Shavkat Mirziyoyev prokurorlarni "eng katta o‘g‘rilar" deb atadi

  • 08 avgust 2017, 15:35
  • 5 256
  • Jamiyat
  • Shavkat Mirziyoyev prokurorlarni "eng katta o‘g‘rilar" deb atadi
    O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan oyda Toshkent viloyatiga safari yakunida o‘tkazilgan yig‘ilishda prokuratura organi xodimlarini qattiq tanqid qilgan.

    «Kun» internet-nashri bildirishcha, ushbu yig‘ilishga oid audioyozuvda prezident prokurorlarni «eng katta o‘g‘rilar» deb atagan.

    Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati prokurori Jamshid Fayzievga tanbeh berib, unga vaziyatni o‘nglash uchun 10 kun muhlat bergan. Prezident prokurorlarni yoqtirmasligini ta’kidlar ekan, ular «eng katta o‘g‘riligi», «boshqalarni o‘g‘rilikka» da’vat etishini aytadi.

    «Dunyoqarashingni o‘zgartirmasang, kech bo‘ladi. Senga o‘n kun muhlat, qadamlaring baribir yoqmayapti. Bitta o‘zing qolding, hammani ishdan oldim. Man o‘zi prokuror deganni, kechirasizlaru, judayam yomon ko‘raman. Buni ochiqcha aytayapman. Tuman hokimi, viloyat hokimi bo‘lib ishlaganimda ko‘rganman. Bu noinsoflar prokurorcha bo‘lib, yurishi o‘zgarib qolishini, odamni mensimay qo‘yishini juda yaxshi bilaman. Juda yaxshi bilaman.

    O‘zi birinchi o‘g‘ri ular. Yana hammani o‘g‘rilikka da’vat qiladi. Eng katta o‘g‘ri ular.

    Biz yangi bosh prokuror qo‘yganmiz. 80 foiz odamni o‘zgartirdik. Avvalgi bosh prokurordan qolgan o‘g‘ri tizimdan qolganlarning asosiy qismini ishdan oldik. 15-20 foizi yuribdi. Fayziev ham shulardan. Baribir oxirigacha o‘zgartiramiz. Yoki prokuror halol ishlaydi, yoki prokuraturani butunlay yo‘q qilamiz. Odamlarning boshiga balo bu prokurorlar. Halol ishlamasa, ketadi hammasi.

    Hamma aravani birdek tortishi kerak. Odamlarni rozi qilish kerak. Prokuror qachon yaxshi yashaydi? Xalq yaxshi yashasa! Lekin bularning uylarini qaranglar! Mashinalarini qaranglar! Nima, ular atom reaktori yaratganmidi? Bir-ikkitasi familiyasini to‘g‘ri yoza olmaydi. Lekin prokuror bo‘voladi, tanish-bilish bilan, keyin g‘o‘ddayadi. Shuning uchun yomon ko‘raman ularni. Bular izdan chiqib ketgan EDI. Mana endi halol ishlashga harakat qilayotgan odamlar bilan ishlayapmiz. Ularga sharoitlar yaratib berayapmiz», degan prezident.

    Prezident o‘zidan ketib qolgan prokurorlarning joyi qamoqda ekanini eslatib o‘tgan.

    «Davlat kerak emas unaqalarga. Ko‘chada bitta bezori hammani boshqarib yurishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Toshkent viloyatidayam hali bor bir-ikkita. Ko‘pini dumini uzdik, yana bir-ikkitasi bor. Tagiga eta olmayapman hozircha.

    Man hammasini bilaman, xudoga shukr. O‘zidan ketganlarni ko‘pi qamoqda o‘tiribdi. Bundan keyin ham o‘tiradi.

    Hozircha arqonni uzun tashlab qo‘yganman. Uzun qilib. Bittada tortvolamiz. Davlat bilan kim hazillashadi? Hech kim hech qachon hazillasha olmaydi.

    Xalq manfaati birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak.

    Prokuror shundan xulosa qilishi kerak. Bu erda Muhiddinov degan prokuror bo‘lgan. Ko‘ringlar necha yilga kesilib ketdi. (Toshkent viloyatining sobiq prokurori, 2011 yilda ishdan olingan va 14 yil muddatga qamalgan).

    Hamma eshitsin: Biz uchun hech kim avtoritet emas. Faqat xalq, faqat xalq va yana bir marta faqat xalq.

    Mandan boshlab hammamiz xalqqa xizmatkormiz. Manda faqat bitta vakolat bor - xalq bergan ishonch. Shu tufayli tumanlarga borib yuribman. Xalq bergan vakolatim bilan shu ishlarni qilib yuribman. Boshqa vakolatim yo‘q. Manda vakolat yo‘g‘u, sizlarda qanday vakolat bo‘ladi? Kimsizlar?

    Noinsoflarni to‘g‘ri yo‘lga boshlasak, jamiyatimiz o‘zgaradi. Shunday ishlamasak, tartib bo‘lmaydi», deya kuyunib gapirgan prezident.

    Ma’lumot uchun, 15 yil davomida O‘zbekiston bosh prokurori sifatida faoliyat yuritgan Rashid Qodirov 2015 yil aprelida ishdan olingandi. O‘shanda bosh vazir lavozimida bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev Ixtiyor Abdullaevni O‘zbekistonning yangi bosh prokurori sifatida jamoaga tanishtirgan.


    Manba: 1news.uz

    » » Shavkat Mirziyoyev prokurorlarni "eng katta o‘g‘rilar" deb atadi