18:02 / 07.03.2019
5 593

Muborakda maktab oʻquvchilari majburiy mehnatga jalb etilmoqda...(mi?)

Muborakda maktab oʻquvchilari majburiy mehnatga jalb etilmoqda...(mi?)
Muborak tumaniga kiraverishda “Xitoy-Qoraqum” hududi bor. Bu yerdagi 3 ta qishloq aholisining zich joylashuviga qarab 4 ta umumtaʼlim maktabi faoliyat yuritadi. Lekin masala bu emas, asosiy masala mazkur maktablardagi ayanchli ahvol. Biz shu hududda xizmat safarida boʻlganimizda soat 16:30 da ham mazkur maktab ertalabki (smena) oʻquvchilarining uylariga javob berilmagani, tushlik ham qilmay sinf xonalar hamda faollar zalida kutib turishganini eshitib qoldik.

Buning sababi bilan qiziqqanimizda bu tuman hokimining ijtimoiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Toʻlqin Boʻriyevning talabi ekanligini, oʻrinbosar kelgach oʻquvchilarga uyga ketishlari uchun ruxsat berilishini maktab direktorlari aytib oʻtishdi. Masala nima haqida ekanligini bilmadig-u, ammo hatto 18:30 da ham kunning sovugʻiga qaramay oʻquvchilarga javob berilmaganini surishtirib bildik.

Ajabo, masala mohiyati shu qadar dolzarb ekanki, hokim oʻrinbosari ertalabdan kechga qadar (oʻzining kelish-kelmasligi muammo hali) oʻquvchilarni sababsiz olib oʻtirishlarini buyursa?

MЕHNATMI yoki JISMONIY TARBIYA?
Hududdagi 7-umumiy oʻrta taʼlim maktabiga kiraverishda qiziq holatga duch keldik. Maktabning kattagina oʻyingohi atrofidagi ariqlar tozalanib, ajriqlar chopiq qilinayapti. Ammo, ertalabki soat 10:10 lar atrofida bu ishlar maktabning 7-sinf oʻquvchilarining ishchi kuchi orqali amalga oshirilayapti. Qiziqsinib, oʻquvchilar oldiga borarkanmiz, qoʻlini choʻntagiga tiqib, bolalarga “ish oʻrgatayotgan” oʻqituvchi keyinroq aniqlanishicha u maktabning (mehnat taʼlimi fani oʻqituvchisi Behzod Joʻrayev ekan) oʻquvchilarga qoʻllaridagi belkuraklarni yerga qoʻyib, futbol oʻynashlarini buyurdi. Oʻzi esa qoʻliga belkurakni olib ishga kirisha boshladi. Vaziyatni tushunmagan oʻquvchilar esa bizning savollarimizga bolalarcha soddalik bilan javob berishdi. Yaʼni ularning soʻzlariga qaraganda ertalab maktabga kelishganidan buyon ariq kavlab, ajriq tozalashgan. Oʻqituvchisi esa berilayotgan izohga lom-mim deya olmadi. Faqatgina hozir mehnat fani ekanligini aytgan Behzod Joʻrayev bizga bugungi dars mavzusini ham, dars bayonnomasi (konspekt)ini ham koʻrsata olmadi. Ajabo, bir vaqtning oʻzida 2 xil dars oʻtish bu haqiqiy INNOVATSIYA. Faqat noodatiy va oʻquvchini majburiy mehnatga jalb qiladigan innovatsiya xolos.

HAR KUN DAVOM ETAYOTGAN SHANBALIK
Holat boʻyicha izoh soʻraganimizda maktab direktori Ixtiyor Usmonov doimgi “yigʻilishlardan birida” ekanligini maʼlum qilishdi. Bizga maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Xasan Eshmamatov shunday izoh berdi:

-Xoʻsh, nima qilibdi, shunga? Oʻqituvchi oʻquvchilarga hayot qoʻynida dars berayapti. Axir hozir jismoniy tarbiya darsi boʻlsa, biroz chigil yozdi mashqida buyam. Biz har doim shunaqa qilamiz. Oʻquvchilarimiz baraka topishsin, mehnatkash. Hashar yoʻli bilan har kuni shanbalik uyushtiramiz.

Qoyil, demak, direktor oʻrinbosarining oʻzi ayni damda qaysi fan oʻtilayotganini bilmaydi. Buning ustiga 7-maktabning hamma oʻquvchilari har kuni shanbalik qilishar ekan. Nima ham derdik, taʼlim-tarbiya shu usulda olib borilishi anʼanaga aylangan maktab oʻquvchilarining bilim darajasi ham shunga yarasha boʻlsa kerak-da.

“OLMAZOR” NING BЕFARQ RAISI
Barchamizga maʼlumki, mamlakatimizda “maktab-mahalla-oila” uchligi bu yurtimiz taʼlim tizimidagi dunyo havas qilsa arzirli jihatlardan biri sanaladi. Yuqorida koʻrgan holatimizda esa 7-maktabning shundoqqina yonida joylashgan “Olmazor” MFY joylashgan boʻlib, mahalla raisi voqeaga bevosita guvoh boʻlib turganligini, buning ustiga boshqa oʻquvchilarning ham nega dars paytida koʻchada yurishganiga befarq qarab turganini koʻrib, savol bilan yuzlandik. Afsuski, oʻzini Sirojiddin Nuranov deb tanishtirgan mahalla raisining hasratidan chang chiqadi.

- Oʻzi ishim koʻp, bu yoqda hatlov, bu yoqda yigʻilish, bu yoqda bahor kelayapti obodonlashtirish ishlari degandek. Men bir oʻzimman, maktabda shuncha oʻqituvchi bor-ku, ular nima qiladi qaramay,-degancha indamay turavergach, uning befarq, beparvo va masʼuliyatsiz kishi ekanligiga amin boʻldik.

BOʻM-BOʻSh MAʼNAVIYAT XONASI
Shu hududdagi 8-oʻrta umumtaʼlim maktabi haqida avval ham tanqidiy maqola berilgan edi. Oradan bir yil oʻtib ham maqolada koʻrsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmaganini koʻrib, rosti hayron qoldik. Oʻtgan gal eʼlon qilingan maqolada mazkur hududdagi birorta ham taʼlim dargohining rahbarlarini uchrata olmagandik. Bu safar ham xuddi shu “anʼanaga” rioya qilindi. Yaʼni maktab direktori Xolboʻta Chorshanbiyev qonuniy mehnat taʼtilida ekan. Biz maktabning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Sardor Aynazarov bilan suhbatlashdik. Maktabning maʼnaviyat xonasi xuddi taʼmirlashga tayyorlanayotgan xonadek tasavvur uygʻotadi, kishida.

Qiziqsinib Sardor Aynazarovdan devorda osigʻliq turgan “Maʼnaviyat posbonlari” (stendi)dagi soʻzning maʼnosini soʻraganimizda, pedagogning tagʻin, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarining yelka qisishidan yana bir bor hayratga tushdik. Eng qizigʻi esa, maʼnaviyat xonasida maʼnaviyatga aloqador savollarning ochiq qoldirilishi hafsalamizni pir qildi. Nega maʼnaviyat xonasi bu ahvolda degan savolimizga oʻrinbosar:

- Biroz eʼtiborsizlik qilingan, xudo xohlasa bu kamchiliklarni bartaraf etamiz,-deb javob berdi. Milliy timsollarimiz, buyuk allomalarning suratlari va taʼlimga oid ayrim qonun hujjatlarining ham betartib va qarovsiz holda tashlab qoʻyilgani haqidagi savolimizga ham javob ololmadik.

MILLATCHILIKDAN BЕZGAN MAKTAB VA HAMMASIGA “BALOGARDON” KASABA UYUSHMA RAISI
Xalqimizda ajoyib naql bor. Chumchuq soʻysa ham, qassob soʻysin. Ayni maqolamiz orqali bu soʻzlarni 29-oʻrta umumtaʼlim maktabining bir guruh oʻqituvchilari va oʻzini maktabning kasaba uyushma qoʻmitasi raisi deb tanishtirgan huquqshunoslik fani oʻqituvchisiga tegishli. Xuddi 7-maktabdagi kabi holat bu yerda ham mavjud. Bugun ota-ona ertalabdan farzandini maktabga ilm olish uchun ketganiga ishonchi komil. Ammo, afsuski kunning deyarli yarmini shu dargohda oʻtkazayotgan bolaning kelajagi va xavfsizligi uchun javobgar shaxsning oʻzi boʻlmasa gʻalati emasmi? Tagʻin, hududdagi “eng namunali maktab” deb yuritiluvchi taʼlim maskanining ahvoli shu boʻlsa?

Bir necha yildan buyon “Sen Xitoydansan – men Qoraqumdan” degan oʻzaro tortishuv oqibatida 6-oʻrta umumtaʼlim maktabi guyoki “millatchilar markazi” ga aylanib qolgandek. Oʻqituvchilar ham 2 guruhga boʻlinib olishgan. Maktabga 2 yil ichida 6 marotaba rahbar almashganidan ham bu yerda muhit sogʻlom emasligini anglash qiyin emas. Ayni damdagi asablari “beton” maktab direktori Ziyodulla Zokirov ham vaziyatni oʻnglashga qurbi yetmasligini tan olmoqda.

Xoʻsh, taʼlimchi? Tarbiyachi? Bugun oʻzi tarbiyaga muhtoj pedagog qanday qilib yosh avlodni toʻgʻri fikrlashga, dunyoqarashini kengaytirishga hissa qoʻsha oladi? Oʻylaymizki, bu borada Qashqadaryo viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi yangi rahbariyati va tuman hokimligi jiddiy mulohaza qilib koʻrishadi.
Muqaddas ISMOILOVA

Tahririyatdan: Nashr fikri bilan maqola muallifining fikri mos kelmasligi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Muborakda maktab oʻquvchilari majburiy mehnatga jalb etilmoqda...(mi?)