
Xerson bo‘ylab yopishtirilgan targ‘ibot taxtalaridan tortib, Rossiya va Moskva tomonidan tayinlangan rasmiylarning otashin chiqishlarigacha, o‘tgan yil davomida «Rossiya bu yerda abadiy» degan “ashula”ni aytishayotgan edi.
Ammo bu kabi da’volar shu kunlarda kulgi ostida qoldi, chunki payshanba kuni o‘n minglab rus qo‘shinlari xuddi janubiy viloyat poytaxtidan shoshilib olib chiqib ketildi va Ukraina kuchlari bir kundan keyin shaharga kirishdi.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan bosib olgan eng yirik shahar markazidan chekinishi urushdagi tektonik siljishni anglatadi, sustlashib borayotgan Ukraina iqtisodini kuchaytiradi va Moskvaning sobiq Sovet Ittifoqi va undan tashqaridagi geosiyosiy nufuzini yanada pasaytiradi, deydi tahlilchilar.
Kattaligi Belgiya hududichalik Xerson viloyati 24 fevraldagi bosqindan bir necha kun ichida bosib olinib, Rossiyaning eng yirik va strategik fathiga aylandi.
Sentyabr oyi oxirida Rossiya Ukraina va uning ittifoqchilari tomonidan noqonuniy deb e’lon qilingan Xerson viloyati va Ukrainaning yana uchta viloyatini anneksiya qilganini e’lon qildi.
Ammo chorshanba oqshomida, bir necha hafta davom etgan Ukraina qarshi hujumi avj olishda davom etar ekan, ta’minot liniyalarida qiyinchilikka uchragan Rossiya rasmiylari askarlarning hayotini saqlab qolish uchun poytaxtdan qo‘shinlari olib chiqilishini e’lon qildi.
Chekinish e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, kremlparast shaxslar o‘nlab tanklar va bronetransportyorlar yo‘qotilganidan noliy boshladilar.
«Nega bularning barchasi portlatib yuborilmadi yoki yoqib yuborilmadi?» – deb ritorik savol bergan rossiyalik harbiy muxbir Yuriy Kotenok.
Juma kuni ertalab, Ukraina qo‘shinlari Xersonga qaytishdan oldin shahardagi ukrain fuqarolar shahar meriyasi tepasiga Ukraina bayrog‘ini osib qo‘ygan edi.
Biroq Kreml mintaqa «Rossiyaning bir qismi» qolayotganini iddao qilib, Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov «hech qanday o‘zgarish bo‘lishi mumkin emas», dedi.
Biroq haqiqat shuki, Moskva Ukrainaning eng katta va eng keng daryosi bo‘lmish Dneprning g‘arbiy qirg‘og‘idagi yagona qo‘rg‘onini yo‘qotdi.
«Ukraina qo‘shinlari endi ruslarga Dneprni kesib o‘tishga ruxsat bermaydi», deydi Germaniyadagi Bremen universitetining rossiyalik mutaxassisi Nikolay Mitroxin Al Jazira telekanaliga.
G‘alabadan ruhlangan Ukraina qo‘shinlari aholi kam yashaydigan cho‘l hududlari orqali Azov dengizidagi janubi-sharqiy Berdyansk, Melitopol va Mariupol portlariga o‘tishi mumkin, deydi Mitroxin.
Agar bu voqea sodir bo‘lsa, Xerson viloyatining hali ham ishg‘olda bo‘lgan qismidagi rus qo‘shinlari 2014 yilda Rossiya qo‘shib olgan Qrim yarim oroliga qaytishga majbur bo‘lishi mumkin, sharqda esa ular Donbassning ayirmachilar nazoratidagi qismlariga chekinishi kerak bo‘ladi.
Rossiya aprel oyida Kiyev va Ukraina shimolidan qo‘shinlarini olib chiqib ketganidan so‘ng, butun e’tiborni Ukraina janubini, jumladan Qora dengizdagi Odessa porti va qo‘shni Moldovaning rossiyaparast bo‘lginchi mintaqasi bo‘lgan Dnestrbo‘yini bilan chegaradosh hududlarini egallashga qaratmoqchi edi.
Mitroxinning so‘zlariga ko‘ra, endi bu rejalar ham barbod bo‘lgan ko‘rinadi.
Ammo eng muhimi, uning qo‘shimcha qilishicha, Xersonning yo‘qotilishi Rossiyaning prezident Vladimir Zelenskiy hukumatini ag‘darish, uning mamlakatini «demilitarizatsiya qilish» va uning NATOga qo‘shilish rejalarini barbod qilgan.
«Endi Ukrainani “denatsifikatsiya” va “demilitarizatsiya” haqida gapirmasa ham bo‘ladi, muhim g‘alabalar haqida gap ham ketmaydi», degan Mitroxin.
Ayni paytda ba’zi g‘arblik tahlilchilarning ta’kidlashicha, Ukraina qo‘shinlarining G‘arb qurollari bilan mustahkamlangan g‘alabali oldinga siljishiga hatto yaqin oylardagi sovuqlar ham to‘sqinlik qilmasligi mumkin.
Xerson viloyati don, sabzavot va mevalar, shu jumladan mashhur tarvuzlar yetkazib beruvchi viloyat edi.
Ruslar chekingan yerlar hisobiga ulkan Novaya Kaxovka to‘g‘oni yaqinidagi sug‘oriladigan dalalar ham kiradi.
Ukraina «qishloq xo‘jaligi salohiyatini tiklamoqda», deydi kiyevlik tahlilchi Oleksiy Kushch Al-Jazira telekanaliga bergan intervyusida va u voqealar rivoji Ukrainaning pasayib ketgan iqtisodiyotiga turtki berishi mumkinligini aytdi.
Novaya Kaxovkadagi to‘g‘on qurg‘oqchil Qrim yarim oroli uchun ham suv manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Rossiya tomonidan mart oyida Xerson qo‘lga kiritilgandan so‘ng birinchi qadamlardan biri Ukraina 2014 yilda to‘sib qo‘ygan Qrim kanali orqali suv ta’minotini tiklash bo‘ldi.
Ukraina kuchlari to‘g‘on nazoratini o‘z qo‘liga olgach, Qrim yana eng katta suv manbasidan mahrum bo‘lishi kutilmoqda.
Xersonda oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash zavodlari va kemasozlik zavodlari joylashgan bo‘lib, ular Ukrainaning asosiy eksporti bo‘lgan don va po‘latni tashish uchun foydalaniladi.
Ammo navigatsiya hozircha mumkin emas, chunki Rossiya Dneprdan Qora dengizga va undan keyin O‘rtayer dengiziga yo‘lni to‘sib qo‘yuvchi Nikolay viloyati janubidagi so‘nggi tayanchi bo‘lgan Kinburn ko‘rfazini nazorat qiladi, dedi Kushch.
«Og‘riqsiz istiqbollar yo‘q»
Kattaroq miqyosda Xersonning yo‘qolishi Rossiyada siyosiy qatag‘onlarning davom etishini anglatadi, chunki Kreml urush tanqidchilariga bosimni kuchaytiradi.
Tahlilchilar, shuningdek, Xersonning chekinishi Kremlning postsovet hududida, xususan, Markaziy Osiyodagi geosiyosiy yo‘qotishlarining cho‘qqisi ekanligini ta’kidlaydi.
«Tabiiyki, Rossiyaning mintaqaviy kuch sifatidagi nufuzi Markaziy Osiyo davlatlari nazarida pasaymoqda», deydi Britaniyaning Central Asia Due Diligence tahliliy markazi rahbari Alisher Ilhomov Al Jazira telekanaliga.
«Bu Xitoy va Turkiya to‘ldirishga shoshilayotgan mintaqada geostrategik yetakchilik va tegishli homiylik bo‘shlig‘ini yaratadi», dedi u.
Qolaversa, Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlari, shuningdek, G‘arbning Ukrainaga nisbatan pozitsiyasi Xitoy tomonidan diqqat bilan kuzatilmoqda.
«Pekin Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini kuzatmoqda va agar Xitoy Tayvanga bostirib kirishga qaror qilsa, Rossiya uchun nimani anglatishini o‘ylab, Rossiyaga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni sinab ko‘rmoqda», dedi Carnegie Politika tahlil markazi tahlilchisi Temur Umarov avvalroq Al Jazira telekanaliga bergan intervyusida. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar