20:36 / 23.10.2018
1 787

Messidan Lopetegi uchun navbatdagi tuhfa

Messidan Lopetegi uchun navbatdagi tuhfa
Argentinalik hujumchi «Sevilya»ga qarshi uchrashuvda olgan jarohati tufayli uch haftani maydondan tashqarida o‘tkazadi. Shu sababli u keyingi hafta bo‘lib o‘tadigan «Real»ga qarshi derbini ham o‘tkazib yuboradi.

Xulen Lopetegi uchun bu vaziyat chiqish yo‘li bo‘lishi mumkin. Lopetegi so‘nggi haftalarda «qora kunlar»ni boshidan kechirmoqda. Uning jamoasi yaratilgan vaziyatlarni golga aylantira olmayapti, yetakchi futbolchilar jarohat olgan, butun dunyo unga qarshi.

Ammo u yakshanbaga qadar klub boshqaruvida qoladigan bo‘lsa Messining yo‘qligi 52 yoshli murabbiyga hayotda qolish uchun ajoyib imkoniyat bo‘lishi mumkin. Chunki «Barselona» bir kishidan iborat jamoa bo‘lmasada, Messisiz klubning ahvoli ancha qiyinlashib qoladi.

«Sevilya»ga qarshi o‘yinda ham buning guvohiga aylandik. Pablo Machin shogirdlari Messi jarohat olgunicha ikki gol hisobida ortda qolayotgandi. Argentinalik daho dastlab Filippe Koutinoga assistentlik qilgan bo‘lsa, ikkinchi golga o‘zi mualliflik qilib qo‘ya qoldi. U o‘yinni erta tugatganidan keyin raqib jamoa shturmni kuchaytirdi va ikki gol urishga ham erishishdi. Ammo bu yakunda g‘alabaga olib kelmadi.

«U hammasini qilib bo‘lgandi. 15 minut ichida u o‘yin taqdirini hal qilib bo‘lgandi» – dedi Machin o‘yindan keyin Messi haqida gapirarkan.

Messisiz qolgan kataloniyaliklarni esa germaniyalik darvozabon Mark-Andre Ter Shtegen qutqarib qoldi. U ikki marta dubl seyvni amalga oshirib muxlislarning olqishiga sazovor bo‘ldi. Garchi g‘alabani ushlab qolgan bo‘lsada, Messisiz qolgan «Barsa» o‘zgacha o‘yin namoyish qildi.

«Biz ozgina konsentratsiyani yo‘qotdik» – dedi Ernesto Valverde. «Uni sog‘inamiz, ammo bizda boshqa resurslar ham bor.»

Messisiz qolgan jamoaga qarshi madridliklar yaxshiroq imkoniyatga ega bo‘lishlari aniq. Albatta bu «Real» g‘alaba qozonadi degani emas. 2015-yilgi «El Klassiko»da ham Leo zaxirada qolib ketgandi. Ammo Rafa Benites shogirdlari yakunda azaliy raqiblariga o‘z uyida 4-0 hisobida yutqazgandi.

Biroq o‘shanda Neymar va o‘zining yuqori sport formasida bo‘lgan Luis Suares bor edi. O‘sha «Barsa» hozirgisidan ancha kuchliroq edi. Garchi bu safar Messi bo‘lmasada «Sevilya», «SSKA», «Alaves» va «Levante»ga yutqazishga ulgurgan «Real» ham o‘z sport formasida emas.

Lopetegi esa borgan sari kuchliroq bosim ostida qolmoqda. Biroq u o‘z shogirdlari daldasiga suyanashi mumkin. Ramos «Levante»ga yutqazganidan keyin «Xulen barcha futbolchilarning qo‘llab-quvvatloviga suyanishi mumkin. Biz seshanba kuni «Viktoriya Plzen»ni yutishimiz shart. Shundan keyingina «El Klassiko» haqida o‘ylaymiz» – dedi.

Klub prezidenti Florentino Peres jamoasi «Levante»ga 2-0 hisobida yutqazayotgan vaqtida asabiy o‘tirdi va o‘yindan so‘ng kiyinish xonasiga tashrif buyurgan va Lopetegi bilan alohida suhbatlashib olgan.

Hozircha murabbiyning joyi xavfsiz bo‘lib turibdi. «Ishonchim komil futbol biza olib qo‘ygan narsalarini qaytarib beradi» – dedi basklik murabbiy jamoasi 34 ta zarba yo‘llaganiga qaramay atigi bitta gol urganiga ishora qilarkan. Ammo uning shogirdlari sakkiz soatlik golsiz seriyasiga nihoyat barham berdi.

Ispaniyaning sobiq murabbiyiga qarshi hamma qarshi turgan bir paytda Messining yo‘qligi unga «tuhfa» bo‘lishi mumkin. «Real» ham himoya, ham gol urish qobiliyati ustida qattiq ishlashi talab etiladi. Kelasi yakshanba kuni bu «tuhfa»dan Lopetegi nechog‘lik foydalana oladi, bilib olamiz.
Erkinjon G‘aybullayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Messidan Lopetegi uchun navbatdagi tuhfa