16:53 / 13.01.2019
7 615

Lordga turmushga chiqqan Guli Shayx xonim: «Menga o‘rinsiz ayblovlar yog‘dirishmoqda»

Lordga turmushga chiqqan Guli Shayx xonim: «Menga o‘rinsiz ayblovlar yog‘dirishmoqda»
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda 33 yoshli o‘zbek qizi Guli Murodova o‘zidan 44 yosh katta bo‘lgan angliyalik 77 yoshli lord, multimillioner Muhammad Shayx bilan oila qurgani haqida xabarlar tarqaldi.

Ko‘pchilikni hayratga solgan bu xabar ko‘p muhokama qilindi va turli e’tirozlarni keltirib chiqardi. Xo‘sh, bu yangilik nechog‘li haqiqat, unda keltirilgan faktlar qanchalik to‘g‘ri? Umuman, bunday turmushdan maqsad nima, degan savol ko‘pchilikni bir xilda o‘ylantirdi. Kun.uz nashri Guli Murodovani suhbatga chorladi. O‘zbekiston va Britaniya aloqalarini oila rishtalari bilan bog‘lagan Guli Shayx xonim internetda berilgan ma’lumotlarga oydinlik kiritdi.

— Guli Shayx xonim, to‘ylaringiz bo‘lganiga bir oydan oshdi. Shayxning jufti haloli bo‘lish og‘irlik qilmayaptimi?
— 2018 yilning noyabrida Londonning Lambet Kengashida nikohimizning rasmiy marosimi bo‘lib o‘tdi. Ko‘plab mehmonlar tashrif buyurishdi. Muhammad Shayx bilan aslida 2015 yilda sha’riy nikohdan o‘tganmiz. Ya’ni, uning jufti haloli bo‘lganimga uch yildan oshdi. Muhammad Shayx janoblari tabiatan ko‘ngli toza, hayotga katta qiziqish bilan qaraydigan, tushunadigan, og‘ir-bosiq va juda mehribon inson. Turmush o‘rtog‘imning ana shunday pok qalbini yoqtirganman...

— O‘zingiz haqingizda gapirib bering. Qanday qilib London tomonlarga borib qolgansiz? Britaniya lordi bilan qanday tarzda tanishgansiz?
— Men Samarqandda tug‘ilib, voyaga yetganman. Samarqand tibbiyot kollejini tugatganman. Ikki yilcha Samarqandning Respublika tez tibbiy yordam ko‘rsatish shifoxonasida hamshira bo‘lib ishladim. Angliyaga o‘qishni davom ettirish maqsadida kelganman. Londonda universitetga o‘qishga kirib, menejment boshqaruvi yo‘nalishida bakalavr darajasini muvaffaqiyatli tugatdim. Keyinchalik o‘qishni davom etirgan holda moliya yo‘nalishida o‘qidim. O‘qish payti yarim stavkaga Belgiya kompaniyasiga menejer bo‘lib ishga kirdim. Kompaniya belgiyacha eksklyuziv shokoladlar sotish bilan shug‘ullanar edi. Shu yerda shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, men hech qachon Londonda ofitsiant bo‘lib ishlamaganman. Xullas, Muhammad Shayx janoblari tez-tez shokolad do‘konimizga kirib turar, o‘zi va hamkasblari uchun shirinliklar olishni yaxshi ko‘rar edi. O‘sha yerda tanishib qolganmiz.

Bizning boy tariximiz, butun dunyoni o‘z kashfiyotlari va salohiyati bilan zabt etgan Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mirzo Ulug‘bek, Imom Buxoriy kabi buyuk shaxslar haqidagi suhbatimiz tugamasdi. Vaqt o‘tishi bilan bizning o‘rtamizdagi munosabatlar do‘stlikdan yanada kuchliroq bosqichga o‘ta boshladi. Ammo, ancha vaqtgacha Muhammad Shayx Britaniya Parlamenti lordi ekanligini bilmaganman. Umuman, lord janoblari biror marta amali, ishi va biznesi haqida gapirmagan.

— Sizga og‘ir botsa-da, ammo barcha sizni 25 yillik oilani buzganlikda ayblamoqda. O‘zidan qariyb 45 yosh katta inson bilan oila qurishning maqsadi nima degan savollarni yog‘dirib tashlashmoqda. Bunga qanday izoh berasiz?
— Menga o‘rinsiz ayblovlar qo‘yilmoqda. Sababi, bo‘lajak turmush o‘rtog‘im bilan tanishganimda u kishi allaqachon oldingi xotini bilan sha’riy ajrashgan edi. Birozdan so‘ng ularning nikohi qonunan ham bekor qilindi. Shuning uchun, ularning ajralishiga hech qanday aloqam bo‘lmagan. Ularning o‘rtasidagi har qanday munosabat mengacha sodir bo‘lgan.

— Ota-onangiz sizning tanlovingizga qanday qarashdi?
— Muhammad Shayx mening qo‘limni so‘rab, Samarqandga kelganida ota-onamning roziligini oldi. Ular bizga oq fotiha berishdi. Shundan so‘ng biz nikoh o‘qitdik. Nikohni Londonning shimoliy masjidi bosh imomi bir necha insonlar guvohligida o‘qidi va bizga nikohimizni tasdiqlovchi sertifikat berdi. Keyinchalik nikohimiz Angliyaning nufuzli masjidi hisoblanmish «Rijent Park» bosh direktori tomonidan ratifikatsiya jarayoniga topshirildi. Ya’ni, nikohni yuridik tasdiqlashga berildi.

— Yaqinda haj safariga borib kelganingizdan xabarimiz bor...
— Nikohdan o‘tgach, ikkimiz birgalashib haj safariga borgandik. Ammo, yaqinda yana bir bor Allohning uyini ko‘rish nasib etdi. Ikkinchi marta bizni Saudiya Arabistoni podshohi haj ziyoratiga taklif qildi.

— Muhammad Shayx janoblarining oldingi nikohdagi farzandlari sizlarning munosabatingizga qanday qarashdi?
— Shayx janoblarining bir qizi bor. Biz yaqin dugonamiz. A’lo darajada qabul qildi. Munosabatlarimiz juda ham yaxshi...

— O‘zbekiston va Angliyadagi do‘stlaringiz qanday fikr bildirishdi?
— O‘zbekiston va Angliyada meni doim qo‘llab-quvvatlaydigan do‘stlarim juda ko‘p. Bolalikda birga o‘sgan tendoshlarim, sinfdosh, kursdoshlar, sobiq hamkasblarim, qarindosh-urug‘im — barcha mening tanlovimni xursandchilik bilan qabul qildi. Bu yerda ham juda ko‘plab turli millatdan do‘stlar orttirganman. Ular ham meni qo‘llashdi. Do‘stlarimga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

— Guli Shayx xonim, o‘rtalaringizdagi farq ancha katta. Siz yoshsiz…
— Darhaqiqat, Shayx janoblari 77 yoshda. Umri ziyoda bo‘lsin. U kishi Britaniya parlamenti hayoti va biznesda juda faol. Turmush o‘rtog‘im sog‘lom, kuch-quvvatga to‘la, doim pozitiv fikrlaydigan inson. Bu insonning g‘ayratiga ayrim yoshlar havas qilsa arziydi. Kuniga, kerak bo‘lsa, 14–16 soatlab ishlashni sevadi. Shu paytgacha zerikishga vaqtimiz bo‘lgani yo‘q...

— Mish-mishlarga qaraganda, Muhammad Shayx janoblarining yana boshqa sha’riy nikohlari bor ekan. Kundoshingiz bormi? Harholda, islomda ko‘pxotinlikka taqiq yo‘q…
— Odamlar ortiqcha gap-so‘zlar tarqatishmoqda. Buyuk Britaniya qonunchiligida bittadan ortiq xotin olishga ruxsat berilmaydi (kulib). Hozircha men yagona rafiqasiman.

— Hozir nima ishlar bilan bandsiz. Kelajakdagi rejalaringiz qanday?
— Turmush o‘rtog‘im bilan birgalikda «Silk Road Global» kompaniyasini tashkil qildik. Men yurtimizning hunarmandchilik va qo‘l ishi mehnati bilan yaratilgan asarlarini xarid qildim. Ularni internet orqali sotishni yo‘lga qo‘yish ustida ishlayapman. O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish sohasida ishlash rejamda bor. O‘zbekistonga qo‘limdan kelgancha investitsiya kiritish harakatidaman. Yurtimizga bir necha bor qo‘ldan kelgancha, xayr-saxovat va ehson qilish, yordamga muhtojlarga yordam berishni tashkil qildim. Sababi tug‘ilib o‘sgan vatanimga mehrim baland.

Yana, suratlar chizaman. Moyli bo‘yoqlar bilan ishlayman. Chizganlarim joylashtirilgan shaxsiy veb-saytim bor.

— Demak, Muhammad Shayx janoblarining o‘zbek zaminiga bo‘lgan ishqi sizni yanada ruhlantirmoqda. Britaniya lordi, Konservativ musulmonlar forumi asoschisi hamda Buyuk Britaniya Lordlar Palatasining bir umrlik (muqim) a’zosi O‘zbekiston va Britaniya o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda faolligini sezish mumkin...

— Lord Shayx O‘zbekistonga ko‘p bora tashrif buyurgan. Ikki mamlakatning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalarini mustahkamlashga intiladi. Shayx janoblari O‘zbekiston haqida uch marta ma’ruza tayyorlagan, doim yurtimizning rivojlanish bosqichini ijobiy tomondan yoritadi. Vatanimdan Britaniyaga kelgan delegatsiyalarni bir necha bor kutib olib, ularga yuqori mulozamat ko‘rsatgan.

Lord Shayx 2016 yilgi O‘zbekistondagi prezident saylovlariga taklif qilingan edi. Saylov shaffof va adolat bilan o‘tkazilganini ta’kidlagan edi. Shuningdek, birinchi prezident Islom Karimov haqida nekrolog yozgan. Natijada, Muhammad Shayx janoblari saylangan prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan ulkan islohotlarni tahlil qilib, ulkan maqsadlarni qo‘ygan prezidentga tashakkurnoma bildirdi.

— Guli Shayx xonim, sharhlarning birida, «O‘zbekistonga yaqin kelajakda yangi avlod investor zurriyodi tug‘iladi» degan fikr bildirilgan...
— Buni vaqt ko‘rsatadi. Bu savolga biror izoh berishni istamayman. Umuman olganda, men Muhammad Shayx janoblariga o‘z ixtiyorim bilan turmushga chiqdim. Meni hech qachon lordning moddiy boyligi, amali yoki yoshi qiziqtirmagan. Qalbimga yaqin insonni Alloh taqdir qildi. Tengdoshlarimga qaraganda, chuqur fikrlashi, hayotga bo‘lgan ishtiyoqi, yosh qalbi va yuqori darajadagi intellekti meni rom etgan. Turmush o‘rtog‘im har bir ayol orzu qiladigan mehribon er. Atrofdagi insonlarga juda e’tiborli xarakterga ega. Biz baxtlimiz!
Nafisa Pardayeva suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Lordga turmushga chiqqan Guli Shayx xonim: «Menga o‘rinsiz ayblovlar yog‘dirishmoqda»