21:21 / 08.05.2024
486

AQSH elchisi: “O‘zbekiston prezidenti aql bovar qilmaydigan ishlarni amalga oshirdi”

AQSH elchisi: “O‘zbekiston prezidenti aql bovar qilmaydigan ishlarni amalga oshirdi”
AQSH elchisi Jonatan Henik CNN muxbiri Richard Kvestga bergan intervyusida O‘zbekiston bilan o‘zaro aloqalar, geosiyosiy vaziyat va mamlakatdagi o‘zgarishlar haqida fikr bildirdi.

“O‘zbekiston juda strategik qulay geografiyaga ega. O‘zbek do‘stlarimiz ta’kidlaganidek, bu juda qiyin hudud. Shimolda Rossiya, boshqa tomonda Xitoy, Afg‘oniston, Eron, dengizga chiqish uchun ikki mamlakat hududini bosib o‘tish kerak. Shunday bo‘lsa ham, tarixan bu hudud asosiy savdo yo‘lining markazi bo‘lgan, tabiiy resurslar, muhim minerallar, energiya resurslariga juda boy. Albatta, butun mintaqani inobatga oladigan bo‘lsak, AQSH uchun strategik jihatdan juda muhimdir.

— Xo‘sh, bu holatda qanday qilib merkantil yondashuvni chetlab o‘tish mumkin? AQSH nodir yerosti boyliklariga qiziqadi, u Xitoyni ortda qoldirmoqchi, shuning uchun O‘zbekiston bilan yaxshi munosabatda bo‘lishga intilmoqda, degan tasavvur paydo bo‘lmaydimi?
Henik
: Menimcha, bizning siyosatimiz hech qachon bunday bo‘lmagan. Aytmoqchimanki, biz noyob yerosti elementlari hech bir davlat tomonidan bloklanmaganiga va global foydalanish uchun, rivojlanish maqsadlarida ularni sotib olishni istaganlar uchun ochiq ekaniga ishonch hosil qilmoqchimiz.

Oxir-oqibat, bu borada O‘zbekistonning o‘z mas’ul tashkiloti bor. Biz esa O‘zbekistonga tanlash huquqini bermoqchimiz. Shunday qilib, strategik tuzilmani bir oz kengroq sharhlaydigan bo‘lsak, O‘zbekiston o‘z munosabatlarini diversifikatsiya qilishni xohlashini ma’lum qilgan.

O‘z tarixining ko‘p qismida ular u yoki bu millatga haddan tashqari qaram bo‘lib kelganlar va so‘nggi bir necha yil ichida ular nafaqat Qo‘shma Shtatlar, balki Yevropa Ittifoqi, Koreya, Turkiya va boshqa davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilashga intilishmoqda. AQSH O‘zbekistonning hamkorlaridan biri bo‘lishni istaydi.

— Ammo siz Rossiya, Ukraina, AQSH, Xitoy kabi davlatlar o‘rtasidagi tarang vaziyat paytida O‘zbekiston orbitaga tushib qolishidan, strategik ibora bilan aytganda, o‘zingiz istamagan davlatlar orbitasiga tushib qolishidan qo‘rqasizmi?
Henik
: Bizning siyosatimiz O‘zbekiston mustaqilligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlashdir. O‘zbekiston esa biror-bir davlatga qaram bo‘lsa, mustaqil va suveren bo‘la olmaydi. Shubhasiz, biz O‘zbekistonda tanlov imkoniyati bo‘lishini afzal ko‘ramiz va biz ham shunday tanlov variantlaridan biri bo‘lishni xohlaymiz.

— Muammolarga nazar tashlansa, islohotlar amalga oshirilayotganini ko‘rish mumkin. Prezident islohotni ortga qaytarib bo‘lmaydi, dedi. Uning bu gaplarini eshitgansiz.
Henik
: Ko‘p marta.

— Unga ishonasizmi?
Henik
: Men u bu gapga ishonishiga ishonaman. Va men ishonamanki, u mamlakat rivoji uchun o‘z qarashlariga mutlaqo sodiqdir. Prezident bu yerda aql bovar qilmaydigan ishlarni amalga oshirdi. Aytmoqchimanki, agar biz bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish, valyuta konvertatsiyasini ochish, tariflarni muntazam ravishda kamaytirib borishni ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, u haqiqatan ham O‘zbekistonni chet el investitsiyalari uchun yanada jozibador qildi.

Lekin, menimcha, siz ham, men ham tarixdan shuni yaxshi bilamiz, bu narsalarni yana ortga qaytarish mumkin. Shunday ekan, O‘zbekiston bu yo‘lda qat’iy ketayotganiga to‘liq ishonch hosil qilishdan oldin, menimcha, yanada ko‘proq ish amalga oshirilishi kerak.

— O‘zbekistonda sizga ko‘proq nima yoqadi? Chunki siz juda tajribali diplomatsiz va ko‘plab murakkab lavozimlarda ishlagansiz, shunday emasmi?
Henik
: Ha, shunday.

— Hozir egallab turgan lavozimingiz ham oson emas, lekin nisbatan yengilroq. Bu yerda sizga nima yoqadi?
Henik
: Bu professional diplomat uchun orzudagi vazifa. Madaniy jihatdan har kun juda qiziqarli o‘tadi. Munosabatlarimiz yaxshi va yanada yaxshilanib borayotgan bir paytda bu yerda bo‘lganimdan baxtiyorman, bu narsani har doim ham nazorat qila olmaysiz. Men Vashingtondan juda yaxshi sog‘lom masofaga egaman, bu menga ma’lum darajadagi mustaqillikni beradi va bu kasbiy qoniqish taqdim etadi. Lekin, ehtimol, eng muhimi, bu AQSH uchun milliy xavfsizlik manfaatlari nuqtayi nazaridan muhim bo‘lgan mamlakat. Va shuning uchun men vazifam nima ekanligini tushunib, ishim naqadar muhimligini his qilib har kuni ishga kelaman.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » AQSH elchisi: “O‘zbekiston prezidenti aql bovar qilmaydigan ishlarni amalga oshirdi”