Islom Karimov tutgan kundalik (3 qism)

  • 06 sentyabr 2016, 12:19
  • 7 568
  • O‘zbekiston
  • Islom Karimov tutgan kundalik (3 qism)

    O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim dilbar va dilkash inson. Hazil mutoyibaga usta bo‘lish bilan birga, jiddiy va siyosiy mavzularda ham yuksak saviyada fikrlaydi. Usmon aka Islom Karimov haqida gapirib bergan voqea hech qachon xayolimdan ketmaydi:

    “- U paytlarda Prezident Devonining yoshlar masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi lavozimida ishlardim. Bir kuni Islom aka huzurlariga chaqirib qoldilar. Xonalariga asta kirib bordim. – Kel,-dedilar. Ko‘rsatilgan stulga o‘tirdim. – Choy ichasanmi?-dedilar. Nima deb javob berishni bilmay dovdirab qoldim. Ammo ovozlaridagi mehribonlikni payqab dadillandim va : -Kim ham Prezidentning qo‘lidan choy ichgisi kelmaydi, — dedim. Prezident yumshoq tabassum bilan choy uzatdilar. Choyni olayotib, qo‘llari biroz qaltirayotganligini sezdim va nega bunday bo‘layotganligini o‘ylay boshladim. Islom akaning shunday xislati bor edi-ki, qarshisidagi odam nimani o‘ylayotganini bilib turardi. Shuning uchun uncha-muncha odam u kishining qarashlariga dosh berolmasdi.

    Prezident yoshlar masalasi bo‘yicha topshiriqlar bergach, gap orasida to‘xtab, — Usmon, men Xudoga nima yomonlik qildim,-dedilar. Shu zahoti, “ Islom aka, siz Xudoga hech qanday yomonlik qilganingiz yo‘q, Xudo sizni yaxshi ko‘radi. Agar yaxshi ko‘rmasa sizni Prezident qilib saylarmidi, Xudo sizga mehribon, siz Xudoning sevgan bandasisiz, Xudo sizni hamisha o‘z panohida asrab kelgan, bundan keyin ham asrasin, siz Xudoning erdagi soyasisiz,” degan fikrlar boshimda g‘ujg‘on aylana boshladi. Ammo, ovoz chiqarib bu so‘zlarni aytaolmasdim. Prezidentning so‘zini bo‘lishga hech kimning haddi sig‘masdi. – Qara, qo‘lim qaltirayapti. Bilasanmi, bu nimadan nishona ! Bu degani erta-indin shu yaqin atrofda zilzila bo‘ladi, degani. Qaysi gunohim uchun Xudo xalqimni boshiga bu ofatni yuborayapti. Ayt, nima qilishim kerak. Bu ofatni qanday to‘xtatish mumkin. Qancha yalinib yolvoray !? Ayt, hammasini bajarishga tayyorman. Mana shu xalq, mening aziz xalqim sog‘-salomat yashasa bo‘ldi. Agar shu xalqning omonligi uchun jonim kerak bo‘lsa, jonimni berishga tayyorman, faqat shu xalq tinchlikda, farovonlikda hayot kechirsa bo‘ldi. Ikki kundan buyon kechalari uxlamay yurtimizni, jonajon Vatanimizni omonlikda hayot kechirishini so‘rab, Xudoga yolvorib chiqayapman. Zora, iltijolarim qabul bo‘lsa ! Qo‘limdagi qaltiroq ancha kamaydi, ammo to‘xtagani yo‘q”,-dedilar.

    Men, Prezidentga javob berishga holim yo‘q, badanimdan suv-suv ter oqar, ilohiy qudratli kuchning qarshisida turganday ojiz edim. O‘sha kuni xonadan behol chiqib ketdim va Xudo bekorga bu odamni podsho qilib saylamaganiga yaqqol iqror bo‘ldim. Islom Karimovda, haqiqatdan ham biz oddiy fuqarolarda bo‘lmagan ilohiy kuch, ilohiy qudrat bor edi. Xudo bergan mana shunday ilohiy salohiyat, ilohiy tanlov bo‘lmas ekan, podsho bo‘laman deb yugurish befoyda. Prezidentni odamlar saylamaydi, avvalo Xudo saylaydi, odamlar Xudo saylaganni saylaydi.

    Ikki kundan keyin Islom Karimov aytgan voqea ro‘y berdi. Angren yaqinidagi Jigariston qishlog‘i o‘pirilish ostida qoldi, bu ofatga katta talafotlarsiz barham berildi. Aslida, bundan ham dahshatlirog‘i ro‘y berishi mumkin edi !”
    Usmon aka shunday deya xikoyalarini tugatgan edilar.
    (Islom ota! Joyingiz jannatdan bo‘lsin ! Biz sizdan rozimiz, Siz ham bizdan rozi bo‘ling! Omiyn !)

    Shoir, Muhammad Ismoil

    Manba: diydoraziz.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Islom Karimov tutgan kundalik (3 qism)