Samarqandda Sharq allomalari ijodiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi

  • 05 avgust 2017, 16:04
  • 5 294
  • Jamiyat
  • Samarqandda Sharq allomalari ijodiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi
    Joriy yilning 28-30 avgust kunlari Samarqand shahrida “Jahon tamadduni tarixida Markaziy Osiyo renessansi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi matbuot xizmati xabar berganligini Qalampir.uz nashri ma’lum qilmoqda.

    Anjuman Markaziy Osiyo olim va mutafakkirlarining abadiy tarixiy merosini chuqur o‘rganish va anglash, mamlakat va jahon jamoatchiligini o‘zbek mutafakkirlarining aniq, tabiiy fanlar va islom ilmlari rivojiga qo‘shgan hissasi bilan tanishtirish, ilmiy markazlar va dunyoning etakchi olimlarini ularning ishlari va kashfiyotlarini har tomonlama o‘rganishga jalb etish, ushbu beqiyos intellektual boylikni ko‘z qorachig‘idek asrash va ommalashtirish maqsadida o‘tkazilmoqda.

    Mazkur konferensiya 2014-yil Samarqand shahrida “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizasiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzuida bo‘lib o‘tgan konferensiyaning mantiqiy davomi ekani qayd etilgan. Konferensiyada IX-XII asrlarda Markaziy Osiyo Uyg‘onish davrining tarkibiy qismlaridan bo‘lgan islom ilmlari bo‘yicha boy meros ham muhokama qilinadi.

    Konferensiya ishida Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mahmud az-Zamaxshariy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy va boshqalarning, shuningdek, Imom al-Buxoriy, Burxoniddin Marg‘inoniy, Imom Iso at-Termiziy, Abu Mansur Moturidiy kabi diniy ulamolarning ilmiy merosi tahliliga alohida e’tibor qaratiladi.

    Mutafakkir olimlarning ilmiy faoliyati tahliliga bag’ishlangan mamlakatimiz va xorijdagi etakchi tadqiqotchilarning ma’ruzalarida Markaziy Osiyoda IX-XII va XIV-XV asrlarda ro‘y bergan ilmiy madaniy uyg‘onishning turli jihatlari keng yoritiladi.

    Konferensiya ishida YUNESKO, IHT, AYSESKO, IRSIKA kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari, jahonning yirik muzeylari, ilmiy va ta’lim muassasalari vakillarining ishtiroki kutilmoqda.

    Konferensiya o‘rta asrlar Markaziy Osiyo olimlarining merosini hamkorlikda o‘rganish shaklida O‘zbekiston va etakchi xorijlik olimlar o‘rtasida yaqin ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasidagi muhim bosqich bo‘lishi qo‘shimcha qilingan. Konferensiya yakunida tezislar to‘plami chop etish rejalashtirilmoqda.

    » » Samarqandda Sharq allomalari ijodiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi