Oʻzbekistonda turar joyga egalik huquqini olish muddati tugashiga 2 oy qoldi

  • 12 mart 2019, 10:33
  • 3 468
  • Jamiyat
  • Oʻzbekistonda turar joyga egalik huquqini olish muddati tugashiga 2 oy qoldi
    2019 yil 1 maygacha davom etadigan aksiyada mulk huquqini eʼtirof etish va kadastr hujjati ikki shart asosida beriladi, deb yozadi OʻzA.

    Yer uchastkasi (uchastkaning bir qismi) unga qonun hujjatlariga muvofiq, turar joy qurish uchun ajratilishi mumkin boʻlmagan yerda joylashmagan va oʻzboshimchalik bilan qurilgan imorat shaharsozlik talablarini, shuningdek, uning saqlab qolinishi boshqa shaxslar huquqi va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasa yoxud fuqarolar hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirmasa.

    Qaror koʻp qavatli uylarga va ularga tutash yer uchastkalariga oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga, noturar joylarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

    Fuqarolar oʻzboshimchalik bilan qurgan imoratga mulk huquqini olish uchun oʻsha hududdagi davlat xizmatlari markazlari orqali tuman (shahar) hokimi nomiga ariza bilan murojaat qiladi. Arizani koʻrib chiqish uchun davlat xizmatlari markazi tomonidan yigʻim undirilmaydi, faqatgina bir martalik aksiya doirasida eng kam ish haqining 5 barobari miqdorida yigʻim toʻlanadi. Agar murojaat etuvchi yolgʻon maʼlumot taqdim etsa, ariza rad etiladi.

    Ariza asosida kadastr xizmati tomonidan oʻrganilib, xulosa berilgach, tuman komissiyasi imoratga mulk huquqini eʼtirof etish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror chiqaradi.

    Uy-joyga egalik hujjatlarining qonuniy rasmiylashtirilishi inshootni tasarruf etish – sotish, hadya qilish, ijaraga berish va boshqa bitimlar tuzish huquqini beradi. Bunda mulkni garovga qoʻyib tijorat bankidan kredit olib, oʻz tadbirkorlik, tomorqachilik faoliyatini yoʻlga qoʻyish, daromad olish imkoniyati ham paydo boʻladi.

    Aksiya yakuniga bor-yoʻgʻi 2 oy muddat qolgan boʻlsa-da, bu imkoniyatdan foylanmayotganlar ham koʻp. Aksiya davomida oʻtkazilgan targʻibot-tashviqotga, uyma-uy tushuntirishlarga, sayyor qabullarga qaramay bu dolzarb masalaga befarq va loqayd qarayotganlar ham bor.

    Kadastr idoralari maʼlumotiga koʻra, Jizzax viloyatida oʻzboshimchalik bilan qurilgan 42 ming 358 ta turar joy mavjud. Bugungi kungacha fuqarolardan Davlat xizmatlari markazlariga atigi 15 ming 452 ta murojaat kelib tushgan. Bu oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarning bor-yoʻgʻi 36 foizi, demakdir.

    Hujjatsiz, oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylar aholi ancha qadimdan yashab kelayotgan togʻli tumanlarda, ayniqsa, koʻp uchraydigan holat. Chunki koʻpchilik oilalar hovlisiga tutash boʻsh yotgan yerdan oʻgʻillariga uy qurgan, biroq rasmiylashtirmagan. Natijada hozirgacha yer maydoni noqonuniy egallangan boʻlib qolmoqda.

    Bu kabi muammo koʻp boʻlgan Sharof Rashidov tumanida oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarning endigina 11 foizi qonuniy rasmiylashtirilgan, xolos. Xuddi shunday muammoning katta qismi toʻgʻri keladigan Baxmal tumanida oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarning 36 foizi, Forish tumanida 41 foizi, Gʻallaorol tumanida 44 foizi rasmiylashtirilgani qoniqarsizdir.

    Tabiiyki, agar ish shu taxlit sust davom etsa, aholining ushbu umumdavlat aksiyasida berilgan imkoniyatdan toʻliq foydalanmaslik ehtimoli yuqori. Boisi, 2019 yil 1 mayda aksiya muddati yakuniga yetganidan soʻng, bunday imkoniyat qayta berilmaydi va uy-joyga “noqonuniy” tamgʻasi bosilib, mulkka egalik huquqi boʻlmaydi.

    » » Oʻzbekistonda turar joyga egalik huquqini olish muddati tugashiga 2 oy qoldi