19:22 / 14.08.2017
10 324

Bolalar bog‘chalariga qabul - 3 yoshdan

Bolalar bog‘chalariga qabul  - 3 yoshdan
Vazirlar Mahkamasining 19.07.2017 yildagi 528-son «Maktabgacha ta’lim muassasalarining faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi.

Hujjat bilan maktabgacha ta’limga taalluqli bo‘lgan 4 ta nizom tasdiqlandi, deb xabar berdi Norma.

Davlat maktabgacha ta’lim muassasasi to‘g‘risida nizom

Maktabgacha ta’lim muassasasining maqsadi quyidagilardir:
  • bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish;
  • ta’lim-tarbiya berish orqali bolalarni maktab ta’limiga sifatli tayyorlash;
  • bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish.

Maktabgacha ta’lim muassasasida 5 kunlik ish haftasi1 uchun, qoidaga ko‘ra, bolalarning quyidagi muddatda bo‘lishi joriy etiladi:
  • 12 soat;
  • 10,54 soat;
  • 9 soat;
  • 4 soat.

Davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga 3-7 yoshdagi bolalar qabul qilinadi (ilgari ushbu yosh 2-6 yoshni tashkil etar edi, ba’zi holatlarda 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning qatnashiga yo‘l qo‘yilardi).

Bolalarni qabul qilish uchun qabul komissiyalari tuziladi. Mazkur komissiyalar 5 nafar a’zodan iborat bo‘ladi:
  • qabul komissiyasi raisi — xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limi mudiri;
  • qabul komissiyasi a’zolari — davlat maktabgacha ta’lim muassasasi mudiri, metodisti va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi vakili.
  • qabul komissiyasi kotibi — xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limining maktabgacha ta’limi bo‘limi mutaxassisi.

Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
  • davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish bo‘yicha yo‘llanma berish to‘g‘risida ariza;
  • bolaning tug‘ilganligi haqidagi guvohnomasining nusxasi;
  • bolaning otasi yoki onasining pasporti nusxasi;
  • yashash joyidan ma’lumotnoma;
  • ota-onasining ish joyidan ma’lumotnoma (agar ishlasa).

Taqdim etilgan hujjatlar qabul komissiyasi tomonidan 7 kun muddatda ko‘rib chiqilib, quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
  • bolani ota-onalar tomonidan yozilgan arizada ko‘rsatilgan maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish uchun yo‘llanma berish to‘g‘risida;
  • ota-onalar tomonidan yozilgan arizada ko‘rsatilgan davlat maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘sh o‘rin bo‘lmagan hollarda topshirilgan hujjatlarni navbatga qo‘yish to‘g‘risida;
  • ota-onalarning xohishiga ko‘ra boshqa maktabgacha ta’lim muassasasiga yo‘llanma berish to‘g‘risida.

Qabul komissiyasining qarori haqida 3 kun muddatda ariza beruvchilarga ma’lum qilinishi kerak.

Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi to‘g‘risida nizom

Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari ham davlat maktabgacha ta’lim muassasalari singari maqsadlarni bajaradi.

Mazkur muassasalar belgilangan tartibda lisenziya olgan paytdan boshlab ta’lim faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi. Qonunchilikka muvofiq, nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini akkreditasiya qilish vakolatli davlat organi tomonidan attestasiya asosida amalga oshiriladi. Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasining ish tartibi va bolalarning muassasada bo‘lish vaqti muassasa ustavi hamda muassisning qarori bilan belgilanadi. Qisqa muddatli guruhlar uchun 4 soatli ish tartiblari belgilandi.

Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasiga bolalarni qabul qilish tegishli tibbiy xulosa asosida amalga oshiriladi. Bolalarni qabul qilish va ularni chiqarish tartibi nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasining ustavi bilan belgilanadi (nizomda bolalarni qabul qilish va chiqarishning eng past va eng yuqori yoshiga nomativ tarzda belgilanmagan - tahr.).

Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha ta’lim muassasasi to‘g‘risida nizom

Ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasi ta’lim-tarbiya berish, korreksion-pedagogik va davolash-sog‘lomlashtirish faoliyatini olib boruvchi muassasa hisoblanadi.

Mazkur muassasalar muassis tomonidan tashkil etiladi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Bunday muassasalarni tashkil etish uchun xalq ta’limi hamda sog‘liqni saqlash hududiy organlari ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etish mo‘ljallanayotgan hududdagi oxirgi 5 yil davomida 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida tegishli nuqsonlarning ko‘payganligi haqida zarur ma’lumotlarni to‘playdi.

Ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalari ularning ixtisoslashuviga ko‘ra 6 turga bo‘linadi. Bolalar bunday muassasalarga tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyalarning xulosasi asosida ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar roziligi bilan qabul qilinadi.

Maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilarining sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishini tashkil etish to‘g‘risida Nizom

Mazkur nizom talablari barcha turdagi maktabgacha ta’lim muassasalariga nisbatan tatbiq etiladi. Tarbiyalanuvchilarning ovqatlanishini tashkil etish sanitariya talablari va normalari, gigiena normativlariga asosan va tegishli shart-sharoitlar yaratilgan holda amalga oshiriladi.

Maktabgacha ta’lim muassasalarida oziq-ovqat mahsulotlari va taomlarni o‘rganish bo‘yicha brakeraj komissiyasi tashkil etiladi. Brakeraj komissiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi mudirning buyrug‘i har yili qabul qilinadi. Maktabgacha ta’lim muassasasi hamshirasi mazkur komissiyaning raisi bo‘ladi. Komissiyalar oshxonaga qabul qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyorlanayotgan taomlar sifatini doimiy ravishda o‘rganib boradi. O‘rganish natijalari brakeraj daftarida qayd etilishi kerak.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Bolalar bog‘chalariga qabul - 3 yoshdan