19:43 / 01.09.2022
1 344

Ozarbayjon va Armaniston yetakchilari Bryusselda uchrashdi: dastlabki natijalar ma’lum...

Ozarbayjon va Armaniston yetakchilari Bryusselda uchrashdi: dastlabki natijalar ma’lum...
31 avgust kuni Belgiya poytaxti Bryusselda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hamda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Yevropa Ittifoqi kengashi raisi Sharl Mishel ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Bu uch tomonlama formatda tashkil qilingan to‘rtinchi uchrashuvdir.

YEI kengashi raisi uchrashuv yakuni bo‘yicha bergan bayonotida muzokaralarni ochiq va samarali deb atagan.

«Bugun biz Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlarni tartibga soluvchi tinchlik bitimiga doir amaliy ishlarni jadallashtirishga kelishib oldik. Tashqi ishlar vazirlariga loyiha matnini tayyorlash uchun oy davomida uchrashish topshirig‘i berildi», – deyiladi bayonotda.

Muzokarada gumanitar masalalar, jumladan, hududlarni minadan tozalash, asirlar va bedarak yo‘qolganlar taqdiri, transport yo‘llarini ochishga ham e’tibor qaratilgan.

Bugungi kunda mintaqada barqarorlikni o‘rnatish Ozarbayjon hamda Armaniston o‘rtasidagi chegaralarni belgilashga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, tomonlar Bryusselda noyabr oyida chegaralar delimitatsiyasi bo‘yicha komissiya yig‘inini o‘tkazishga kelishib olgan. Noyabrda, shuningdek, davlat yetakchilarining uch tomonlama navbatdagi uchrashuvi ham tashkil etilishi kutilmoqda.

Ozarbayjon prezidentining yordamchisi Hikmat Hojiyev Bryussel uchrashuvi yakuni bo‘yicha bergan bayonotida ikki mamlakat o‘rtasida munosabatlarni izga solishda YEIning rolini yuqori baholagan.

Bryusseldagi uchrashuvlar tahlilchilar tomonidan tinchlik yo‘lidagi umidli qadam deb baholanmoqda. Joriy yil 22 may kuni ham uch davlat yetakchisi uchrashib, Janubiy Kavkazdagi vaziyatni muhokama qilgan edi.

Ozarbayjon prezidenti, Armaniston bosh vaziri va YEI kengashi raisi Bryusselda joriy yil 6 aprel kuni ham muzokara o‘tkazgandi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil mart oyida Ozarbayjon Armanistonga besh banddan iborat taklif bilan murojaat qilgan. Takliflar paketi o‘zaro suverenitet, hududiy yaxlitlik va xalqaro chegaralarni tan olish, bir-biriga nisbatan hududiy da’vo bilan chiqmaslik, BMT nizomlarida doirasida ish tutgan holda bir-biriga tahdid solmaslik, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, o‘zaro transport va kommunikatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish kabilarni o‘z ichiga oladi.

2020 yilning 27 sentabridan 10 noyabriga qadar Qorabog‘da davom etgan 44 kunli urush yakunida Ozarbayjon xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra o‘ziga tegishli bo‘lgan hududlarni qaytarib oldi. 2020 yil 10 noyabr kuni Ozarbayjon, Armaniston va Rossiya rahbarlari o‘t ochishni to‘xtatish haqida uch tomonlama bitim imzoladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ozarbayjon va Armaniston yetakchilari Bryusselda uchrashdi: dastlabki natijalar ma’lum...