14:07 / 07.08.2022
2 335

Kuchma Rossiya bosqini, Putinning rejalari va yadro urushi ehtimoli haqida VVSga intervyu berdi

Kuchma Rossiya bosqini, Putinning rejalari va yadro urushi ehtimoli haqida VVSga intervyu berdi
Foto: Sergei Gapon / AFP / Scanpix / LETA
Ukrainaning ikkinchi prezidenti Leonid Kuchma urush boshlanganida Kiyevdagi uyida edi va shu vaqt davomida hech qayerga ketmadi. Buni xohlamaganini aytdi.

U uzoq vaqt davomida Minskdagi muzokaralarda Ukraina delegatsiyasi rahbari bo‘lgan. Demak undan boshqa hech kim Rossiya rasmiylarining urushdagi kayfiyati va ambitsiyalari haqida yaxshiroq bilmaydi. Bugun Leonid Kuchma rus qo‘shinlari va fashistlarning bostirib kirishi o‘rtasidagi o‘xshashliklarni ochiqchasiga aytmoqda. Shuningdek, 2003 yilda Tuzladagi mojarodan beri [Rossiya va Ukraina chegarasida joylashgan Kerch oblastidagi Tuzla oroliga egalik qilish bo‘yicha bahs] «Putin Rossiyasi» haqida hech qanday illyuziyasi yo‘qligi va bu safar Rossiya prezidenti noto‘g‘ri ish qilganini ta’kidlamoqda.

Kuchma 1994 yildan 2005 yilgacha ikki marta Ukrainani boshqargan va Putin aynan uning ko‘z o‘ngida hokimiyatga ko‘tarilgan. Ularning aloqalari va muloqotlari uzoq tarixga ega.

«Birinchidan, Putinning tez orada o‘lishiga ishonmang», deb maslahat beradi Ukraina sobiq prezidenti. Shu bilan birga, u Ukrainaning urushda g‘alaba qozonishiga ishonadi. Putin bilan uning hech qanday murosasi yo‘q.

BBC News 24 fevralda boshlangan Rossiya bosqinidan keyin Leonid Kuchma bilan birinchi va hozircha yagona intervyuni olishga muvaffaq bo‘ldi.

«Bosqinning birinchi kunidan beri Ukrainadaman»

— Rossiya bosqini sodir bo‘lganida qayerda edingiz? Siz uni kutganmidingiz, o‘sha paytda Ukrainada edingizmi?

Leonid Kuchma
: Mamlakatimdagi aksariyat tinch aholi singari, men ham Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganida uyquda edim. Bu, ehtimol, barcha fashistlarga xos odat bo‘lsa kerak – joy va zamondan qat’i nazar, ertalab soat to‘rtda bizga hujum qilish... Urushning birinchi kunlarida rus samolyotlari uyimning ustidan hatto tomni buzib yuborish darajasidagi yaqin masofadan uchib o‘tardi.

Menga darhol chet elga evakuatsiya qilishni taklif etishdi. Buni rad etdim. Bu masalaga boshqa qaytmadik, bosqinning birinchi kunidan beri men Ukrainada edim.

Men buni kutganmidim? Qiyin savol. Psixologik jihatdan o‘z avlodim vakili sifatida urushga tayyor edim – axir, bolaligimda fashistlar bosqinidan omon qolganman.

Putin Rossiyasining tajovuzkor tabiatini 2003 yilda bilib olganman. O‘sha paytda Moskva Qrimga bostirib kirishga birinchi marta uringan va Tuzla orolini olmoqchi bo‘lgan edi. Agar bosqin boshlansa, darhol o‘t ochishni buyurganman. Men Rossiya tahdidining haqiqiy darajasini tushunardim, chunki bu haqda turli manbalardan xabar olardim.

Shunga qaramay, Rossiya bosqini men uchun zarba bo‘ldi. Ehtimol, men so‘nggi daqiqagacha bunday g‘ayriinsoniy buyruqni bergan odamda insoniy fazilatlar qoladi deb umid qilgandirman.

— Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining oldini olish mumkinmidi?

Leonid Kuchma: Qachon? Agar fevral oyida, urush arafasida bo‘lsa, menimcha, faqat Putinning ultimatum shartlariga rozi bo‘lish orqali oldini olish mumkin edi. Shunda bosqin bo‘lmasdi, balki davlatimiz asta-sekin bo‘ysundirilib, reja asosida okkupatsiya qilinardi. Keyin esa rus bosqinchisi kirgan joylarning hammasi Buchaga aylanardi.

Bunday qurbonlar evaziga bosqinning oldini olish mumkinmi? Javob, menimcha, aniq. Cherchill aytgan edi, urush o‘rniga or-nomusidan ajralishni ma’qul ko‘rgan kishi oldin or-nomusidan ajraladi, keyin esa urushga yo‘liqadi. Eng yaxshi ta’rif shu bo‘lsa kerak.

Agar biz Rossiyaning «o‘rmalovchi tajovuzkorligi» boshlanganidan beri yillar davomida qarshilik ko‘rsatishga tayyorlansak, bosqinni amalga oshirish imkonsiz bo‘lardi. Biz qurolli kuchlarimizni chinakam, to‘liq, har tomonlama rivojlantirishimiz, modernizatsiya qilishimiz kerak edi.

Ha, Ukraina armiyasi hujumning dastlabki daqiqalaridanoq qahramonlik ko‘rsatdi. Askarlarimiz nafaqat rus armiyasining elitasini, balki uning yengilmasligi haqidagi afsonani ham yo‘q qildi, bu hatto afsona emas, balki «rus xalq ertagi» ekanini butun dunyoga ko‘rsatdi.

Ammo qahramonlik eng yangi texnologiyalar, zamonaviy qurollar bilan quvvatlansa, yanada ajoyib natijalar berishi mumkin. Minsk kelishuvlaridan keyingi 7 yil davomida Ukraina hukumati Rossiya bilan muqarrar ravishdagi keng ko‘lamli harbiy to‘qnashuvga tayyorlanishi kerak edi. Tayyorgarlik jarayonida Ukraina harbiy-sanoat majmuasining noyob kadrlari va ishlab chiqarish salohiyatidan maksimal darajada foydalanishi lozim edi.

Tuzla oroli, 2003 yil oktabr. Leonid Kuchma shu vaqtgacha «Putin Rossiyasi» borasida hech qanday illyuziyaga berilmaganini aytadi.
Foto: VALЕRIY SOLOVЕ

Bir paytlar men raketa-kosmik sanoatimizning ikkala bayroqdori - «Yujmash» ishlab chiqarish birlashmasi va «Yujnoye» konstruktorlik byurosiga rahbarlik qilish sharafiga muyassar bo‘lganman.

Yorqin tarixga ega bu gigantlar Ukraina mudofaasini ishonchli kelajak bilan ta’minlashi mumkin edi. Ammo sobiq hamkasblarim bilan suhbatda davlatning ushbu intellektual va texnologik xazinaga mutlaqo befarqligini eshitganimda yuragim qonga to‘ldi.

Hokimiyatning koinotga qiziqishi yo‘qligini tushunish mumkin - mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat og‘ir edi. Ammo mudofaagachi?! Muqarrar urush xavfi ostida bo‘lgan Ukraina yangi va qudratli qurollarga muhtoj bo‘lgan! Ammo davlat buyurtmasi yo‘q edi.

Ushbu korxonalarning yangi ishlanmalari yuzlab kilometrlarni qoplay oladigan raketa majmualaridan iborat bo‘lgan. Hozir bunday tizimlarni g‘arbdagi hamkorlarimizdan «yolvorib» olyapmiz.

Gap o‘zimiz ishlab chiqara oladigan narsalarni so‘rayotganimizda emas, balki, Rossiya hududidagi strategik ob’ektlarga zarba berishga qodir qurollarimiz borligi Putin Rossiyasining ishtahasini pasaytirishi mumkinligida. Buning imkoni bor edi. Men o‘zim AQSH va SSSR o‘rtasida deyarli yarim asrlik tinchlikni ta’minlagan qurollarni yaratishda ishtirok etganman va «raqibni tiyib turish» nima ekanligini bilaman. Bu usul haqiqatan ham samarali.

Shuningdek, Kremlni tiyib turish uchun G‘arbda ham katta imkoniyatlar bor edi. Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi Putinga ta’sir qiluvchi kuchli dastaklarga ega edi. Ularni bosqin boshlanishidan oldin faollashtirish, Ukraina hukumati argumentlarini tinglash, ogohlantiruvchi sanksiyalarni qo‘llash lozim edi.

Menimcha, Putin o‘zini hech kim jazolay olmasligiga ishongani uchun urushni boshladi. G‘arb Ukrainani qo‘llab-quvvatlash maqsadida birlashishiga ishonmadi. Rossiyaga juda salbiy ta’sir qiluvchi sanksiyalar qo‘llanishiga ishonmadi.

Shubhasiz, bu uning uchun yoqimsiz va og‘riqli syurpriz bo‘ldi, endi u bundan qanday qilib qutulishni bilmayapti. Agar Putin ogohlantiruvchi sanksiyalarga uchraganida va G‘arbning niyati jiddiyligi bilganida, balki urushni boshlamagan bo‘larmidi.

«Putin hisobda yanglishdi»

— Sizningcha, Rossiya nimani xohlaydi va Putin bilan kelishib olish mumkinmi?

Leonid Kuchma
: Agar hissiyotlar nuqtayi nazaridan gapiradigan bo‘lsak, Putin vaqtning xuddi ertakdagidek orqaga qaytarilishini xohlayapti. 24 fevral umuman bo‘lmasligini istayapti.

Chunki blitskrig barbod bo‘ldi, aynan Putinning hisobda yanglishishi oqibatida muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Putinning «obro‘sini saqlashga» urinayotganlar buni «kichik yanglishish» sifatida taqdim qilishmoqda, ammo bu jinoiy rejalardagi halokatli xatolik edi. Endi kech. Vaqtni orqaga qaytara olmaydi, xatolikning oldini ololmaydi.

Agar funksional tarafdan qaraydigan bo‘lsak, Putin va unga yaqin doiralar birinchi navbatda o‘z hokimiyati saqlab qolinishini, Rossiya davlati ularning mulki bo‘lib qolishi kafolatlanishini xohlamoqda. Buning uchun tuzum poydevori darz ketmasligi kerak. Oddiy odamlarga esa o‘zini xuddi dunyo egasi yoki qahramon g‘olib sifatida his qilishi uchun «giyohvand moddasining porsiyasi» berilishi lozim.

Hokimiyat g‘alaba sifatida odamlarga nimani taqdim qilmoqchi? Istalgan narsani. Infratuzilmamiz va sanoat salohiyatimizning yo‘q qilinishini «demilitarizatsiya» sifatida. «Azov» a’zolari sudlanishini «denatsifikatsiya» sifatida. «LDXR» deb ataladigan joyning to‘liq bosib olinishini, Qrimga quruqlik yo‘lagi ochilishini, Dnepr suvini.

Bir jumla bilan aytganda, Putin Ukraina davlatining yo‘q qilinishini xohladi, ammo endi bizning qayta tug‘ilishimizni ko‘radi. Bugun biz aynan shu yo‘ldan boryapmiz – o‘zligini anglagan va kurashga tayyor bo‘lgan yagona ukrain millatini shakllantiryapmiz.

NATO va Ukrainaning alohida hamkorligi to‘g‘risidagi xartiya imzolanishi. 1997 yil 9 iyul, Madrid
Foto: VALЕRIY SOLOVЕV

Putin bilan suhbatlarga keladigan bo‘lsak. Yaqinda tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba pozitsiyamizni aniq ifodaladi: biz Rossiya jang maydonida mag‘lubiyatga uchraganidan keyingina muzokaralar stoliga o‘tiramiz. Ya’ni faqat o‘z shartlarimiz va talablarimizni muhokama qilamiz va bu to‘g‘ri qaror. Ularni esa istalgan odam bilan muhokama qilishimiz mumkin.

— Sizningcha, Ukraina rasmiylari hozir hamma narsani to‘g‘ri qilyaptimi?

Leonid Kuchma
: Hech kim hamma narsani to‘g‘ri qila olmaydi. Biroq, vaziyatning misli ko‘rilmagan ekstremalligi va murakkabligi hisobga olinsa, Ukraina hukumati kutilganidan ko‘ra ko‘proq va yaxshiroq ish qilmoqda.

Hokimiyatining dastlabki kunlarida ularga xuddi «noshudlar» sifatida qaralgan edi, bilishimcha, Putin ham shunday munosabatda bo‘lgan. Kremlning yana bir halokatli xatosi. Ammo men 2019 yil bahorida Volodimir Zelenskiyning katta salohiyati va niyatlarining samimiyligiga ishonganim va uni qo‘llab-quvvatlaganimdan chin dildan xursandman.

O‘ylaymanki, g‘alabamizning kaliti – bu xalq, armiya va hokimiyatning birligi, o‘ziga xos «Ukraina triadasi» bo‘lib, uni hatto Rossiyaning yadroviy triadasi ham yengib o‘tolmaydi. To‘g‘ri, prezidentning ayrim qarorlari jamiyatning turli guruhlari yoki siyosiy kuchlar o‘rtasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ammo bular taktika darajasidagi tafsilotlar xolos. Eng yuqori, strategik darajada esa Zelenskiy hamma narsani to‘g‘ri qilyapti.

Doimiy ravishda dunyodagi turli siyosiy institutlar, madaniy jamiyatlar va ekspert elitalariga murojaat qilyapti va ular tomonidan ajoyib qabul qilinmoqda va haqiqiy yordam olmoqda. Bu ham to‘g‘ri ish.

Harbiy qo‘mondonlik ishiga aralashmayapti, professional harbiy rahbarlarga ishonch bildiryapti, natijada Ukraina armiyasi ancha kuchliroq dushmanga qarshi kurashda mo‘’jizalar yaratmoqda. Bu ham to‘g‘ri.

Harbiy vazifalar mutlaq ustuvor bo‘lsa-da, korrupsiyaga qarshi kurash dasturlarini amalga oshirishga ham e’tibor qaratmoqda. Yevroittifoq ham buni a’zolikka qabul yo‘lidagi to‘g‘ri jarayon sifatida tasdiqlamoqda. Bu ham to‘g‘ri.

Eng muhimi: urushning birinchi kunidanoq prezident va oliy bosh qo‘mondon o‘z ish joyini tark etmadi, poytaxtdan ketish haqidagi har qanday takliflarni rad qildi. Bu esa bosqinning og‘ir kunlari va haftalarida sabr-toqatli bo‘lishimiz uchun juda muhim omil edi.

Bugungi kunda Zelenskiy dunyoda juda mashhur siyosatchi. Bu esa uning harakatlari to‘g‘ri ekanidan dalolat beradi. Aks holda bu maqomda ushlanib qolmas edi.

NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zolik to‘g‘risida

— Ukraina rasmiylari NATOni Ukrainaning alyansga a’zo bo‘lishini kechiktirayotganlikda ochiq aybladi. Sizningcha, NATOni shunchalik tanqid qilish kerakmi va hozir Yevro-Atlantika kursidan voz kechishga arziydimi?


Leonid Kuchma: Umid qilamanki, sizning ma’lumotlaringiz eskirgan va bugungi kunda bunday savol qo‘yilmayapti. Shu haftada, Ukraina va NATO o‘rtasida o‘ziga xos hamkorlik to‘g‘risidagi Xartiya imzolanganiga 25 yil to‘ldi, bu haqda maqola ham yozganman.

Bu jarayonlar uchun shaxsan javobgarlikni his qilaman, chunki Ukrainaning Yevro-Atlantika vektorini ochish sharafiga muyassar bo‘lganman: avvaliga 1997 yilda NATO-Ukraina xartiyasini imzolash orqali, keyin esa 2002 yilda Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi yig‘ilishida Ukrainaning NATOga to‘liq a’zo bo‘lishi strategik maqsad sifatida belgilangan paytda. Shu sababli, ukrainaliklarning alyansga qo‘shilish g‘oyasiga munosabati dinamikasini diqqat bilan kuzatib boraman.

Demak, faqat urushning birinchi haftalarida Yevro-Atlantika kursini qo‘llab-quvvatlash darajasi biroz pasaydi. Men buni, birinchi navbatda, Rossiya bilan muzokaralar boshida xavfsizlik kafolatlari evaziga neytral maqom qabul qilinishi taxmini bilan bog‘layman.

Ikkinchidan, NATO tomonidan Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatilishining qat’iyan rad etilishi ham jamiyatga og‘riqli ta’sir qildi.

Vaqt o‘tdi va ikkala omil ham kun tartibidan olib tashlandi. Aytgancha, Rossiya ultimatumining asosiy bandlaridan biri bo‘lgan neytrallik g‘oyasi, bilishimcha, endi ko‘rib chiqilmaydi. Rossiyaning vahshiyliklari va harbiy jinoyatlaridan keyin hech kim Kremlga ishonmaydi va hech qanday kafolat bermaydi.

NATO yordamiga kelsak, umid qilamanki, bu vaqt ichida biz olgan qurollarning deyarli barchasi alyansga a’zo davlatlar tomonidan berilgani ukrainaliklarga ayon bo‘ldi. NATO tashkilotining institutsional darajada mojaroga aralashishdan bosh tortishi Moskvaga nisbatan qo‘rqoqlik emas, balki har bir a’zo davlat oldidagi javobgarlikdan dalolat beradi.

Shimoliy Atlantika alyansi barcha a’zolarining xavfsizligini kafolatlaydi va shuning uchun Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv xavfidan qochadi. Bu paradoks, ammo bunday pozitsiya bizni NATOga to‘laqonli a’zolikka intilishimizga yanada ko‘proq undashi kerak.

Shaxsan men Ukraina uchun NATOga a’zo bo‘lishdan boshqa yo‘lni ko‘rmayapman. Ammo, menimcha, endi NATO ham strategik jihatdan qit’adagi eng jangovar armiyaga ega, Yevropaning eng yirik davlati – Ukrainaning qo‘shilishidan manfaatdor. Rossiya NATO uchun eng jiddiy tahdid sifatida rasman tan olinganini hisobga olsak, bu yanada dolzarbdir.

— Ukraina yaqinda Yevropa Ittifoqi a’zoligiga nomzod maqomini oldi. Sizningcha, yaqin kelajakda Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish imkoniyatlari qanchalik hayotiy?

Leonid Kuchma: Bu ko‘p jihatdan urushning qanday tugashiga bog‘liq. Agar Ukraina «abadiy mojaro hududi»ga, G‘arb va Rossiya o‘rtasidagi «kulrang hudud»ga aylanib qolsa, imkoniyat ko‘p bo‘lmaydi. G‘alaba qozongan Ukraina, ehtimol, Yevropa Ittifoqiga tez va muvaffaqiyatli a’zo bo‘ladi.

Ammo Yevropa Ittifoqining o‘zi qanday bo‘ladi? Bugun Yevropa hamjamiyatida ilgari tasavvur qilib bo‘lmaydigan tektonik jarayonlar yuz bermoqda.

Men anchadan buyon ta’kidlayman, agar a’zo mamlakatlardan biri boshqalarning yakdil qarorini to‘xtata olsa, YEI hech qachon samarali bo‘lmaydi. Ayniqsa, unda Putinga, yumshoq qilib aytganda «moyilroq» munosabatda bo‘lgan a’zolar borligini hisobga olsak. Endi esa Yevropa Ittifoqining tashqi siyosati bilan bog‘liq qarorlarni qabul qilishdagi yakdillik tamoyilini qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi, degan bayonotlar yangramoqda. Bu hal qiluvchi ovozga ega bo‘lgan Yevropa davlatlaridan birining rahbari, Germaniya kansleri Olaf Sholsning og‘zidan chiqqani muhim. Menimcha, bu mutlaqo to‘g‘ri.

Yevropa hamjamiyati tarixining avvalida atigi oltita a’zo davlat bor edi. Hozir esa ularning soni 27 ta. Bunday «simfonik orkestr» sharoitida yakdillik tamoyili qanchalik o‘rinli?

Agar YEI aynan shu yo‘nalishda o‘zgarib, yanada moslashuvchanlik va samaradorlikka erishsa, ishonchim komil, Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonimiz osonlashadi va unga a’zo bo‘lish Ukrainaga ancha strategik foyda keltiradi.

BMT haqida nima deyish mumkin?

— Agar xalqaro hamjamiyat haqida gapiradigan bo‘lsak, bugungi kunda Rossiya bilan urushayotgan Ukraina uchun yetarlicha ish qilyaptimi?


Leonid Kuchma: Bu juda ko‘p qirrali masala. Aynan qaysi hamjamiyat? Agar BMT nazarda tutilgan bo‘lsa, u deyarli hech narsa qilmayapti. BMT bilan sodir bo‘layotgan voqealar Ikkinchi jahon urushi arafasida va boshida Millatlar Ligasi taqdirini eslatadi – xuddi o‘sha nochorlik, qat’iyatsizlik, agressor davlat bilan munosabatlar.

O‘ylaymanki, bizning g‘alabamizdan so‘ng, demokratiya fashistik avtoritarizm ustidan g‘alaba qozonganidan keyin ko‘plab xalqaro tashkilotlar formatni tubdan o‘zgartirishni talab qiladi, chunki hozirgisi ishlamayapti. BMT eng faol va qat’iy harakat qilishi kerak bo‘lgan paytda to‘liq samarasizligini ko‘rsatdi.

Agar savolingizni shartli G‘arb hamjamiyati miqyosida toraytirsak, bu yerda ham noaniqliklar bor. Masalan, Yevropa Ittifoqi yoki NATOga a’zo bo‘lmagan ayrim mamlakatlarning pozitsiyasi meni afsusga soldi.

Ularning nomini aytishni istamayman, lekin o‘z tarixida dahshatli genotsid sinovlariga duch kelgan davlatning qirilib ketish xavfi ostida turgan Ukraina xalqi bilan birdam bo‘lishini kutish mumkin edi. Ammo, yo‘q – boshini qumga tiqib, tuyaqush pozasida turishibdi.

«Yujmash» zavodida. 2004 yil 23 iyul, Dnepr
O‘z navbatida, yaqinda o‘zining T-72 tanklarini Ukrainaga berishga qaror qilgan kichik Shimoliy Makedoniya nomini tilga olgan bo‘lardim. Men uchun bu chinakam hayajonli voqea. 2001 yilda makedoniyalik do‘stim va hamkasbim, prezident Boris Traykovskiyning iltimosiga binoan zirhli texnika va aviatsiyani ushbu Bolqon davlatiga bergan edim. Bu esa Makedoniya hukumatiga alban ayirmachilarining qurolli isyoniga javob qaytarish va mamlakat birdamligini saqlash imkonini bergandi.

Shimoliy Makedoniyaning hozirgi qadamini nafaqat birdamlik, balki yigirma yil avval qilingan yaxshilik uchun Ukraina xalqiga minnatdorlik ifodasi sifatida qabul qilaman. Tan oling, bunday qadam katta siyosatda kamdan kam uchraydi.

Leonid Kravchuk, Leonid Kuchma, Viktor Yushchenko va Petro Poroshenko 2019 yil yangi saylangan parlamentning ochilish sessiyasida
Ammo boshqa tarafdan olganda, faqat Ukraina xalqi va uning armiyasi g‘alaba uchun «yetarlicha» ish qila oladi, qolganlar faqat yordamchi bo‘lishi mumkin.

«Putinning o‘limini kutmang»

— Bu urushning oxirini ko‘ryapsizmi? Sizningcha, u qanday tugashi mumkin?


Leonid Kuchma: Birinchidan, Putin tez orada o‘lishini kutmang. Shuningdek, bu sanksiyalar Rossiyani iqtisodiy jihatdan o‘ldirishi, xalq esa to‘satdan urushga qarshi norozilik namoyishiga chiqishini ham kutmang. Bunday bo‘lmaydi. Ukraina kurashishi va hamma narsani jang maydonida hal qilishi kerak.

Albatta, hammamiz urushning iloji boricha tezroq tugashini xohlaymiz, chunki har lahzada frontda yana bir askarimiz, Rossiya bombalari ostida yana bir bolakay halok bo‘lishi mumkin. Ammo urush tez orada tugaydi, deb o‘ylamayman. Putin shosha-pisha qamoqxonalardan armiya to‘plamoqda va sharqiy avtokratiyalardan qurol-yarog‘ olmoqda. U hali ham qandaydir «g‘alaba»dan umidini uzmagan.

Urush qanday tugashi mumkin? Zamonaviy, sivilizatsiyalashgan dunyo mojarolarida, odatda, har bir tomon o‘zi uchun maqbul natijani, u yoki bu darajada g‘alaba qozonish yo‘lini izlaydi va mag‘lublar bo‘lmaydi.

Ammo bu bizga taalluqli emas. Putin yurtimizga juda ko‘p qayg‘u, vayronagarchilik va dahshatni keltirdi. Yuzlab ukrainalik bolalar halok bo‘ldi – bundan keyin u bilan qanday qilib murosaga kelish mumkin? Qarama-qarshilik shu darajada jiddiylashdiki, endi bu urushda faqat bitta g‘olib bo‘lishi mumkin – va biz g‘olib bo‘lishimizga ishonaman. Hozirda tomonlar uchun maqbul natijalar shu qadar farq qiladiki, fikrlar bir joydan chiqishi uchun imkoniyat yo‘q.

Ukrainaga o‘z yerlarini tark etish, o‘z xalqini okkupatsiya ostida qoldirish maqbul emas. Rossiya rasmiylari esa o‘z xalqi va G‘arb oldida xuddi omadsizdek, mag‘lub bo‘lgandek ko‘rinishni istamaydi. Chunki bosib olingan hududlarni tark etish xuddi shuni anglatadi.

Bundan tashqari, tomonlarning har biri o‘zining kuchayishiga umid qilmoqda. Vaqt o‘tgan sayin bizda G‘arb qurollari shunchalik ko‘p bo‘ladi, Rossiyada esa turli harbiy safarbarlik va iqtisodiyotni harbiy relslarga o‘tkazish choralari ko‘riladi.

Urushning borishi va davomiyligiga qattiq ta’sir ko‘rsatadigan turli omillar bor – masalan, janubiy frontda qarshi hujumga o‘tilishi yoki Xersonning ozod qilinishi. Va aksincha, sovuq tushishi bilan Rossiya gazisiz qolgan G‘arbdagi sisyosiy inqirozlar – bularning barchasi o‘t ochishni to‘xtatish muddatiga ta’sir qilishi mumkin, ammo bizning foydamizga emas.

Unutmaslik kerak, Yevropa birligini, Yevro-Atlantika hamjamiyatining yaxlitligini buzish Kremlning asosiy maqsadlaridan biri. Putinning arsenalida esa buni amalga oshirishda qo‘llanadigan qurollar ko‘p – yolg‘on tashviqot va manipulyatsiya, qo‘rqitish va shantaj.

Ancha vaqtdan beri rus pullari bilan sug‘orilayotgan va korrupsiyalashgan G‘arbning ba’zi elitasi ham Moskvaga yordam bermoqda (Shryoder va Fiyon – aysbergning uchi, xolos). Shuningdek, «oddiy yevropaliklar»ning maishiy qulayliklar va farovonliklardan mahrum bo‘lishga tayyor emasligi ham. Bir narsani tushunib olishimiz kerak – G‘arb biz uchun nafaqat bebaho yordam, balki ehtimoliy muammolar manbayi hamdir.

Vladimir Putin 2000 yil ilk bor Rossiya prezidentligiga kelganida Ukrainada Kuchma prezident edi. 2003 yildayoq Tuzlada mojaro kelib chiqqan, mamlakatlar o‘shanda ham harbiy mojaro yoqasiga kelgandi. Foto: UKRINFORM
Yadro zarbasi ehtimoli

— Rossiya rasmiylarining yadroviy zarba haqidagi tahdidlari qanchalik jiddiy?

Leonid Kuchma: Yadro quroli bilan tahdidlar doimo jiddiy. Umrining yarmini raketa ishlab chiqishga bag‘ishlagan odam sifatida menga ishonishingiz mumkin. Yadro quroliga taalluqli hamma narsa doimo jiddiydir. Menimcha, siz bu tahdidlarning jiddiyligini emas, balki naqadar haqqoniy ekanini nazarda tutdingiz.

Men Rossiyaning strategik salohiyatidan foydalanishini istisno qilaman. Men bunga umuman ishonmayman. Davlat faqat o‘zining mavjudligiga real tahdid bo‘lsa yoki yadro zarbasiga uchragan taqdirda, bunga javoban strategik yadro qurolini ishga solishi mumkin.

Rossiya bunday qurollarni faqat Qo‘shma Shtatlarga qarshi qo‘llashi mumkin, qit’alararo raketalarni joylashtirish va nishonini belgilash xususiyatlari shunday. Ammo Putin AQSH unga tahdid qilmasligini va birinchi bo‘lib zarba bermasligini juda yaxshi biladi. Strategik yadro qurolidan foydalanish avtomatik tarzda javob zarbasini olishni va kafolatlangan o‘limni anglatadi. Hatto geosiyosatda «bir-birini kafolatlangan tarzda yo‘q qilish» atamasi ham bor. Putin o‘z joniga qasd qilmoqchi emas.

Taktik yadro quroliga kelsak, afsuski, bunda vaziyat ancha murakkab. Men bu xavfni istisno qilmayman. Gap shundaki, yadro qurolidan xoli Ukraina Rossiyaga munosib tarzda javob zarbasini bera olmaydi. Jazosiz qolish tuyg‘usi esa o‘n yildan ortiq vaqt davomida Putin harakatlarining asosiy dvigateli bo‘lib kelmoqda.

Agar frontdagi vaziyat tahdid soladigan bo‘lsa, yo‘q, Rossiyaning mavjudligi yoki xavfsizligiga emas, balki faqat Putinning siyosiy pozitsiyalari va rejimining barqarorligiga tahdid soladigan bo‘lsa, Kreml taktik yadro qurolidan foydalanishi mumkin.

Buning oldini olish mumkinmi? Umid qilamanki, ha. Biz bu yerda Putinni to‘xtata olmaymiz. Lekin g‘arblik ittifoqchilarimiz to‘xtata oladi.

Ogohlantiruvchi sanksiyalar Rossiyani bosqinchilikdan qaytaruvchi omil bo‘lishi mumkinligini aytgandim. Ishonchim komilki, agar, masalan Qo‘shma Shtatlar Putinni Ukrainaga nisbatan yadroviy qurolni qo‘llash oqibatlaridan ogohlantirsa, uni to‘xtatish mumkin.

Va men maxsus aloqa kanallari orqali bunday ogohlantirish allaqachon berilganini istisno qilmayman. Chunki vaziyat juda qaltis. Agar u izdan chiqib ketsa, zanjir reaksiyasini to‘xtatib bo‘lmaydi. Rossiya bosqinidan keyin dunyo avvalgidek bo‘lmasligini hamma aytmoqda. Agar yadro qurolidan foydalanilsa, dunyo butunlay yo‘qolishi mumkin.

— Dunyo uchinchi jahon urushi yoqasida turibdimi? Masalan, Rossiya Litva yoki Polshaga hujum qilishi mumkinmi? Bu imkoniyat qanchalik real?

Leonid Kuchma: Hitler Polshaga hujum qilganida, hali hech kim jahon urushi boshlanib qolganini bilmas edi. Ukraina tajovuzga qanday javob qaytarishidan kelib chiqadigan bo‘lsak, uchinchi jahon urushining oldini olish mumkin yoki u allaqachon davom etmoqda. Agar bardosh bersak, Putin harakatini to‘xtatadi. Agar bardosh bera olmasak, qo‘rqamanki, buning «davomi bo‘ladi». Lekin biz bardosh beramiz.

Biroq, Rossiya agressiyasi geografiyasi kengaygan taqdirda ham, menimcha, xavf Litva yoki Polshaga emas, balki NATOdan tashqaridagi postsovet respublikalariga tahdid soladi. Moldova va Shimoliy Qozog‘istonga nisbatan ishoralar qilindi, Gruziya ham tilga olindi. Chunki Rossiya faqat o‘zidan ancha zaif bo‘lganlarga hujum qiladi.

Rossiya o‘z harbiy kuchlarining eng jangovar qismlarini yo‘qotdi. Bunday sharoitda NATOga hamla qilolmaydi. Oddiy urushda NATO rus armiyasini kukunga aylantiradi, yadro urushida esa Rossiya yo‘q qilib yuboriladi. Putin faqat ikkita yo‘lga – mag‘lubiyat yoki o‘limga olib boruvchi urushni boshlay oladimi? Aqli raso odam faqat bitta javobni bergan bo‘lardi. Lekin, faqat aqli raso odam. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kuchma Rossiya bosqini, Putinning rejalari va yadro urushi ehtimoli haqida VVSga intervyu berdi