19:15 / 09.04.2019
2 447

Sherzod Shermatov: «Ma’naviyat so‘zini salbiy tushunadigan darajaga olib kelib qo‘yishdi»

Sherzod Shermatov: «Ma’naviyat so‘zini salbiy tushunadigan darajaga olib kelib qo‘yishdi»
Xalq ta’limi vaziri yoshlarni har tomonlama yetuk qilib tarbiyalash balandparvoz gaplar yoki o‘nta majlis bilan amalga oshmasligini ta’kidladi.

Kun.uz nashri O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov bilan prezident maktablari, o‘qituvchi - o‘quvchi - ota-ona munosabatlari, o‘qituvchilarning maqomi va xalq ta’limi tizimiga doir boshqa masalalar yuzasidan suhbat uyushtirdi.

Suhbat davomida Sherzod Shermatov jamiyatimizda vatanparvarlik tushunchasi ta’sirchanligining pastligi va ma’naviyat tushunchasini salbiy qabul qila boshlashgani haqida so‘zladi.

«Prezidentimiz chet eldan o‘qituvchilar, maktab direktori olib kelamiz, yoshlar zamonaviy bilimlarni, xorijiy tillarni o‘rgansin, lekin eng asosiysi vatanparvar bo‘lsin, deb aytgandi.

Bunday so‘zlar oson eshitilishi mumkindir. Biroq vatanparvarlik qanday tarbiyalanadi? Qanday qilib bir yoshni yetuk inson qilib tarbiyalash mumkin?
Bu o‘z-o‘zidan balandparvoz gaplar bilan, o‘nta majlis bilan amalga oshib qolmaydi. Aynan shu yo‘nalishda ham kamchiliklarimiz juda ko‘p.

Vatanparvarlik, ma’naviyat, ma’rifat haqida ko‘p gapiramiz, azaldan shunday gapirib kelingan. Aholining haqiqatan qanchalik vatanparvarligi bo‘yicha solishtiradigan bo‘lsak, Angliya yoki AQShdan ancha orqadamiz.

Ko‘pchilik bu gaplarimdan xafa bo‘lishi mumkin. Oddiy bir misol keltiraman, butun dunyo AQShning mustaqillik kuni haqida biladi, bu sana ta’sirli «Mustaqillik kuni» blokbasterini tomosha qilganlarning yodida qolgan. Jahonda vatanparvarlikni mana shunday kreativ usullar bilan tatbiq qilishadi.

Yana bir misol, yurtimizda ham bir kichik bolakaydan so‘rasangiz, «Kapitan Amerikaman» deydi, nega «Kapitan O‘zbekman» demaydi?

O‘rtacha amerikalikning vatanparvarlik hissi o‘rtacha o‘zbekistonliknikidan kuchli bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, prezident maktablarining asosiy vazifalaridan biri – bu bitiruvchilarimizga nafaqat zo‘r bilim, balki ularga yaxshi tarbiya berish, mamlakatimizning kelajagiga o‘z hissasini qo‘shadigan mutaxassislarni yetkazishdir.

Bu oson bo‘lmaydi, shuning uchun yaqin orada bolalarimizni ma’naviy-ma’rifiy tarbiya qilish bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimiga e’lon ham bermoqchimiz. Vatanparvarlik tushunchasini kreativ, yangicha yo‘llar bilan singdira oladigan mutaxassislarni yig‘ib olishimiz kerak.

Shunaqa vaziyat bo‘lib qoldiki, oxirgi vaqtda internetdagi maqolalarni o‘qisangiz, ma’naviyat degan so‘zni salbiy ohangda tushunish darajasiga olib kelib qo‘yishdi.

Qani endi, mutaxassislar axborot texnologiyalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali yo‘lini topib, ma’naviyat va vatanparvarlikning asl mohiyatini yoshlarimizga tushuntira olishsa.

Ushbu tushunchalar yangicha talqinda prezident maktablarida qo‘llanilgach, boshqa maktablarga ham sekin-asta o‘tkaziladi».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sherzod Shermatov: «Ma’naviyat so‘zini salbiy tushunadigan darajaga olib kelib qo‘yishdi»