08:18 / 14.09.2019
2 843

Kuperologiya yoxud Kuperning muammosi nimada?

Kuperologiya yoxud Kuperning muammosi nimada?
2015 yilning 16 iyuni. O‘zbekiston terma jamoa­si JCh-2018 saralash bahslaridagi dastlabki uchrashuvini Shimoliy Koreyaga qarshi o‘tkazgan. O‘shanda uchrashuv translyatsiya qilinmagan, o‘yindan reportaj olib borilmagan. Hattoki, mashhur sport saytlari ham «O‘yin ketyapti. Uchrashuv hisobi» bilan kifoyalanishgan. Birinchi bo‘limdan so‘ng KXDRning 4:0 hisobida g‘alaba qozonayotganini bilgan mamlakat futbol fanatlari ajablanishgandi.

O‘sha uchrashuvdan so‘ng barcha ayb Mirjalol Qosimovga ag‘darilgan. Uning mashhur bo‘lib ketgan «Bollada ayb yo‘q...» jumlasi bot-bot takrorlangandi. Shuningdek, uning himoyaviy taktikasi tinimsiz tanqid qilingan. Umuman olganda, Qosimov himoyaviy futbol tarafdori bo‘lmagan. Uning uslubi o‘yinni nazorat qilish va hisobni ushlab turishga qaratilgandi. Qaysidir ma’noda, himoyaviy futbolga tortib ketardi. Har holda, qandaydir konservator emas. Joze Mourino yoki Qurbon Berdiyev kabi «avtobus haydovchilari» bor. Lekin Joze «Real»da, Berdiyev esa «Rostov»da himoyaviy usuldan voz kechishgan. Mirjalol Qosimov haqida ham shunday deyishimiz mumkin edi. Ammo o‘sha o‘yindan so‘ng uni ishdan olishgan. O‘rniga esa Samvel Babayanni tayinlashgan.

2019 yilning 5 sentyabri. O‘zbekiston terma jamoasi JCh-2022 saralashidagi birinchi o‘yinini o‘tkazdi. Yana safarda. Yana FIFA reytingida 100-o‘rindan pastda bo‘lgan jamoaga qarshi. O‘shanda KXDR reytingda 155-pog‘onada edi. Falastinliklar esa 102-o‘rinda borishmoqda. O‘zbekiston TOP-100dan 2010 yilning dekabrida tushib ketgandi. Ya’ni, o‘z tarixida ilk bora Osiyo kubogi yarim finaliga chiqishidan bir oy oldin. Falastinga qarshi uchrashuv terma jamoaning mundial yo‘lidagi boshlang‘ich nuqtasi bo‘lishi kerak edi.

Bu o‘yin Ektor Kuperning uzoq masofadagi ishonchliligini ko‘rsatishi kerak edi. Hech kimga sir emaski, Kuperni terma jamoaning rivojlanishi uchun tanlashgan. Uning oldiga esa aniq maqsad qo‘yilgan - terma jamoani jahon chempionatiga olib chiqish. Gap-so‘zlarga qaraganda, O‘FAning oldingi rahbariyati Kuperga to‘liq «kart-blansh» bergan. Boz ustiga, argentinalik mutaxassisga yanvarda bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogida aniq bir vazifa tayinlanmagandi.

O‘shanda Kuper Avstraliyaga qarshi o‘yindan so‘ng obro‘sini biroz oshirib olgandi. Lekin O‘zbekiston guruhdan chiqa olmaganida ham terma jamoa tarixida eng ko‘p maosh (yiliga 2 million yevro atrofida) oladigan murabbiy vazifasidan ozod etilmasdi. Vaholanki, unga beriladigan tovon puli ham ozgina emas.

Falastinga qarshi uchrashuvda Kuper 4-2-3-1 shemasidan foydalandi. Darvozada, nihoyat, imkoniyatga ega bo‘lgan Eldorbek Suyunov turdi. Mamlakatning eng yaxshi posbonlaridan bo‘lgan Suyunov unchalik ham ko‘p o‘ynamasdi. U Qosimov davrida zaxirada o‘tirgan. Babayan esa kutilmaganda Lobanovga ishonch bildirdi. Agar Ignatiy Nesterovning diskvalifikatsiyasi bo‘lmaganida, asosiyda tusharmidi yoki yo‘qmi, bu aniq emas.

Himoya Sayfiyev - Ismoilov - Krimets - Hoshimov to‘rtligidan tashkil topdi. Oxirgi marta bu kvartetdan Turkiyaga harshi o‘rtoqlik uchrashuvida foydalanishgandi. Osiyo kubogidan keyingi o‘rtoqlik uchrashuvlarida Kuper ko‘plab himoyachilarni sinab ko‘rdi. Biroq Islom To‘xtaxo‘jayevning asosiyga kirmagani kutilmagan bo‘ldi. U nafaqat markazda, balki qanotda ham o‘ynay oladigan futbolchi. Shuningdek, Kuper Vitaliy Denisovni ham inkor etib kelmoqda. Vitaliydagi jihat Farrux Sayfiyev, Oleg Zoteyev va Akrom Komilovlarda yo‘q. Yoshi biroz o‘tib qolganiga qaramay, Denisov mamlakatdagi eng yaxshi qanot himoyachilaridan biridir. Shuningdek, mazkur uchrashuvda markaziy himoyachilarga ham e’tirozlar bor.

Yarim himoya quyidagi ko‘rinishda bo‘ldi: ikkita tayanch yarim himoyachi - Hamrobekov va Ahmedov. Chapda Jalollidin Masharipov, o‘ngda Quvondiq Ro‘ziyev, «o‘nlik» pozitsiyasida Ikrom Aliboyev. Shu o‘rinda aytish joiz, Aliboyev raqiblarni ergashtirib yurishga harakat qildi. Uning o‘rniga Odil Ahmedov o‘tib turdi. Odil Hamrobekov esa o‘zining eng yomon o‘yinlaridan birini o‘tkazdi. «Paxtakor» vakili raqibning qarshi pressinglariga bardosh bera olmadi. Aynan uning zonasidan birinchi gol tashkil qilindi. Qolaversa, Hamrobekov to‘p uzatishda ham tez-tez xato qilib turdi. Buning oqibatida Ahmedov majburan ortga qaytib turdi. Natijada hujum qilish imkoniyati pasayib ketdi.

Kuperning bo‘lajak muammosi ham shunda. Odil Ahmedov terma jamoadagi 100-uchrashuvini o‘tkazdi va jamoaning eng tajribali o‘yinchisi hisoblanadi. Lekin hech kim yosharmaydi va sardorimiz hamma o‘yinlarni ham yuqori saviyada o‘tkazishiga kafolat yo‘q. Otabek Shukurovning endigina o‘yini chiqayotgandi, biroq u og‘ir jarohat oldi. Aziz Haydarov faoliyatini yakunladi. Boshqalar esa o‘zlarini ko‘rsata olishmadi. Agar terma jamoa ochkolar ishlashni istasa, bor mahsulotdan unumli foydalanishi kerak. Buning o‘rniga esa Falastinga qarshi o‘yinda Kuperni Samvel Babayanning qimmat versiyasi sifatida ko‘rdik.

Ektor Kuperning muammosi yomon murabbiy ekanligida emas. Kuperning muammosi uning uslubida. Bu usul terma jamoamiz tarkibiga mos kelmaydi. Afsuski, Jeparov, Haydarov, Geynrix va shu avlodning boshqa futbolchilari endi yo‘q. Biroq hozirgi jamoada potensial bor. Shunchaki, ulardan noto‘g‘ri foydalanishmoqda. Argentinalik mutaxassisning oxirgi muvaffaqiyatlari 2000 yillarda «Valensiya» bilan bog‘liq bo‘lgan. O‘shandan buyon u ko‘plab jamoalarda ishladi, ammo hech qayerda muvaffaqiyat qozonmadi. JCh-2018da ham u boshqargan Misr terma jamoasi Saloh boshchiligida kuchli bo‘lgani bilan konservativ ko‘ringandi.

Shu o‘rinda Shomurodov haqida gapirsak. Iqtidorli futbolchilardan biri. Valeriy Karpin qo‘l ostida ajoyib o‘yinlarni namoyish qilmoqda va Rossiya Premer-ligasi to‘purarlari bahsida yetakchilik qilmoqda. Lekin falastinliklar ustozi Shomurodovni bilgani holda himoyachilarini aqlli tarzda joylashtirdi. Jarima maydoniga to‘p oshirishga urinishlar himoyachilar tomonidan bloklandi. Ular har safar to‘p yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lishdi. Shomurodov oldida falastinliklarning u yoki bu futbolchisi shu zahoti paydo bo‘ldi. Ular to‘pni ishlab olishiga yo‘l qo‘yishmadi.

Shomurodov to‘pni asosan raqib darvozasiga orqasi bilan o‘girilgan holda qabul qildi. Bunday vaziyatda ikkita yo‘l bor: to‘pni yugurib kelayotgan qanot o‘yinchilari (Ro‘ziyev, Masharipov, Hamdamov)ga uzatish yoki o‘z-o‘ziga vaziyat yaratish. Birinchi holatda qanotlar yopib qo‘yildi yoki vakillarimiz faollik ko‘rsatishmadi. Ikkinchi holatda falastinlik himoyachilar ajoyib o‘yin namoyish qilishdi. Xususan, jamoa sardori Abdulatif al Baxdari «Rostov» hujumchisiga pressing uyushtirib, uning erkin harakat qilishiga yo‘l qo‘ymadi. Rossiyada Shomurodov Roman Yeryomenko, Ivelin Popov va Aleksey Ionov bilan bir-birini yaxshi tushunib harakat qiladi. Ijrochilar boshqa deyishingiz mumkin. Biroq Falastin tarkibi O‘zbekistonniki bilan bir xil kuchga ega emas. Bunday vaziyatlarda jamoa emas, murabbiy mag‘lub bo‘ladi.

O‘zingizga ma’lum, guruhimizda Singapur, Yaman va Saudiya Arabistoni terma jamoalari ham bor. Ikkinchi turni vakillarimiz o‘tkazib yuborishdi. Uchinchi turda terma jamoamiz Toshkentda Yamanni qabul qiladi. Oktyabrgacha vaqt yetarli. Lekin hozirdanoq birinchi o‘yindan xulosa chiqarish kerak.

O‘yindan keyingi matbuot anjumanida Kuper «Birinchi mag‘lubiyatdan so‘ng hech qayerda murabbiyni iste’foga chiqarishmaydi», dedi. Bunga e’tiroz bildirib bo‘lmaydi. Eng muhimi, kech bo‘lmasa bo‘lgani. Murabbiy jamoaning kuchli tomonlaridan to‘liq foydalanishi kerak. Guruhda Saudiya Arabistoni borligini inobatga olsak, vazifa oson emas. JCh-2022 saralash bahslarining keyingi bosqichiga guruhda birinchi o‘rinni egallaganlar bilan eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan to‘rtta ikkinchi o‘rin sohiblari chiqishadi.

Suriya, Falastin va Shimoliy Koreya kabi terma jamoalar bizni mag‘lub etishni o‘rganishibdimi, demak, biz o‘rganadigan jihatlar ham hali ko‘p. Bir necha yillar oldin bunday jamoalar osonlik bilan mag‘lub etilardi. O‘shanda ko‘plab mutaxassislarimiz «Avstraliya, Eron, Yaponiyani mag‘lub etib, oldinga qadam tashlaymiz», deyishardi. Yakunda esa biz orqaga qadam tashladik.

Yevdokim RAIMOV.
J.Boboxonov tarjimasi

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kuperologiya yoxud Kuperning muammosi nimada?