Pora talab qilgan IIB xodimi qo‘lga olindi

  • 30 dekabr 2016, 10:05
  • 6 635
  • Jamiyat
  • Pora talab qilgan IIB xodimi qo‘lga olindi

    Chiroqchi tumanida yashovchi fuqaro A.Asadov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) mashinasida Shahrisabz tumanidan qaytarkan, “Tanxoz” postida IIB xodimi unga to‘xtash ishorasini ko‘rsatdi. A.Asadov yo‘l harakati qoidalarini buzmaganligi sababli ko‘ngli xotirjam bo‘lib, mashinasini chetga oldi, deb yozadi “Kun” nashri.

    Tuman IIB huzuridagi “Qo‘riqlash” bo‘limi milisiya xodimi Z.Shodmonov uning yoniga kelib, nazorat-tekshiruv tadbiri o‘tkazilayotgani uchun hujjatlarini ko‘rsatishni so‘radi. A.Asadov inspektorning talabiga ko‘ra, mashina hujjatlarini uning qo‘liga tutqazdi. Inspektor hujjatlarni sinchkovlik bilan tekshirarkan, ko‘nglidagi niyatini oshkor qilishni istamay turardi. Mashina hujjatlari joyida bo‘lsa-da, haydovchining fuqarolik pasporti yo‘qligi uning uchun yaxshigina bahona bo‘ldi.

    - Fuqarolik pasportingiz yo‘q ekan, shu sababli mashinangizni jarima maydonchasiga qo‘yishga majburman.

    A.Asadov inspektor bilan uzoq tortishdi. Hatto bu kamchilik uchun uzr ham so‘radi. Biroq Z.Shodmonov qonunga bo‘ysunishini ro‘kach qilib, aytgan gapida turib oldi.

    - Nahotki bir iloji bo‘lmasa, - dedi A.Asadov IIB xodimi Z.Shodmonovga umidvor ohangda. – Kelishib olsak bo‘ladi-ku?!

    Z.Shodmonov uchun bu ayni muddao edi. Haydovchining ayni vaqtda hamma narsaga tayyorligini anglab, undan mashinani qaytarib olishi evaziga 300 ming so‘m berishini aytdi. Haydovchining yonida buncha pul yo‘q edi, yalinishga tushdi. Z.Shodmonov “sal yumshab”, 250 ming so‘mga rozi bo‘ldi. A.Asadov cho‘ntagini kavlab, yonidagi 200 ming so‘mni Z.Shodmonovga uzatdi. Qolgan 50 ming so‘mni keyin keltirib berishni va’da qildi. ammo inspektor ham anoyilardan emasdi. Haydovchi ketsa, boshqa qaytib kelmasligini yaxshi bilardi. Shu bois 50 ming so‘m evaziga haydovchining qo‘l telefonini garovga olib qoldi.

    A.Asadov ertasi kuniyoq uning ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qildi. Z.Shodmonov telefonni olib ketish uchun kelgan A.Asadovdan 50 ming so‘mni pora tariqasida olayotgan vaqtda ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi.

    Mazkur holat yuzasidan Z.Shodmonovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud hukmi bilan tegishli jazoga tortildi.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Pora talab qilgan IIB xodimi qo‘lga olindi