16:30 / 15.07.2018
4 243

Amerikada 30 yildan beri "Saudiya shahzodasi" niqobi ostida yashagan firibgarga cho‘chqa go‘shti pand berdi

Америкада 30 йилдан бери "Саудия шаҳзодаси" ниқоби остида яшаган фирибгарга чўчқа гўшти панд берди
Ha, haqiqatan 47 yoshli Entoni Jinyak 1991 yildan beri Saudiya Arabistoni shahzodasi niqobi ostida yashab, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan firibgarlik jinoyatlariga qo‘l urgan. Badavlat shaxslar bilan o‘zi uchun foydali shartnomalar tuzib, ularni chuv tushiravergan. To‘g‘ri, uni bir necha bor qo‘lga olishgan. Ammo har gal Amerika qonunlaridan unumli foydalangan holda garov puli evaziga ozodlikka chiqib ketavergan.

«Buzoqning yugurgani somonxonagacha» deb bekorga aytishmagan-da! «Shahzoda» Jinyak oxirgi jinoyatni sodir etish jarayonida qo‘lga tushib qoldi. U amerikalik milliarder Jeffri Saffer bilan 400 million dollarlik foydali shartnomaga imzo chekishi lozim edi. Agar ishi bu safar ham o‘ngidan kelsa, milliarderning 400 million dollar puli cho‘ntagiga tushardi. Firibgar bu ishni ham har bir detaligacha puxta o‘ylab olgandi. Shartnoma imzolash uchun u yarqiragan «Ferrari« da keldi. Diplomatik davlat raqamini esa internet do‘kondan xarid qilgandi. Saffer uchrashuv joyiga o‘tgan yil avgustida ham kelgandi. O‘shanda Jinyak unga Dubay banklarining biridan 600 million dollar pul yechib olingani haqidagi qalbaki hujjatni ko‘z-ko‘z qilgandi.

Keyinroq ikkovlari Aspen shahrida uchrashishdi. Mana shu yerda Jinyak qovun tushirdi. Firibgarga oddiy cho‘chqa go‘shti pand berib qo‘ydi. Qanday qilib deysizmi? Amerikaliklar ham ahmoq emas-ku, axir! Musulmonlar, ayniqsa, arab davlatlari shahzodalari cho‘chqa go‘shti yeyish tugul unga qayrilib ham qaramasligini juda yaxshi bilishadi. «Shahzoda» Jinyak esa o‘tirgandanoq, did bilan pishirilgan cho‘chqa go‘shtiga o‘zini urdi. Shu harakati milliarder Safferda darrov shubha uyg‘otdi. Lekin sezdirmadi. O‘ziga tegishli xavfsizlik xizmati vakillariga Jinyak haqidagi ma’lumotlarni yaxshilab tekshirishni buyurdi. Ko‘ribsizki, tez orada firibgarning siri ochildi. Uni 2017 yil noyabrida Amerika aeroportlaridan birida qo‘lga olishdi. Mayamidagi kvartirasi tintuv qilinganda, ko‘plab qalbaki bank hujjatlari, avtomobillarning diplomatik davlat raqamlari, Saudiya Arabistoni shahzodalaridan birining nomiga rasmiylashtirilgan qalbaki hujjatlar topildi. 2018 yil may oyida firibgar Jinyak barcha ayblarini bo‘yniga oldi. Hal qiluvchi sud jarayoni shu yil avgustida bo‘lib o‘tadi.

47 yoshli Entoni Jinyak Kolumbiyada tug‘ilgan. Bolaligida ota-onasi olamdan o‘tgach, amerikalik er-xotin uni asrab olgan. 2008 yili firibgarlik jinoyati bilan qamalgan. U bir nechta kompaniyalarning 10 ming dollardan ziyod pulini o‘zlashtirib olganlikda ayblandi. Biroq garov puli evaziga ozodlikka chiqdi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Amerikada 30 yildan beri "Saudiya shahzodasi" niqobi ostida yashagan firibgarga cho‘chqa go‘shti pand berdi