
Shu yilning 16 sentyabr kuni Tehronda Mahsa Aminiy vafotidan so‘ng “ayollar, hayot, erkinlik” shiori bilan boshlangan namoyishlar to‘qqizinchi haftada ham davom etmoqda. Namoyishlar chog‘ida minglab oliy o‘quv yurti talabalari qo‘lga olingan bo‘lsa, 410 kishi hayotdan ko‘z yumgan.
Vaqti-vaqti bilan so‘nayotgandek ko‘ringan norozilik harakatlari faollarning dafn marosimlari yoki marhumlarning “Yigirma”, “Qirq” degan motam marosimlari ta’sirida yana avj olyapti. Bu lidersiz harakat internetdan qilingan qo‘ng‘iroqlar bilan ko‘plab shaharlarda ko‘chalarga chiqayotgan bir paytda, olomon ayniqsa inqilobiy ehtirosli Z avlodi yoshlardan iborat ekanligi ko‘rinib turibdi. Aftidan, Erondagi "ozodlik izlash" iqtisodiy muammolardan ko‘ra ko‘proq ommani harakatga keltiradi.
Juma kuni tarqalgan xabarlarga ko‘ra, namoyishchilar Islom respublikasi asoschisi Oyatulloh Humayniyning ota-bobolari yashagan va keyinchalik muzeyga aylantirilgan uyga o‘t qo‘ygan.
Bundan bir yarim oy avval Eron ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ma’cud Mirahmadiy “Bugundan boshlab qo‘zg‘olon joyida qo‘lga olinganlar sud qilinmaguncha hech qanday holatda qo‘yib yuborilmaydi”, deya bayonot bergandi. Vazir o‘rinbosari namoyishchilarga keskin va qat’iy jazolar berilishini aytgan bo‘lsa-da, bundan biror bir natija chiqqani ko‘rinmayapti.
Hukumat hech kimni ayab o‘tirmayapti. Hatto Eron futbol terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar Ali Dayi ham namoyishlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun hibsga olingani haqida xabar berildi.
Ayrim manbalarga ko‘ra, namoyishchilardan biri o‘lim jazoga ham mahkum etilgan. Ayblanuvchi Saman Saidiy hukumat binosiga o‘t qo‘yish, osoyishtalikni buzish, milliy xavfsizlikka qarshi jinoiy til biriktirish va o‘qotar quroldan foydalanishda aybdor deb topildi. Ayblanuvchi "Xudoning dushmani" deb e’lon qilingan. Aminiyning o‘limi haqida birinchi bo‘lib yozgan ikki jurnalist – Nilufar Hamdiy va Yelayi Muhammadiyga ham o‘lim jazosi berilishi mumkinligi aytilmoqda.
Yillar davomida Isroil bilan dushmanligi ortidan AQSH va uning hamtovoqlari tomonidan sanksiyalar girdobidan olingani uchun Eron iqtisodiy qiyinchilikka yuz tutgan. Buning ortidan asosiy jabr oddiy xalqqa keladi. Ijtimoiy muammolardan ezilgan aholining sabr kosasi allaqachon to‘lgan.
Aminiyning o‘limi jamoatchilikka ta’sir qilgani rost, biroq bu ko‘pchilikning to‘lib turgan sabr kosasiga oxirgi tomchi bo‘lgani ham e’tiborli. Hijob kiyishga norozilik bildira boshlagan va ayniqsa, jins, din va etnik kelib chiqishiga ko‘ra farqli kishilar ham ijtimoiy dardlar ta’sirida birlashmoqda. Eron g‘arbida asosan kurdlar va ozarbayjonlar yashaydi. Ularning ham ijtimoiydan tashqari siyosiy tashvishlari ham bor.
Sababi rasmiy Tehron Isroildan tashqari aksar arab davlatlari bilan, shuningdek, tarixiy qo‘shnisi Ozarbayjon bilan, bundan tashqari mintaqada yetarli kuch-qudrat va ta’sirga ega Turkiya bilan ham murosasi soz emas. Aksincha, Armaniston bilan aloqasini kuchaytirib borayotgani foydadan ko‘ra ziyonga ishlashi mumkin. Bular yetmaganday, bir oy avval Eron Armanistonning janubida, Ozarbayjonni Naxchivon bilan bog‘laydigan Zangezur yo‘lagining yaqinida joylashgan Kapan shahrida o‘z konsulligini ochdi.
Kuni kecha Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev Eron bilan bog‘liq jiddiy bayonot berdi. Uning aytishicha, Eron shu paytga qadar Ozarbayjon bilan chegara yaqinida bir necha oy ichida ketma-ket ikki marta harbiy amaliyot o‘tkazmagandi. Baku o‘ziga qarshi qaratilgan barcha harakatlarga munosib javob berishda davom etadi. Bundan tashqari “O‘z turmush tarzimizni himoya qilish uchun hamma narsaga tayyormiz. Bu Eronda yashaydigan ozarbayjonlarga ham... Ular millatimiz bir qismi”, – degan Ozarbayjon rahbari.
Rossiya bilan yaqinligi va unga qurollar yetkazib berayotgani ham dunyo hamjamiyatining jiddiy e’tiroziga, ta’bir joiz bo‘lsa, g‘azabiga duchor bo‘lmoqda. Yaqinda Germaniya kansleri Olaf Shols Yevropa Ittifoqi Eronga Rossiyaga uchuvchisiz uchoqlar yetkazib berilayotgani sababli qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy etishini aytgandi.
Xullas, Aminiyning o‘limi ortidan boshlangan noroziliklar namoyishi xalqning boshqa muammolarini izhor qilishga ham sababchi bo‘ldi. 19 noyabr kuni Eron g‘arbidagi kurd shaharlarining aksariyatida o‘tkazilgan norozilik aksiyalari fikrimizni quvvatlaydi. Xuddi shunday norozilik namoyishlari Kurdiston viloyatining Sanandaj, Sakkiz, Marivon, Devondara va Kamyaran shaharlarida, shuningdek, G‘arbiy Ozarbayjon viloyatining Bukan, Mohobod, Piranshahr, Xoy va Usnu shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi.
Eronning rasmiy ommaviy axborot vositalari va Inqilobiy gvardiya armiyasi namoyishchilarni "isyonchilar" deb ta’riflab, qonli voqealarga guvoh bo‘lgan ayrim shaharlarda "terrorchilik harakatlari" sodir bo‘lganini iddao qilmoqda. Inqilobiy gvardiya armiyasi og‘ir qurollangan qo‘shimcha kuchlarni Mahobod shahriga yuborganidan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videolardan bilish mumkinki, shanba kuni kechdan yakshanba tongiga qadar Ozarbayjon viloyatining Mahobod va Bukan shaharlarida qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi.
Tehronning namoyishlarga munosabati
Eron shimoli-g‘arbidagi Hamza Sayyid ash-Shuhada bazasi qo‘mondoni Inqilobiy gvardiya armiyasi 14 noyabr kuni Iroq shimolidagi terrorchilar qarorgohiga raketa hujumlarini uyushtirgani va bu guruhlarning ba’zi a’zolari qo‘zg‘olonni qo‘zg‘ash maqsadida harakat qilayotgan paytda hibsga olinganini iddao qildi. Ular tartibsizliklarda, banklarga hujumlarda, qotilliklarda va mamlakatga qurol olib kirishda qatnashganliklarini e’lon bildirildi.
21 noyabr kuni Tehron Eron Kurdiston Demokratik partiyasi qarorgohi va Iroq shimolidagi Komala shahriga raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari (dron) yordamida hujum uyushtirganini e’lon qildi. Mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra, Erbil viloyatining Ko‘ysancak tumanidagi Eron Kurdiston Demokratik partiyasi qarorgohiga raketa orqali, Sulaymoniya viloyatining Zirguyez tumanidagi Komala markaziga uchuvchisiz havo vositasidan hujum uyushtirildi.
Bu xabarlardan ham tushunilishi mumkinki, Eron, ayniqsa, etnik ozchiliklar yashaydigan hududlardagi harakatlarni tashqaridan qo‘llab-quvvatlangan "terror voqealari" baholamoqda. Shu munosabat bilan Eron Bosh shtab boshlig‘i general-mayor Muhammad Baqori o‘z qo‘mondonlarini an’anaviy yondashuvlar endi ish bermasligidan ogohlantirdi va norozilik harakatini xorijiy ta’sirga qarshi kengroq urushning bir qismi sifatida joylashtirdi. "Diktatorga o‘lim" kabi shiorlar nishoniga aylangan Inqilob Rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy muxolifatning ichkaridan chiqqanini inkor etib, AQSH, Isroil va Saudiya Arabistoni kabi tashqi aktyorlarni ayblamoqda. Uning fikricha, yagona yechim – qarshilik ko‘rsatish.
Etnik ozchilik yashaydigan hududlarga muammo ko‘p...
Tehron hukumati ozchiliklar yashaydigan hududlarda "xavfsizlik"ga e’tibor qaratsa-da, etnik ozchiliklar yashaydigan hududlar mamlakatning eng qashshoq mintaqalari qatoriga kiradi va ularda ishsizlik darajasi eng yuqori. Eronning 31 viloyatida ishsizlik o‘rtacha 8,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, Siston-Baluchistonda 11,4 foiz va Kurdiston viloyatida 10,2 foizni tashkil etadi.
Mohoboddagi so‘nggi voqealar uchun xavfsizlik tekshiruvini talab qilgan mahalliy deputat Jalol Mahmudzoda mintaqa bilan bog‘liq muhim bir nuqtaga e’tibor qaratmoqda. Mahmudzoda kurd mintaqalaridagi sharoitning boshqa mintaqalardan farqli ekanini, bu hududlardagi o‘zgarishlar juda nozik va xalq talablari yillar davomida to‘planib qolganini ta’kidlaydi. Tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmasa, inqiroz davom etishi va odamlarning g‘azabi kuchayishi ehtimolini ta’kidlagan Mahmudzoda, bu viloyatlar yoshlari yillar davomida ishsizlik, qashshoqlik va kamsitishlardan aziyat chekayotganini ta’kidlaydi.
Bu begunoh odamlarga qarata o‘q uzish tizim yoki mamlakat manfaatiga to‘g‘ri kelmasligini aytgan Mahmudzoda xalq tinchligini ta’minlashni, hokimiyatdan uzr so‘rashini, yetkazilgan zararni qoplashni, halok bo‘lganlarni shahidlar toifasiga kiritishni talab qilmoqda. Kurd hududlarida inqirozning boshlanish nuqtasi ekanini ifoda etgan Mahmudzoda mamlakatda diniy va etnik kamsitish borligini, mamlakat imkoniyatlari adolatli taqsimlanmaganini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, odamlar o‘z talablarini tinch yo‘l bilan aytishlari mumkin emas, bu talablar inobatga olinmagani bois muammolar jiddiylashib, bu jarayon butun mamlakat bo‘ylab keng ko‘lamli noroziliklarga sabab bo‘lmoqda.
Albatta, Mahmudzoda bu muammolarni birinchi marta aytayotgani yo‘q. Eronning etnik ozchiliklar yashaydigan mintaqalardagi muammolari ancha tuzilmaviydir. Shunday ekan, bu yerdagi muammolarni hal qilish oson ko‘rinmaydi. Eron ma’muriyati bu hududlardagi harakatlarni qattiq kuch bilan bostirishga urinayotgani haqida signal bermoqda. Biroq, bu yondashuv mintaqada faoliyat yuritayotgan terror tashkilotlarining o‘z so‘zlari va harakatlarini qonuniylashtirishi hamda xalqning qo‘llab-quvvatlashiga erishishi uchun ijobiy natijalar beradi.
Hukumat yon beradimi?
Parlament spikeri Muhammad Boqir Kalibafning aytishicha, tez orada mamlakatda xavfsizlik to‘liq tiklanadi, shuning uchun Islom Respublikasi doirasida iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy sohalarda yangi turdagi hukumatni yaratish uchun qonuniy va zarur o‘zgarishlar boshlanadi.
Parlamentning sobiq spikeri, nufuzli siyosatchi Ali Larijoniy ham politsiya nazorati ostidagi majburiy hijobga barham berishga ochiqdan-ochiq chaqirdi. Lariconiy bu muammoga madaniy yechim borligiga ishonganini bildirdi. Bu yuqori amaldorlarning ba’zi mo‘’tadil ohanglari konservativ hukmron elita siyosatidagi o‘zgarishlarni aks ettiradimi yoki ular tobora keskinlashib borayotgan norozilik namoyishlarini tinchlantirishga qaratilgan so‘zlarmi? Bu rejim namoyishchilarni qonuniy ijtimoiy kuch deb hisoblay boshlaganini ham anglatadimi? Albatta, bu savollarga vaqt aniq javob beradi.
Biroq, ayrim tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Eronda 2020 va 2021 yillardagi saylovlarda islohotchilar parlament va shtat kadrlaridan chetlashtirilgach, konservatorlar, ya’ni “mo‘’tadil konservatorlar” va “radikal konservatorlar” o‘rtasidagi bo‘linish chuqurlasha boshladi. Shu ma’noda Muhammad Bakir Kalibaf so‘nggi bayonotlarida mo‘tadil konservativ pozitsiyani egallaydi. Unga bu rolni tizim bergan bo‘lishi ehtimoli yuqori. Chunki uning o‘zi ham shu yo‘nalishda fikrlari bor.
Shu bilan birga, ba’zi kuzatuvchilar Eron konservativ lageridagi ikki fraksiya o‘rtasidagi bo‘linishni xalqqa qarshi “yaxshi politsiyachi” o‘yinining bir qismi deb hisoblashadi. Balki bu yondashuvda qandaydir haqiqat bordir. Bularning barchasi Tehron ma’muriyati kichik islohotlarga tayyorligini bildiradi. Qonuniy bo‘lmasa ham, jamoat sohasida majburiy yopish masalasida amalda ba’zi cho‘zilishlar mumkin.
Eronliklarni nima rozi qiladi?
Kichik islohotlar esa Eron xalqini qoniqtirmasa kerak. Eron xalqining talablari tarkibiy o‘zgarishlarni talab qiladi. Shuningdek, tizim ichida islohotga umid qilayotgan “Yashil Harakat”dan farqli o‘laroq, bugun ko‘chalarni to‘ldirgan muxolifat to‘lqini Eron rejimini qat’iy rad etadi. Ammo namoyishchilarning siyosiy partiyasi ham, yetakchilari ham yo‘q. Ular ham mafkuraviy motivlarga ega emaslar. Shu bois, ular hibsga olinishi bilanoq pushaymonliklarini bildirgani xabar qilingan. Shuning uchun bu noroziliklarning rejimga putur yetkazishi aniq bo‘lsa-da, rejim o‘zgarishiga olib kelishi mumkin emasdek.
Ayni paytda Eron hukumati bu noroziliklarni bostirish uchun kuch va imkoniyatga ega. Eron ma’muriyati namoyishlar nazoratdan chiqib ketadi deb o‘ylasa, 1999 va 2009 yillardagi kabi namoyishlarni bostirishdan tortinmaydi.
Ahmad Ali tayyorladi
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar