50/50 yoki biznesdagi tengsherikchilik: muvaffaqiyat kalitimi yoki rejalarning barbod bo‘lishi?

  • 29 sentyabr 2019, 21:20
  • 523
  • Jamiyat
  • 50/50 yoki biznesdagi tengsherikchilik: muvaffaqiyat kalitimi yoki rejalarning barbod bo‘lishi?
    Islom moliyasi telegram kanalida tadbirkorlik faoliyatidagi biznesdagi tengsherikchilik haqida maqola e’lon qilindi. Quyida o‘sha maqolani o‘qishingiz mukin.

    Mukammal dunyoda sherikchilikdagi biznes egalari, ya’ni hamkorlar o‘zaro biznes munosabatlarining har bir jihatini hisobga olib, hamma narsa haqida oldindan kelishib oladilar va buni hujjatlashtirib qo‘yadilar. Ammo biz yashayotgan olam mukammallikdan yiroq va bu biznesda ham o‘z aksini topadi. Tadbirkorlikka kirisharkanmiz sherigimiz bilan hamma masalalarni qog‘ozga tushirish u yoqda tursin, og‘zaki kelishuvni ham ortga suramiz va 50/50 deya boshlangan hamkorlik munosabatlarini boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yamiz.

    Odatda bunday tengsherikchilik do‘stlar yoki qarindoshlar o‘rtasida bo‘ladi. Aksariyat ishbilarmonlarning fikri shunday – eng qulayi ikki kishilik tengsherikchilik. Buning bir nechta sababi bor:
    - “bitta kalla yaxshi, ikkita kalla undan yaxshi”;
    - biznesga yakka kirishish xatarli, ikki kishi bo‘lsa harqalay xatar ham ikki baravar kamayadi;
    - har bir tomonning o‘z kuchli jixatlari bor (ya’ni bir tomon ikkinchi tomonni to‘ldirib turadi);
    - va eng muhimi biznesga tikiladigan mablag‘ har bir tomon uchun ikki barobarga kamayadi.

    Hamkorlarning do‘stligi yoki qarindoshligi ko‘ngilga taskin beradi – axir hammasini birodarlardek kelishib ketish mumkinda. Ayniqsa, mo‘ljaldagi loyihadan katta foyda kelishini tasavvur qilinsa bormi... xullas hammasi ajoyib.

    Ammo tez orada 50/50 uslubining barcha salbiy jihatlari bo‘y ko‘rsata boshlaydi. Misol uchun, do‘stlardan biri tavakkal qilishni xush ko‘radi, ikkinchisi esa, tabiatan ehtiyotkor, bir tomon oila quradi va ishga ko‘p vaqt ajrata olmay qoladi. Tabiiyki, ikkinchi tomonga ko‘proq yuk tushadi va albatta u bu holatni nohaqlik deb hisoblashni boshlaydi, asta-sekin uning bu ishga qiziqishi so‘nadi, ikkinchi tomon aravani bir o‘zi tortishiga to‘g‘ri keladi va hokazo.

    Keling, nafaqat biznesni, balki uzoq yillik qarindosh-urug‘chilikni ham barbod qilishga qodir ehtimoliy ziddiyatlarni birma-bir tahlil qilib chiqamiz:

    1. Vazifalar aniq bo‘lib olinmagan. Har ikki tomon “hamma ishlar” bilan baravar shug‘ullanib ketaveradi. Kim nima ish qilganini tayini bo‘lmaydi. Oxir-oqibat tomonlar biznesni rivojlantirishga emas, kim nima qilganini aniqlashtirishga ko‘proq kuch sarflashni boshlashadi;

    2. O‘rtadagi aylanma mablag‘dan shaxsiy maqsadlar uchun qancha ulush yoki qarz olish mumkinligi borasida ziddiyatlar kelib chiqadi;

    3. Hamkorlar kim ko‘proq, kim kamroq ish qilayotganligi haqida o‘zaro shubha-gumonlar to‘riga o‘ralib boradilar. Kimgadir sherigining oddiy xodim kabi oddiy ishlarga o‘ralashib qolgani yoqmasa, ikkinchisi do‘sti o‘zini rahbardek tutib, kundalik vazifalarni bajarmayotganidan xafa. Bir taraf biznes aynan uning g‘oyasi asosida tashkil topganiga amin bo‘lsa, ikkinchi sherik uning mehnatlarigina hamkorlikni saqlab turganiga ishonchi komil. Ayniqsa foydani taqsimlashda ziddiyat yaqqol yuzaga chiqadi va munosabatlarga darz ketadi;

    4. Masalaning ma’naviy jihatlari ham bisyor. Hamkorlardan biri ish rivoji uchun kimgadir pora berishni zarur deb hisoblasa, ikkinchisining vijdoni buni aslo qabul qila olmaydi. Kimdir qarz yoki kreditni ko‘proq olishni yoqlaydi, boshqa tomon esa kredit olish va foiz to‘lashga toqati yo‘q;

    5. Hujjat yuritishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yish, masalan hisobotlarda nimanidir (masalan qarzdorlar/nasiyaga mol olganlar, qilingan chegirmalar ro‘yxati va hokazo) qayd etmaslik tufayli hamkorlar o‘zlarining umumiy moliyaviy holatlarini to‘g‘ri baholay olishmaydi va shu tufayli to‘g‘ri qarorlar qabul qila olishmaydi, bu esa oxir oqibat tomonlar o‘rtasida turli tushunmovchilik va e’tirozlar tug‘ilishiga sabab bo‘ladi;

    6. Biznesdagi tengsherikchilik mulkka egalik hissini susaytiradi. Bir qarashda biznes egalari bordek, ammo ularning hech biri o‘zini yuz foiz mulk sohibi deb hisoblay olmaydi. Buning ortidan tomonlarda javobgarlik hissi ham kamayadi, mas’uliyatni his qilmaydigan bo‘lib qoladilar. Yuzaga kelgan vaziyat ishga salbiy ta’sir qilmay qolmaydi;

    7. O‘zaro kelishilgan biznes qaror qabul qilish (masalan mablag‘larni biror bir yangi biznes g‘oyani amalga oshirish kabi) juda og‘ir bo‘ladi yoki buni butunlay iloji bo‘lmaydi, chunki tomonlarning biznesdagi ulushi teng, biror jiddiy qaror qabul qilish uchun esa ikki tomonning roziligi kerak;

    8. Loyihani sotib yuborish ham oson emas. 50 foizli ulushni xarid qilishni ko‘pchilik xohlamaydi, sababi bu holatda biznesni to‘liq nazorat qilib bo‘lmaydi, buning ustiga biznesni bo‘lishning o‘zi ham oson emas, chunki bunda nafaqat o‘rtadagi mol-mulkni, balki shakllangan mijozlar bazasi, yo‘lga qo‘yilgan ishlar, xodimlar va brendni ham bo‘lish kerak bo‘ladi, biznes sotilishi darajasiga kelib qolgan ziddiyatli vaziyatda esa buni amalga oshirish g‘oyat mushkul;

    9. Bo‘linish jarayonida o‘rtada yig‘ilib qolgan boshqa muammolar ham yuzaga chiqadi.

    Xullas vaziyat asabi bo‘sh odam ko‘taradigan vaziyat emas.

    Agar siz yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan tengsherikchilik muammolaridan bittasiga bo‘lsa ham duch kelgan bo‘lsangiz yoki endi shunday tengsherikchilik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lib turgan bo‘lsangiz unda bizning sizga birinchi maslahatimiz – o‘zaro hamkorlik kelishuvi tuzing va bunda o‘zaro hamkorlikning eng muhim jihatlarini qog‘ozga tushiring. Boshida kelishuv qiyin bo‘ladi, ammo buni vaqtida qilmasangiz, ham biznesni, ham o‘zaro munosabatlarni xavf ostiga qo‘yasiz. Agar siz tadbirkorlik faoliyati bilan hech bo‘lmasa bir yil shug‘ullanagan bo‘lsangiz, unda sizning o‘zingizda ham bu borada ancha-muncha tajriba yig‘ilgan va siz nimalarga e’tibor qaratish kerakligi haqida tushuncha hosil bo‘lgan.

    Asosiysi vaziyatni shu holatda qoldirmang.

    Mana endi, tengsherikchilik bilan bog‘liq qiyin vaziyatlardan chiqishning bir qator usullarini taklif qilishga bizga ham ijozat bering:

    - o‘zaro ulushni 50/50 emas, 49/49 tarzda shakllantiring va qolgan 2 foizni har ikkingiz so‘zsiz ishonadigan biror insonga taqdim eting. Aynan o‘sha kishi sizlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan bahsli vaziyatlarda hakamlik qiladi;

    - biror tajribali va halol mutaxassisni boshqaruvchi sifatida yollang va bu insonning ovozi ziddiyatli vaziyatlarda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lsin. Albatta, bu yagona to‘g‘ri yechim emas (ayniqsa murakkab vaziyatlarda ehtiroslar junbushga kelishini hisobga olsak). Lekin aynan odil inson biznesni boshqarishiga erishing;

    - turli vaziyatlarda hakamlik qilishi mumkin bo‘lgan bitta yoki ikkita tajribali maslahatchi yollang (masalan moliya masalalari va/yoki biznes boshqaruv masalalari bo‘yicha). Lekin bu maslahatchilar kompaniya xodimlari bo‘lmasligi kerak;

    - sherigingizning ulushini sotib olishni iloji bo‘lsa shunday qiling (shunda barcha masalalarni o‘zingiz hal qilaverasiz). Balki sherik o‘z ulushining ma’lum qismini olib qolar, ammo asosiy masalalarda sizga qarshilik qila olmaydi.

    Bunday vaziyatga tushganlar yoki tushishi mumkin bo‘lganlar yuqoridagi yo‘llardan birini tanlashlari yaxshi naf beradi deb o‘ylaymiz. Endi ish boshlaganlar esa albatta batafsil yozilgan muassislik shartnomasini imzolashlari maqsadga muvofiq.

    O‘qib chiqqan bo‘lsangiz, kerakli xulosalar chiqaring.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » 50/50 yoki biznesdagi tengsherikchilik: muvaffaqiyat kalitimi yoki rejalarning barbod bo‘lishi?