Ronaldo sut iste'mol qilishdan butunlay voz kechdi

«Al-Nassr» klubi hujumchisi Krishtianu Ronalduning uzoq yillar davomida yuqori saviyada to'p surishi tasodif emas. 41 yoshli futbolchi hamon a'lo darajadagi jismoniy holatni saqlab kelmoqda. Uning sobiq shaxsiy oshpazi Jorjio Barone sportchining muvaffaqiyat sirlari va qat'iy parhezi haqidagi ma'lumotlar bilan bo'lishdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Baronening so'zlariga ko'ra, Ronaldu o'z ratsionidan sut va sut mahsulotlarini butunlay chiqarib tashlagan. Futbolchi buni sog'liq va tiklanish jarayoni uchun zararli deb hisoblaydi. Oshpazning ta'kidlashicha, Krishtianu har bir yeguligiga juda e'tiborli bo'lib, faqat tabiiy va foydali mahsulotlarni iste'mol qilishni afzal ko'radi.

Ronalduning kundalik taomnomasida asosan baliq, tovuq go'shti, turli sabzavotlar, mevalar va guruch o'rin olgan. Shuningdek, u shakar va gazlangan ichimliklardan ham voz kechgan. Bunday tartib unga nafaqat maydonda tezlikni saqlashga, balki jarohatlardan so'ng tezroq tiklanishga yordam beradi.
Hozirda Saudiya Arabistonining «Al-Nassr» jamoasida to'p surayotgan yulduz o'zining professional yondashuvi bilan yosh futbolchilarga namuna bo'lib kelmoqda. Uning oshpazi Ronalduning intizomi nafaqat mashg'ulotlarda, balki oshxonada ham birinchi o'rinda turishini qo'shimcha qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!