Grin kard: firibgarlar domiga tushib qolmang!

  • 25 aprel 2017, 07:28
  • 3 634
  • Jamiyat
  • Grin kard: firibgarlar domiga tushib qolmang!
    Grin kard lotereyasi haqida eshitmagan, uning nimaligini bilmagan odam bo‘lmasa kerak. O‘ziga xos bu o‘yinda dunyo bo‘yicha har yili deyarli 10 million kishi ishtirok etmoqda. Ular orasida bir necha yuz ming yurtdoshlarimiz ham bor. Shuni hisobga olib, Grin kard lotereyasida qatnashadiganlar uchun ayrim tavsiyalar bilan o‘rtoqlashmoqchi edik. Bu yo‘lda aldanib qolmaslik uchun nimalarni bilish kerak, qanday qoidalarga rioya qilmoq zarur?

    Grin kard lotereyasida qatnashish uchun ariza topshirish tekin. Firibgarlar domiga tushib qolmaslik uchun arizani har kimning o‘zi to‘ldirishi maqsadga muvofiq. Ariza to‘ldirishda vositachi xizmatidan foydalangan taqdirda, ro‘yxatga olinganligini tasdiqlovchi varaqni printerda chop etib berishlarini talab etish kerak.

    AQSh hukumati tomonidan ushbu mamlakatga borib yashash va ishlash huquqini beradigan vizalar (yoki Grin kardlar) uchun ro‘yxatga olish jarayoni har yili oktyabr va noyabr oyining boshlarida davom etadi. Bunda ajratilgan 50 mingta vizani qo‘lga kiritish uchun 190 ta davlat fuqarolari murojaat etish huquqiga ega bo‘lishadi. Davlatlar soni har yili ma’lum o‘zgarishga uchrashi mumkin.

    Grin kard lotereyasida qatnashish uchun ariza topshirish tekin. Faqatgin lotereyada g‘olib chiqqanlar AQSh elchixonasiga suhbatga borganda, konsullik kassasiga 330 dollar to‘lashadi. Grin kard lotereyasi ishtirokchisidan boshqalarning haq talab qilishi firibgarlik sanaladi.

    Firibgarlar qo‘liga tushib qolmaslik uchun vositachilar xizmatidan foydalanmaslik zarurligini AQShning Toshkentdagi elchixonasida jurnalistlar bilan bo‘lgan uchrashuvda Konsullik bo‘limi rahbari vazifasini bajaruvchi Otto Vestxassel uqtirib o‘tdi.

    Lotereyada qatnashish istaganlar internetdagi www.dvlottery.state.gov sahifasiga kirib, ariza topshirishlari mumkin. Ariza to‘ldirishda vositachilar xizmatidan foydalanmoqchi bo‘lganlar faqat arizani to‘ldirib bergani uchun o‘zaro kelishilgan holda haq to‘lashlari mumkin. O‘rtaga tushgan odam lotereya yakuniga ta’sir etolmaydi, kimnidir g‘olib bo‘lishiga yordam ko‘rsatolmaydi. Chunki vizaga murojaat etuvchilar kompyuter orqali amalga oshiriladigan tasodifiy tanlov orqali saralanadi.

    Shuni alohida uqtirishni istardikki, AQSh Davlat departamentining Konsullik masalalari byurosining veb-saytida Grin kard so‘rovnomasini qanday to‘ldirish kerakligi haqida o‘zbek tilida yo‘riqnoma mavjud.

    Ariza topshirishda vositachiga murojaat qilganlar albatta ro‘yxatga olinganligini tasdiqlovchi varaqni printerda chop etib berishlarini talab etishlari kerak. Ushbu varaqda ko‘rsatilgan kod orqali har bir shaxs may oyining boshlarida internetdagi yuqorida ko‘rsatilgan sahifaga kirib, lotereyadagi ishtirokining natijasini bilib olishi mumkin. Aks holda, vositachilar lotereyada g‘olib chiqqanlardan katta pul talab qilishayotganligini tajriba ko‘rsatib turibdi.

    Lotereya ishtirokchisi g‘oliblar safidan o‘rin olmagan bo‘lsa ham, ro‘yxatga olinganligini tasdiqlovchi varaqni birdaniga tashlab yubormasdan, uni saqlab turishi lozim. Chunki tanlovning dastlabki bosqichida g‘olib chiqqanlarning hammasi ham viza sohibi bo‘la olmaydi. Kimnidir hujjatida kamchilik bo‘lishi yoki yana kimnidir ma’lumoti qo‘yilgan talabga javob berolmasligi mumkin. Shunda bo‘shab qolgan o‘rinlar uchun ariza topshirganlar o‘rtasida yangi tanlov o‘tkaziladi.

    Ayrim yillari O‘zbekiston bo‘yicha Grin kard lotereyasi g‘oliblariga berilgan vizalarning 60 foizidan ortiqrog‘i samarqandliklarga nasib etmoqda.

    Nima sababdan Grin kard lotereyasi g‘oliblarining asosiy qismini Samarqand viloyati vakillari tashkil etmoqda? Bu savol mamlakatimizda va undan tashqarida ham ko‘pchilikka qiziqish uyg‘otmoqda. AQSh elchixonasida o‘tkaziladigan matbuot anjumanida har yili jurnalistlar konsulga shu savol bilan murojaat qilishdi. Konsul bunga javoban Grin kard xolisona lotereya ekanligini ta’kidlaydi va Samarqandda “lotereyada ishtirok etayotganlar soni ko‘p bo‘lishi kerak”, deydi.

    Darhaqiqat, hech bir joyda vositachilar ishi Samarqanddagidek tashkil etilmagan. Ular idorada ariza topshirgani qachon mijoz kelarkan deb kutib o‘tirmasdan, o‘zlari uyma-uy yurib, o‘quv yurtlariga, korxona-yu tashkilotlarga borib, Grin kard ishtirok etuvchilarni izlashadi. Ular shu kunlarda hatto ko‘cha-yu istirohat bog‘larida o‘zlarining “bepul” yordamlarini taklif qilishmoqda.

    Yana bir marta eslatib o‘tamiz. Agar bunday vositachilar xizmatidan foydalanadigan bo‘lsangiz, u vaqtda albatta ularning faqat ariza to‘ldirgani uchun to‘laydigan xaqning miqdorini aniqlab oling. Yo oldindan to‘lang yoki g‘olib bo‘lganingizdan so‘ng to‘lashga kelishib shartnoma tuzing. Vositachi katta mablag‘ talab qilsa, lotereyani qo‘lga kiritishga yordam beraman desa, bu uning firibgarligidan nishonadir. Bundaylardan uzoqroq yuring.

    Endi Grin kard bo‘yicha ayrim statistik ma’lumotlarni keltirsak. Keyingi besh yil mobaynidaO‘zbekiston fuqarolari 22588ta Grin kardni qo‘lga kiritgan. Bu dunyo mamlakatlari bo‘yicha uchinchi ko‘rsatkich hisoblanadi. Rossiyada 46051 kishi, Ukrainada 39886 kishi ushbu lotereyada g‘olib deb topilgan.

    O‘zbekistonni Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan solishtirganda, quyidagi holatni ko‘ramiz. O‘tgan davr mobaynida Amerikaga Qirg‘izistondan 3581, Qozoqistondan 6105, Turkmanistondan 1150, Tojikistondan 552 kishi ketgan.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Grin kard: firibgarlar domiga tushib qolmang!