O‘zbekistonda 20 mingdan ziyod fuqaro «maxsus hisoblar»dan chiqarildi

  • 8-12-2018, 17:51
  • 1 165
  • O‘zbekiston
  • O‘zbekistonda 20 mingdan ziyod fuqaro «maxsus hisoblar»dan chiqarildi
    «O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida 7 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’ruza qildi.

    Davlat rahbarining ta’kidlashicha, keyingi ikki yilda sudlar mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha ham muhim choralar ko‘rildi. Joriy yilning o‘zida 1 ming 881 ta jinoyat ishi dalillar yetarli bo‘lmaganligi sababli tugatildi, sudlar tomonidan 590 nafar shaxs oqlandi.

    «Shuningdek, 5 ming 462 nafar shaxsga nisbatan tergovda asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi, 2 ming 449 nafar shaxs esa sud zalidan ozod qilindi.

    Sudlarda ishlarni yillar davomida qayta-qayta ko‘rish amaliyotiga butunlay chek qo‘yildi.

    Insonparvarlik tamoyili asosida mutlaqo yangi amaliyot joriy etilmoqda. Buning natijasida jinoyat yo‘liga adashib kirib, qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lgan 993 nafar fuqaro, jumladan, 456 nafar yigit-qiz hamda 113 nafar ayollar Yoshlar ittifoqi, mahallalar va xotin-qizlar qo‘mitalarining kafilligi bilan jazodan ozod qilindi.

    Shuningdek, jazoni o‘tayotgan 3 ming 333 nafar, jumladan, faoliyati man etilgan tashkilotlarga kirib qolgan 646 nafar mahkum afv etilib, oilasi bag‘riga qaytarildi.

    Ulug‘ bayram – Konstitutsiya kuni munosabati bilan bugun maxsus Farmonni imzoladim. Unga ko‘ra, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan va ayni paytda ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan 136 nafar shaxs afv etildi.

    Bir paytlar diniy ekstremistik guruhlarga aloqasi bor, deb nazoratga olingan 20 mingdan ziyod fuqaro “maxsus hisoblar”dan chiqarildi», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

    » » O‘zbekistonda 20 mingdan ziyod fuqaro «maxsus hisoblar»dan chiqarildi