23:33 / 16.05.2022
3 302

AQSHda yoshlarning armiyadan ko‘ngli sovigani sababi ma’lum qilindi

AQSHda yoshlarning armiyadan ko‘ngli sovigani sababi ma’lum qilindi
Foto: AFP
AQSH Qurolli kuchlarida harbiy xizmatchilar yetishmasligi kuzatilmoqda. Aksar yoshlar armiyaga borishni istamayapti, deb yozadi sharhlovchi Tomas Shpor The Washington Examiner nashrida chop etilgan maqolasida.

Gap shundaki, Qo‘shma Shtatlarda 1973 yildan armiyaga ko‘ngilli ravishda askar yollash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. O‘shandan buyon iqtisodiy omillar yoki harbiy to‘qnashuvlardagi yo‘qotishlar sabab 1999, 2005 va 2018 yillarda harbiy xizmatga qiziqish susayishi kuzatilgan.

Pentagon 2022 yilda ham shartnoma asosida shakllantiriladigan qo‘shinlarda kadr yetishmovchiligi yuqori bo‘lishidan xavotir bildirmoqda. Senatdagi muhokamalarda joriy yil ko‘ngilli ravishda askar yollash tizimi yo‘lga qo‘yilganidan buyon eng murakkab yil bo‘lishi ma’lum qilingan. Qayd etilishicha, talabgor yo‘qligi vajidan AQSH Qurolli kuchlari 12 ming askar shtatini qisqartirishga majbur bo‘lgan.

Sharhlovchi Tomas Shporga ko‘ra, harbiy tizimdagi mavjud inqirozga 2021 yilda AQSH askarlarining Afg‘onistonni tark etgani sabab bo‘ldi. Ushbu muvaffaqiyatsizlikdan keyin aholining armiyaga bo‘lgan ishonchi keskin pasaygan.

Yoshlar orasida an’anaviy ravishda dengiz piyodalari korpusiga qiziqish kuchli bo‘lib kelgan. Ammo 2022 yilda mazkur korpus ham munosib xizmatchi topishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Boshqa tomondan, semirish, jinoiy o‘tmish, jismoniy nuqsonlar, giyohvandlik moddalari iste’mol qilish, o‘rta maktab shahodatnomasining yo‘qligi kabi muammolar sabab amerikalik yoshlar orasida armiyaga yaroqlilar safi qisqarmoqda. Tahlillarga ko‘ra, 12-19 yosh orasidagi o‘smirlarning 21,2 foizida semirish holati qayd etilgan.

«Harbiy xizmatga chaqiruv muvaqqat muammo emas. Bu masala bir yilda hal bo‘lib qolmaydi. Muammoni rad etish bilan ham uni yechish amrimahol. Buning o‘rniga muqobil yechimlar qidirish kerak. Chunki milliy xavfsizligimiz mazkur masalani to‘g‘ri anglashimizga bog‘liq», – deb yozadi sharhlovchi T.Shpor.

Shunga ko‘ra, muallif AQSH mudofaa vazirligiga imtiyozlarni kuchaytirish orqali armiyaga ko‘proq yoshlarni jalb etishni tavsiya qilgan.

Ukraina urushi ortidan Rossiya qurolli kuchlarida ham shu kabi holat kuzatilayotgani aytilmoqda. Xususan, The Moscow Times nashrining yozishicha, Ukrainada urush boshlangach, yigitlar orasida armiyaga borishdan bosh tortish holatlari ko‘paygan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSHda yoshlarning armiyadan ko‘ngli sovigani sababi ma’lum qilindi