20:48 / 13.03.2019
4 371

Oʻzbekiston aeroportlari Boeing 737 Max samolyotlari uchun yopilmoqda

Oʻzbekiston aeroportlari Boeing 737 Max samolyotlari uchun yopilmoqda
13 mart kunidan Oʻzbekiston hududidagi aeroportlar Boeing 737 Max 8 va 737 Max 9 tipidagi havo laynerlarini qabul qilmaydi. Bu haqida telegramdagi AviaSpotter kanali xabar berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi parvozlar xavfsizligini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi maʼlumotiga koʻra, Boeing 737 Max 8 va 9 rusumidagi samolyotlarning Oʻzbekiston hududidagi parvozlari vaqtincha toʻxtatilgan. Ushbu rusumdagi samolyotlarning Oʻzbekiston boʻylab parvozlari butunlay toʻxtatilishi boʻyicha uzil-kesil qaror qabul qilish borasida tahlil va tekshiruv jarayoni ketmoqda.

Eslatib oʻtamiz, 10 mart kuni Efiopiyada Boeing 737 Max 8 samolyoti halokatidan soʻng oʻnta mamlakatdagi aviakompaniyalar ushbu turdagi samolyotlar xizmatidan voz kechdi. Xususan, Braziliya, Argentina, Xitoy, Singapur va Janubiy Koreyada Boeing 737 Max 8ʻdan foydalanish toʻxtatildi.

Koʻp oʻtmasdan, Yevropa Ittifoqining Aviatsiya xavfsizligi boʻyicha agentligi (EASA), Hindiston va Rossiyaning S7 aviakompaniyasi ham Boeing 737 Max samolyotlari parvozlarini toʻxtatdi.

Bir necha soat oldin FlyDubai aviakompaniyasi ham Toshkent-Dubay, Dubay-Toshkent yoʻnalishlaridagi parvozlarda ushbu rusumdagi samolyotlardan foydalanishni toʻxtatgani toʻgʻrisida xabar berilgandi.

Dunyo boʻyicha AQSHning American Airlines, Southwest Airlines va Kanadaning Air Canada, WestJet aviakompaniyalari Boeing 737 Max samolyotlaridan foydalanishda davom etmoqda.

AQSH Federal aviatsiya boshqarmasining (FAA) maʼlum qilishicha, senatorlar va kasaba uyushmalari tomonidan ortib borayotgan eʼtirozga qaramay Boeing 737 Max avialaynerlari parvozi davom etadi.

Maʼlumot uchun, dunyo boʻylab Boeing 737 Max oilasiga mansub samolyotlar parvozi toʻxtatilishi va qabul qilinmayotganiga ushbu rusumdagi samolyotlar ishtirokida ketma-ket halokatlar roʻy bergani sabab boʻldi.

10 mart kuni Ethiopian Airlines aviakompaniyasining Efiopiya poytaxti Addis-Abebadan Keniya poytaxti Nayrobi tomon uchgan Boeing 737 Max 8 samolyoti Efiopiya poytaxtidan 60 km sharqda halokatga uchradi. Aviahalokatda 35 davlatning 157 fuqarosi halok boʻlgan.

2018 yilning 29 oktabr kuni Lion Air kompaniyasiga tegishli Boeing 737 Max 8 samolyoti Jakartadan parvoz qilib, Yava dengiziga qulagandi. Buning oqibatida bortdagi 189 kishi halok boʻlgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Oʻzbekiston aeroportlari Boeing 737 Max samolyotlari uchun yopilmoqda