13:17 / 25.04.2024
299

Usmon Toshev: "Shubhasiz, Saudiyani yutishni xohlaymiz"

Usmon Toshev: "Shubhasiz, Saudiyani yutishni xohlaymiz"
Qatarda o‘tayotgan U23 Osiyo Kubogida ishtirok etayotgan Timur Kapadze bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston U23 terma jamoamiz muxlislarni xursand qilmoqda.

Dastlabki vazifa guruh bosqichidan chiqish edi. Buni yigitlarimiz muvaffaqiyatli bajarishdi va guruhdagi barcha o‘yinlarni 100 foizli natija bilan yakunladilar.

O‘sha yerda terma jamoamiz bilan birga bo‘lib turgan delegatsiya rahbari, O‘FA terma jamoalar bo‘limi boshlig‘i Usmon Toshev vakillarimizning guruh bosqichidagi ishtiroki hamda keyingi raqib borasidagi fikrlarini bildirdi.

Vetnam ustidan qozonilgan g‘alaba haqida
- Tabrik uchun rahmat. Shu o‘rinda sizlarni ham, barcha muxlislarimizni ham tabriklayman. Uzoq kutgandik, guruh bosqichini juda yaxshi o‘tkazdik. Endi bemalol aytsak bo‘ladiki, biz haqiqatan raqiblarimizdan kuchlimiz. Jamoamiz juda yaxshi tayyorlangan. O‘ziga yarasha kuchli. Har bir chiziqda ikkitadan va hattoki ayrim pozitsiyalarda uchtadan o‘yinchi bor, raqobat ham shunga yarasha kuchli. Nechta gol urishni aytib bo‘lmaydi. O‘yindagi vaziyatlardan kelib chiqib gollarni urdik. O‘yinlar ko‘rsatdiki, guruh bosqichidagi raqiblardan ancha kuchlimiz.

Keyingi raqib Saudiya Arabistoni. Revansh olish uchun yaxshi imkoniyat
- Ha Saudiya Arabistoni juda yaxshi jamoa. Qolgan raqiblar orasida bularni o‘z o‘rni bor. Biz ularni, ular esa bizni ko‘rdilar. Bir jamoani tahlil qilish uchun juda ko‘p texnologiyalar bor, bu yangilik emas. Har bir jamoa o‘z raqibini tahlil qilib, o‘rganib tayyorlanadi. Pley-offda hamma jamoalar kuchli. Bitta o‘yin jamoaning turnirdagi joyini aniqlab beradi. Yoki chiqib ketasiz yo keyingi bosqichga chiqasiz. Biz bu uchrashuvga astoydil tayyorlanyapmiz. Hech qanday sarosima yo‘q. Hamma o‘z ishini qilyapti. Murabbiylar shtabi va futbolchilar juda yaxshi. Ajoyib o‘yin ko‘rsatib maqsadimizga erishamiz, deb o‘ylaymiz. Ikki yil oldingi revanshmi? Ha, bu o‘tib ketdi. Oldinga qarashimiz kerak. Shubhasiz, Saudiyani yutishni xohlaymiz.

Qaysi legionerlarimizni klubi bilan olib borilgan muzokaralar qiyin kechdi?
- Legionerlarimiz borasida qiyin emas. U yerda ham, bizda ham rahbariyat va murabbiylar bor. Ikkala tomonda ham musobaqalar mavjud. Shuning uchun gaplashish va ko‘rishish kerak edi. Xudoga shukr, barchasi yaxshi bo‘ldi. Ayrim vaziyatlar bo‘ldi, masalan Fayzullayev SSKAda sariq kartochkani ataylab oldi va unda sariq kartochkalar 4 ta bo‘lgani bois terma jamoa ixtiyoriga ketdi deganlar bo‘ldi. Lekin bizning futbolchilar toza yigitlar. Ha, faqat bir kun emas, bir necha kunlab muzokaralar olib borildi. Xudoga shukr, barchasi yaxshi o‘tdi. Chunki bu musobaqa FIFA kunlarida emasdi. Klublarni o‘yinchilarni qo‘yib yubormaslikka haqqi bor. Lekin albatta vatan uchun olimpiya terma jamoamizda ham o‘ynashlari kerak. Negaki, bu juda mas’uliyatli musobaqa. Shu bois muzokaralar uzoq bo‘ldi. Eng asosiysi, barchasini hal qila oldik.

Musobaqa favoritligi bizga qanday motivatsiya beradi?
- Katta motivatsiya beradi. Ha, bizni musobaqada favorit deb hisoblashadi. Ammo yana boshqa raqiblar ham bor. Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya, Yaponiya singari yaxshi terma jamoalar mavjud. Gapirish boshqa, lekin o‘z o‘yinimiz bilan kuchimizni, salohiyatimizni ko‘rsatishimiz muhim. Biz favoritmi yoki favorit emasmizmi, bunga e’tibor bermaymiz. Hammasini o‘yinimiz bilan ko‘rsatishimiz kerak. Asosiysi, jamoamiz kuchli, hammasi yaxshi bo‘ladi. Mas’uliyatni barcha yaxshi his qilib turibdi. Jamoamizda nihoyatda juda yaxshi muhit bor.

Musobaqaning tashkiliy ishlari qanday?
- Albatta, Qatardagi musobaqada barcha tashkiliy ishlar ko‘ngildagidek. Bu stadionlardan jahon chempionatida foydalanilgan. Hammasi juda yaxshi holatda. Umuman muammo yo‘q. Maydonlar sifati 5+. Stadionlarda konditsionerlar ishlaydi. Ko‘chada 40 gradus issiq bo‘lsa, stadion ichida harorat 15 gradus. Avtobusda ketib olish, manziliga yetkazib qo‘yish hammasi joyida. Bu yerda hamma o‘z ishi bilan mashg‘ul. Futbol odamlarini o‘z yo‘nalishiga qarab alohida yo‘laklari bor, hech kim hech kim bilan to‘qnash kelmaydi. Hurmat va e’tibor juda yaxshi.

Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Usmon Toshev: "Shubhasiz, Saudiyani yutishni xohlaymiz"