09:56 / 03.03.2019
4 255

Roʻziqul Berdiyev: “Odil Hamrobekovning sotilishini istamagandim”

Roʻziqul Berdiyev: “Odil Hamrobekovning sotilishini istamagandim”
Qarshining “Nasaf” klubi oxirgi paytlarda muammolar girdobiga oʻralashib qolganini hamma yaxshi biladi. Afsuski, klub toʻla-toʻkis bu qiyinchiliklardan chiqib keta olmayapti. Yangi mavsum boshlanishiga ham oz fursat qolmoqda. Roʻziqul Berdiyev boshchiligidagi jamoa esa oʻz imkoniyati darajasidan kelib chiqqan holda tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Seleksiya borasida ham jamoada katta oʻzgarishlar yoʻq. Klub akademiyasidagi tarbiyalanuvchilariga yanada katta eʼtibor qaratilmoqda va yangi mavsumda tarkibning oʻzagini asosan yoshlar tashkil qilishi kutilmoqda. Lekin hozirgi paytda bosh murabbiyga juda qiyin boʻlmoqda. Kuni kecha oʻzi bilan klubdagi holat, seleksiya, yangi mavsumga tayyorgarlik, Odil Hamrobekovning sotilishi, oʻzining kelajagi kabi bir qator masalalar boʻyicha suhbatlashdik.

- “Nasaf” ham yangi mavsumga tayyorgarligini davom ettirmoqda. Lekin hozircha tarkibda u qadar keskin oʻzgarishlar boʻlmayapti. Bir soʻz bilan aytganda, jamoangiz kamtarin tarzda tayyorgarlik koʻrayotgandek...
- Tarkibimizda oʻzgarish boʻlyapti. Boshqa jamoalar safimizdagi oʻyinchilarni taklif qilishyapti. Bunga esa oʻrganib ham ketdik (kuladi). Jamoamizdan ketgan futbolchilarning oʻrnini oʻrinbosarlar tarkibidagi yoshlar bilan toʻldirishga harakat qilyapmiz. Masalan, “Mashʼal” jamoasidan ikki nafar futbolchini taklif qildik. “Nasaf”ni yangi va yosh oʻyinchilar bilan yana shakllantirishga harakat qilyapmiz. Albatta, yana ayrim oʻzgarishlarni amalga oshirmoqchimiz. Agar bu transferlar oʻxshab qolsa yaxshi boʻlardi. Albatta, yangi oladigan oʻyinchilarimiz ham mahalliy yigitlar boʻlishadi.

- Qishki tayyorgarlik rejasi murabbiy sifatida sizni qoniqtiryaptimi yoki ayrim jihatlarda koʻnglingiz toʻlmayaptimi?
- Oldindan tuzib qoʻygan rejamizda oʻzgarishlar boʻldi. Fevral oyida Turkiyada yigʻin oʻtkazishni moʻljallab qoʻygandik. Lekin bu safarning amalga oshmay qolganiga bir nechta sabab boʻldi. Birinchidan olimpiya terma jamoamizning yigʻinini aytishim mumkin. Bir qator futbolchilarimiz u yerga yoʻl olishdi. Baʼzi-bir oʻyinchilarni esa jamoamizga kech taklif qildik. Bundan tashqari, yashirib nima qilaman, moliyaviy imkoniyatimiz ham bunga yoʻl qoʻymadi. Shu bois Qarshida va Toshkentda yigʻinlarimizni davom ettirib kelyapmiz. Ushbu tayyorgarlik bosqichlaridan oʻzimiz uchun kerakli jihatlarni oldik. Masalan, jismoniy tayyorgarlikka eʼtibor qaratdik. Oxirgi yigʻinimizda esa futbolchilarning oʻyin amaliyotini oshirishga harakat qildik. Toshkentda 10 kun davomida uchta oʻyin oʻtkazdik. Bu orada jismoniy tayyorgalik boʻyicha normativlarni topshirdik. 25 fevralda Qarshida toʻplandik. Chempionat boshlanishigacha yana bitta oʻrtoqlik uchrashuvini oʻtkazamiz.

- Hozirgi sharoit va tarkibdan kelib chiqqan holda “Nasaf”ning oldiga aniq maqsad qoʻyildimi?
- Bungacha har doim sovrinli oʻrinlar uchun kurashib kelardik. Oldimizga bunday maqsad qoʻyilmasa ham oʻzimiz shunga harakat qilib kelardik. Albatta, hozirgi kunga kelib endi oldingidek katta imkoniyatlarga ega emasmiz. Tarkibimizda mahoratli oʻyinchilarimiz yoʻq. Legionerlarimiz ham qolmagan. Endi tarkibimizdagi yoshlarning tajribasini oshirib, raqobatbardosh jamoani tashkil qilmoqchimiz. Agar yosh futbolchilarimizning tajribasi oshib borsa, biz yanada kuchayamiz. Bu narsani oʻtgan yilning ikkinchi yarmida ham koʻrsatdik. Oʻylaymanki, safimizdagi iqtidorli yoshlarimizning mahoratlari oʻsib bormoqda. Umid qilamanki, jamoamiz oʻz yuzini yoʻqotmaydi. Shu bois chempionatda munosib ravishda ishtirok eta olamiz.

- Shuningdek, chempionat tugaganidan keyin siz haqingizdagi xabarlar ham koʻpayib ketgandi. Boshqa klublardan takliflar boʻlayotgani va tez orada “Nasaf”dan ketishingiz haqida eshitgandik. Chindan ham klubdan ketmoqchi edingizmi? Voqealar rivoji qanday tus oldi?
- Albatta, menga aniq takliflar boʻldi. Ammo men birortasini koʻrib chiqqanim ham yoʻq. Shunchaki, oʻzim “Nasaf” bilan koʻproq ishlashni istadim. Lekin hali ham “Nasaf” bilan shartnomani uzaytirganimiz yoʻq.

- Nima uchun?
- Bu masala boʻyicha gaplashganmiz. Ammo haligacha rasman shartnomani uzaytirmadik. Bu masala nimaga choʻzilayotganiga oʻzim ham hayronman. Lekin menga jiddiy takliflar boʻldi. Ularga esa shunday javob berdim: qachonki, “Nasaf”dan rasman ketadigan boʻlsam, shundagina takliflarni koʻrib chiqaman deb aytgandim. Agar qarshiliklar menga yana ishonch bildirib, ishlash istagini bildirishsa, hech qayerga ketmasdim va shunday ham boʻldi.

- Ammo “Nasaf”ning siz bilan yangi shartnoma imzolamayotgani xavotirga solmayaptimi?
- (Kuladi) Bu narsa meni xavotirga solmaydi. Jamoa bilan ikki oy davomida tayyorgarlik ishlarini olib bordik. Shu vaqt davomida rahbarlar bilan birgalishib rejalarni tuzib chiqdik. Oʻylaymanki, shartnoma masalasi katta muammo emas.

- Sizga AGMK, “Soʻgʻdiyona” kabi klublardan jiddiy takliflar boʻlgani haqida eshitgandik. Bu rostmidi?
- Jamoalarning nomlarini aytmoqchi emasman-u, ammo 3-4 ta klublardan yaxshigina chaqiruvlar bor edi.

- Yana bir eʼtiborga molik holatlardan biri Odil Hamrobekovning “Paxtakor” 2,5 milliard soʻmga tarnsfer qilingani boʻldi. Siz uning klubdan ketishiga qanday munosabatda boʻldingiz?
- Avvalo shuni aytishim kerakki, men Odil Hamrobekovning jamoamizdan ketishiga qarshi edim. Negaki, murabbiy sifatida menga ham yaxshi saviyadagi futbolchilar kerak. Shu bois bu oʻyinchining ketishi men uchun yoʻqotish boʻldi. Lekin bu klubning siyosati va futbolning bir qismi. Odilning “Nasaf” bilan yana bir yillik shartnomasi bor edi. Ammo u oʻrtadagi bitimni uzaytirishni istamadi. Natijada klub Hamrobekovdan foyda koʻrish maqsadida uni sotishga qaror qildi. Shunday ekan, “Nasaf” bu transferdan foyda koʻrdi. Albatta, Odilni ham toʻgʻri tushunishimiz kerak. U Osiyo Chempionlar ligasida oʻynashni xohladi. Shu bois futbolchining ham qarorini hurmat qilishimiz lozim. Shu bois uning qaroriga qarshi chiqmadik. Asosiysi, Odil biz bilan katta oʻsishga erishdi va terma jamoa darajasigacha koʻtarildi. Umid qilamanki, “Paxtakor”da ham oʻsishdan toʻxtab qolmaydi va yana yangi darajaga koʻtariladi.

- “Nasaf” rahbariyati Hamrobekovni sotishdan oldin sizning fikrlaringiz bilan qiziqib, maslahatlashdimi?
- Ha, bu masala boʻyicha maslahatlashdik. Men rahbarlarimizga Odil Hamrobekov bizga kerak ekanligini aytgandim. Ammo bir narsani ham inobatga olish kerakki, uning sotilishi “Nasaf”ning moliyaviy tomondan imkoniyatlarini biroz boʻlsa-da yaxshilab olishiga imkon berardi. Shu bois hammamiz vaziyatni tushundik va transferni amalga oshirishdi. Oʻylaymanki, bu klub uchun yomon narsa boʻlmadi. Agarda Odilning shartnomasi tugasa u “Nasaf”dan erkin agent sifatida ketardi. Natijada klub yakunda uning ortidan pul ishlay olmasdi. Agarda bunday darajadagi jiddiy taklif boʻladigan boʻlsa, har qanday klub ham buni oʻylab koʻradi. Bu kabi transferlar futbolning bir qismi.

- Odil Hamrobekov orqali ishlab olingan 2,5 milliard ancha salmoqli. Shundan soʻng “Nasaf” uning oʻrnini bosuvchi bir-ikkita yaxshi transferlarni amalga oshirishini kutgandim. Sir boʻlmasa, klubning hisob-raqamiga kelib tushgan mablagʻ nimalarga sarflanmoqda?
- Bu bilan mavzudan chiqib ketdik. Nimaga sarflashi bu klubning ichki ishi hisoblanadi. Murabbiy sifatida men bunday ishlarga aralashmayman. Klubning siyosatida Hamrobekovga oʻxshagan iqtidorli yoshlarni yanada oʻstirib, yaxshi pullarga sotish ham foydadan holi boʻlmaydi. Hamrobekov orqali ishlab topilgan pullarga ikkita legionerni olib kelsak, baribir katta vazifalarni bajara olmaymiz. Agar jiddiy maqsad uchun kurashadigan boʻlsak, bizga tajribali boʻlgan koʻplab oʻyinchilar kerak boʻladi. Ikkinchi tomondan esa bu orqali yosh futbolchilarimizga imkoniyat kamroq boʻlib qoladi.

- Baribir yana yoshlar bilan ishlash orqali oʻzingiz uchun qiyin yoʻlni tanlab olgandek tuyulyapti. Bu vaziyatga qanday qaraysiz?
- Albatta, oʻzim ham qiyinchilik boʻlishini sezib turibman. Oʻzi oxirgi paytlarda faqat mana shunday qiyinchiliklar bilan ishlab kelyapmiz.

- Oʻzingiz har tomonlama tayyormisiz?
- Ha, oʻzimni tayyorman deb ayta olaman. Bu ham bir sinov ekanligini bilib turibman. Murabbiy sifatida oʻzimga yarasha prinsiplarim bor. Masalan, tayyor oʻyinchilarni olib, ular bilan natijaga erishish ham goʻyoki oson ishdek koʻrinadi. Lekin murabbiyning haqiqiy kuchi koʻproq yoshlar bilan ishlab, ularni chinakam futbolchi qilib yetishtirib bersagina bilinadi. Men esa har doim aynan shu yoʻldan yuraman. Qolaversa, klubning siyosati ham yoshlarga eʼtibor qaratishga qaratilgan. Biz chempionatda oʻzimizning tarbiyalanuvchilarimiz bilan ishtirok etib, munosib oʻyin koʻrsatishga harakat qilamiz. Toʻgʻri, biz uchun juda qiyin boʻladi. Lekin biz hammasiga oldindan tayyor boʻlib borishimiz kerak.

- Baribir klubda hali ham moliyaviy tomondan qiyinchiliklar borligi koʻrinib turibdi. Demak, hali ham vaziyat oʻzgarmagan, shundaymi?
- Yashirishning hojati yoʻq, hali ham qarzdorliklar bor. Lekin buning uchun rahbarlar vaziyatni oʻzgartirishga har taraflama harakat qilishyapti.

- Superligada talablar oʻzgardi, yangicha qiyofaga kirib bormoqda. Murabbiy sifatida yangi mavsumdan nimani kutyapsiz?
- Oʻylaymanki, bu yil har yilgidan koʻra qiziqarliroq kechadi. Umid qilamanki, muxlislarimiz kutgan mavsum boʻladi.

- Darvoqe, Aziz Gʻaniyevning holati qanday?
- Yengil mashgʻulotlar bilan shugʻullanib turibdi. Uni yana Yaponiyaga muolajaga joʻnatyapmiz. U yerdan qaytib kelganidan keyin umumiy guruh bilan shugʻullanishni boshlaydi.

- Qarshilik muxlislarga nima deysiz?
- Ishqibozlarimiz har doim jamoamizga sodiq boʻlib kelishgan. Oʻtgan yili qiyin kechgan mavsumda ham bizni qoʻllab-quvvatlab turishdi. Ular hech qachon bizni tashlab qoʻyishmaydi. Umid qilamanki, biz oʻz muxlislarimiz bilan birgalikda mavsumni munosib darajada oʻtkazamiz. Balki biz chempion boʻlmasmiz, ammo muxlislarga yoqadigan oʻyin koʻrsatamiz. “Nasaf”ning muxlislari faqat Qashqadaryoda emas, balki Oʻzbekistonda juda koʻp.
Shuhratbek Joʻrayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Roʻziqul Berdiyev: “Odil Hamrobekovning sotilishini istamagandim”