo‘q, nomusiga tekkani yo‘q», deb yig‘lagancha, xonalariga kirib ketdilar.

«Undan ko‘ra, o‘g‘rilik qilsin edi, buzuqlik qilsa ham ishi oson bo‘lardi», dedi mehmon…
Xolamni ovutgan bo‘ldik, «xafa bo‘lmang, bir axmoq ekan-da», desak biroz o‘ylanib turdilar-da:

— Men yosh paytimda xolamning qizlaridan ëdgorlik bo‘lib qolgan nabirasi qamalib qolgandi. Sovet davri edi u paytlar, zonalar uzoq bo‘lardi. Nabirasi uchun qayg‘urib, erinmay shu olis safarga qatnardilar. Rahmim kelib: «Xola, shu narsalarni o‘zingiz esangiz bo‘lmaydimi, bu o‘g‘ri bola ta’zirini esin, bormang shuning ketidan, arzirmidi, bilarmidi!?» deganman o‘shanda. Xolamga achinib aytganman bu gaplarimni, lekin, dillari og‘rigan ekan-da, o‘zimda xis qildim shuni, — dedilar.

Oradan bir necha oy o‘tib sud tugadi, hukm o‘qilib, xolavachcham 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi, bola chaqasi dodlagancha qolib ketaverdi.

Odamlarning qayg‘usiga sherik bo‘la olish hammaning ham qo‘lidan kelavermas ekan, aksincha, hasratingga nafrat qilib, masxara nigohi bilan qaraguvchi, tili zaxar nodon kimsalar payt poylab nishini urib oluvchilar bo‘lib turarkan. Xolam bechora hech qaerga qo‘shila olmay qoldilar.
Oradan yillar o‘tib dardlar bir oz unutilgandek bo‘ldi. Mening esimdan ham chiqib ketdi hisob, ammo bir kuni…

Qanchadir vaqt o‘tdi. Xolamni ko‘rgani bordim. Katta kelinlari yig‘lamsirab yurgan ekan, «tinchlikmi?» deb so‘rasam, jiyani bir qizning nomusiga tegib qo‘yibdi. Voyaga etmagan qizcha ekan. Keyin mashinasida olib ketayotganida, avtohalokatga tushib, qizcha halok bo‘libdi. Qizning onasi «baquvvat» ayollardan emish, jiyanini qamatib yuboribdi.

Ë tavba! O‘sha kungi manzara xayolimga keldi: O‘sha bolaning otasi: «Undan ko‘ra o‘g‘rilik qilsin, buzuqlik qilsin edi, ishi oson bo‘lardi», degandi. Yo‘q, «oson» bo‘lmabdi…

*****
Hayotingizda bo‘lib o‘tgan ibratli voqealar, boshingizdan o‘tgan qiyinchiliklar, yaxshi-yomon kunlaringiz va sizdagi muvaffaqiyatlar bilan bo‘lishishni, atrofingizdagi kishilarga dars bo‘lishini istaysizmi? Unda marhamat, maktublaringizni «[email protected]» elektron xatjildga yo‘llang. Biz muallifni sir saqlagan holda jamoatga etkazamiz.

Shartimiz:
Voqea-kishilarning hayoti uchun ibratlanarli, odob-axloqqa doir, faxsh va jirkanch voqealardan holi, eshitgan odamning tarbiyaviy ahamiyatiga molik, yolg‘on, to‘qima obrazlar aralashmagan, hamda, eng asosiysi, ta’sirli bo‘lsin. Kitob holida nashr qilish ehtimolimiz bor.

Yozing, toki boshqalarga ibrat bo‘lsin. Maktublaringizni kutamiz.

Salim AYYuBIY

Manba: Fayzbog.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Dil og‘ritish yomon ekan…