16:37 / 24.02.2020
3 560

Tubanlik yoxud aybsiz go‘dak qismati...

Tubanlik yoxud aybsiz go‘dak qismati...
Avvalo bir holatga alohida urg‘u berishni istardik. Bu birinchi galda turmush o‘rtog‘i bilan ajrashib, aliment to‘layotgan otalarga tegishli. Aytmoqchimizki, aliment xotin uchun emas, o‘z pushti kamaringizdan bo‘lgan farzand uchun to‘lanadi.

Xotinga jahl qilib pul to‘lashdan bo‘yin tovlash, hiyla ishlatib farzandining haqini poymol qilish erkakning ishi emas. Alloh otalik baxti bilan siyladimi, bunga shukur qilib yashash kerak. Kelishmovchilik tufayli ajralishga to‘g‘ri kelsa, ota bo‘lmish alimentni o‘z vaqtida, chin dildan ado etishi lozim. Agar imkoni bo‘lsa, faqatgina aliment to‘lash bilan cheklanmay, farzandining boshqa ehtiyojlarini ham vaqtida qondirib, birovga muhtoj bo‘lishiga hojat qoldirmaslik kerak. Ammo, afsuski, oramizda otalik burchini bajarish o‘rniga jinoyatga qo‘l urgan kimsalar ham uchrab turibdi.
* * *
To‘ydan keyin bir oy ham o‘tmasdan ularning shirin turmushiga darz ketdi. Er bo‘lmish Ravshan (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) huda-behuda urush qiladigan, xotinining ota-onasi ajrashib ketganini yuziga soladigan bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay qo‘l ko‘tarishdan ham tap tortmadi. Rohila homilador bo‘lsa-da, barchasiga chidadi. O‘zi otasiz o‘sgani uchun farzandi ota mehridan mosuvo o‘sishini xohlamadi.

2018 yilning yozida o‘g‘illi bo‘lishdi. Ammo farzandning tug‘ilishi ham oilaga iliqlik olib kelmadi. Urush-janjallardan bezor bo‘lgan Rohila oxiri bolasini olib ota uyiga ketib qoldi. Biroz muddatdan so‘ng esa farzandining ta’minoti uchun aliment undirish maqsadida sudga ariza berdi. Sud uning da’vosini qanoatlantirdi va 2019 yilning aprel oyida farzandi uch yoshga to‘lguncha Ravshandan har oyda topgan daromadining 70 foizini aliment tariqasida to‘lab borishi haqida qaror chiqardi.

Aytmoqchi, «Gumon iymondan ayirar» deganlaridek, o‘sha kezlarda Ravshanda bola o‘ziniki emasligi haqida shubha paydo bo‘lgandi. Ustiga-ustak, unga aliment ham qo‘shilib, o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi. Shunday bo‘lsa-da, may oyida fuqarolik sudiga murojaat qildi va onasining ishtirokida haftaning shanba va yakshanba kunlari o‘g‘li bilan ikki soatga ko‘rishish tartibi belgilanishiga erishdi. Biroq farzandini ko‘rishga hech bir monelik bo‘lmagani holda, uning holidan xabar olishga unchalik oshiqmadi.

Faqat iyun oyiga kelibgina erta bilan qaynonasining ostonasida paydo bo‘lgan Ravshan xotinini chaqirib, uni bolasi bilan aylantirib kelmoqchiligini aytgan edi, Rohila uyda ishlari ko‘pligi tufayli rozi bo‘lmadi. Shunda Ravshan nonushta qilmaganini aytib, bir piyola issiq choy olib chiqib berishini iltimos qildi. Rohila choy olib chiqqanda esa ota-bola g‘oyib bo‘lishgan edi.

Ona boyaqish avvaliga nima qilishini bilmay qoldi. U yoq-bu yoqqa yugurdi, ular ko‘rinishmagach, shosha-pisha qaynotasiga qo‘ng‘iroq qildi. Keyin MFY raisi bilan profilaktika inspektoriga voqea haqida xabar berdi…

Bu paytda Ravshan hali bir yoshga ham to‘lmagan o‘g‘ilchasini ko‘targancha Shimoliy Farg‘ona kanali tomon yo‘l olgandi. Shu tobda uning xayolidan nimalar kechgani faqat o‘ziga va Allohgagina ayon. Kanalga yetib kelgach esa to‘satdan nimalar bo‘layotganini idrok etishga-da ojiz go‘dakni suvga otib yubordi. Mavjlanib oqayotgan suv zumda bolani domiga tortib ketdi…

Ko‘p o‘tmay farzandining guldek umriga zomin bo‘lgan Ravshan otasi bilan Namangan shahar ichki ishlar boshqarmasiga bordi va aybiga iqror bo‘lib, bor gapni aytib berdi.
* * *
Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati sudi Ravshan Toirovga 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Shuningdek, tayinlangan jazoning dastlabki ikki yilini turma rejimida, qolgani qismini umumiy tartibdagi koloniyalarda o‘tashi belgilandi.

Lazizjon BARAKAYEV,
Bosh prokuratura boshqarma katta prokurori

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tubanlik yoxud aybsiz go‘dak qismati...