16:02 / 27.01.2020
2 743

"Bunyodkor"ning yangi hujumchisi o‘zini ko‘rsatishni boshladi...mi?

"Bunyodkor"ning yangi hujumchisi o‘zini ko‘rsatishni boshladi...mi?
«Bunyodkor» klubi Osiyo Chempionlar ligasi pley-offning ikkinchi raundida Iroqning «Al Zavra» klubini 4:1 hisobida ishonchli tarzda mag‘lub etdi. Ushbu bahsda esa «Nasaf»dan taklif qilingan hujumchi Humoyun Murtazoyev o‘z hisobiga ikkita gol yozib qo‘yishga erishdi. Balki uning debyuti muvaffaqiyatli chiqishini o‘zi ham kutmagan bo‘lsa kerak. Bir so‘z bilan aytganda, Murtazoyevning «Bunyodkor»dagi debyuti omadli chiqdi. Biz esa futbolchi bilan bog‘lanib bir qator savollarga javob oldik.

- «Bunyodkor»dagi dastlabki debyut o‘yiningiz Osiyo Chempionlar ligasi pley-off doirasida Iroqning «Al Zavra» jamoasiga qarshi kechdi. Buni qarangki, siz va jamoangiz uchun dastlabki bosqich juda muvaffaqiyatli chiqdi…
- Doim jamoang g‘alaba qozonsa va bunga o‘z hissangni qo‘shar ekansan, bu juda ham yoqimli holat bo‘lib tuyulaveradi. «Bunyodkor» bilan ilk rasmiy uchrashuvda muvaffaqiyatga erishganimiz ham quvonarli bo‘ldi. To‘g‘ri, biz raqibni yirik hisobda yengdik. Ammo bu g‘alabani osonlikcha qo‘lga kiritdik degani emas. Uchrashuv biz uchun qiyin kechdi. Har doim futbolchining debyut o‘yini oson kechmaydi. Shunday ekan, mening ham «Bunyodkor»dagi ilk o‘yinim bo‘ldi va o‘ziga yarasha mashaqqatli tomonlari sezildi.

Ammo birinchi golni urib olganimizdan keyin o‘zimizga ancha kelib oldik. Bungacha biz xorijda yig‘in o‘tkazdik. Aytishim kerakki, qishki tayyorgarlik jarayonlarida biz barcha futbolchilar bilan hamjihatlikda ishladik va bir jamoa ekanligimizni his qila boshlagandik. Yashirmayman, debyut o‘yinim Osiyo Chempionlar ligasiga to‘g‘ri kelgani sababli uchrashuvning dastlabki 10-15 daqiqasida hayajonlanib turdim. Shu narsani yengib o‘tganimdan keyin o‘z o‘yinimni ko‘rsatishga harakat qildim. Eng muhimi, biz muhim uchrashuvda g‘alaba qozondik.

- Bundan tashqari, siz faoliyatingizda ilk bor Osiyo Chempionlar ligasida debyut qildingiz. Bungacha asosan o‘zimizning chempionatda o‘ynagan futbolchi sifatida buning farqini qay darajada sezdingiz?
- Chempionlar ligasida o‘ynasangiz buning qandaydir bosimi bo‘ladi, salobati ham bilinib turadi. Hozir aytib o‘tganimdek, baribir hayajon bo‘lar ekan. Lekin bu yog‘iga faqat moslashib ketamiz deb o‘ylayman. Ishonamanki, keyingi uchrashuvlarda biz bundan ham yaxshiroq o‘yinlar ko‘rsatamiz.

- Baribir «Al Zavra»ga qarshi bahsda sizning ikkita gol urishingiz balki ko‘pchilik uchun kutilmagan syurpriz bo‘lgandir. O‘zingiz esa voqealar rivoji shu tariqa tus olishini payqaganmidingiz?
- Bilasiz-ku, har bir hujumchi maydonga faqat gol urish uchun tushadi. Gol esa sevimli jamoangizga xursandchilik olib keladi. Agar gol ura olmasangiz bu qaysidir ma’noda xafagarchilikka ham olib kelishi mumkin. Men ham hujumchi ekanman, demak maydonga tushganda gol urishdan ko‘ra boshqa narsani o‘ylamayman. «Bunyodkor» meni bejizga chaqirmagan, shu boisdan o‘zimni ko‘rsatishim va ayniqsa gollarim bilan jamoamga yordam berish istagi kuchli edi. Maydonda esa o‘sha ishtiyoqim kuchli bo‘ldi. Bu birinchi o‘yinim edi va albatta gol uraman deb o‘zimga to‘liq ishongandim. Boshlanishi yaxshi, endi qolgan bahslarda ham golli seriyamni davom ettirishni istayman.

- «Bunyodkor» plef-off doirasidagi oxirgi uchrashuvini safarda «Al Ayn»ga qarshi o‘tkazadi. Bu raqib esa yanada kuchli va jamoangizga ikki hissa og‘ir bo‘lishi turgan gap…
- «Al Ayn»ning kuchli raqib va kuchli jamoa ekanini bilamiz. Lekin biz raqib tanlamaymiz. Maqsadimiz Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichiga chiqish ekan, unda oldimizdan chiqadigan har qanday raqibni yutishimiz kerak bo‘ladi. «Bunyodkor» faqat g‘alaba uchun o‘ynaydi. Muxlislarimizni xursand etgan holda imkoni qadar chempionlar ligasida uzoqroqqacha borishga harakat qilamiz. Mening «Bunyodkor»dagi maqsadlarim ham katta. Aytaylik, yangi jamoamning har bir o‘yinida g‘alaba qozonishida o‘z hissamni qo‘shish va gollarim bilan yordam berishni istayapman.

- Shu o‘rinda «Nasaf»dan «Bunyodkor»ga ko‘chib o‘tishingiz aslida qanday yuz berganiga ham to‘xtalib o‘tsangiz.
- O‘ylashimcha, chempionatimizdagi har bir futbolchi Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynashni juda istashadi. Menga esa shunday vaziyat yaratib berishdiki, men bunga yo‘q deya olmadim. Natijada «Bunyodkor»dan tushgan taklifga ijobiy javob berdim. Yashirmayman, o‘zimning ham orzuim chempionlar ligasida o‘ynash edi. Bunday imkoniyat paydo bo‘lgani uchun undan voz kecha olmadim.

- Yosh futbolchining yangi jamoaga ko‘nikib ketishi oson jarayon emas. Shunday ekan, «Bunyodkor»ga moslashishingizda sizga kimlar yordam beryapti?
- Bu jamoa ahil ekan. Meni bu yerda iliq kutib olishdi va «Bunyodkor»ga ancha-muncha ko‘nikib keta oldim. BAAda ham yaxshi shug‘ullandik. U yerdagi yig‘inimiz ham mening yangi jamoamga ko‘nikib ketishimda muhim rol o‘ynadi. Menga bu klubga moslashish qiyin emas, aksincha oson kechyapti.

- «Bunyodkor»ni boshqarayotgan Vadim Abramov milliy terma jamoaning ham bosh murabbiyi bo‘lgani sababli uning qo‘l ostida to‘p surishingiz sizga yanada keng imkoniyatlar eshigini ochadi deb o‘ylayapsizmi?
- Ha, bu tomondan ham o‘ylasa bo‘ladi. Ammo har qanday futbolchi o‘zini ko‘rsata olsa, O‘zbekiston terma jamoasi uchun o‘ynay oladi. Boshqa klubda o‘ynagan taqdirda ham u yaxshi jihatlarini ko‘rsatsa albatta terma jamoaga chaqirishlari mumkin. Hammasi futbolchining o‘ziga bog‘liq. Biroq Abramovning oldiga keldim, endi men ham terma jamoada o‘ynayman deb fikr yuritsa, bu noto‘g‘ri bo‘ladi. Hech qachon to‘xtab qolmasligi kerak. Futbolchi hamma vaqt o‘sishda davom etishi lozim. Abramovning menga nisbatan ishonchini his qilyapman.

- «Nasaf»da o‘tkazgan faoliyatingiz haqida nima deya olasiz?
- Qarshida oilamni tashlab kelgandek bo‘ldim. Lekin o‘zim uchun yana bir ajoyib oilaga qo‘shildim. «Nasaf»dagi faoliyatimni ijobiy deb aytgan bo‘lardim. Agar 3-4 yildan keyin yana u yerda to‘p surish imkoniyati bo‘lganida ikkilanmasdan «Nasaf»ga qaytgan bo‘lardim.

- «Nasaf»ning hozirgi qiyin vaziyatga tushib qolgani sizni tashvishlantirmayaptimi?
- «Nasaf»da har yili qiyin ahvolga tushdik deyishadi-ku, lekin u yerda doim yangi iqtidorlar kashf qilinaveradi. Bunda esa ko‘proq murabbiyning hissasi katta bo‘ladi. Bu yil ham «Nasaf» yana zo‘r jamoaga aylanadi. Chunki u yerdan yangi iqtidorlar yetishib chiqmoqda. Ko‘pchilik u yerdan yetakchilar ketdi, endi bo‘ldi deb o‘ylashadi-yu, ammo doim yana yangilari chiqaveradi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Bunyodkor"ning yangi hujumchisi o‘zini ko‘rsatishni boshladi...mi?