Rossiyada chet elliklar soni keskin kamaydi, sabablar ochiqlandi

Rossiyada xorijliklar soni so‘nggi bir yil ichida sezilarli qisqardi. 1 aprel holatiga ko‘ra, mamlakatda 6,1 million nafar chet el fuqarosi yashab turibdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yildagi 6,8 millionga nisbatan qariyb 700 mingga kamaygan.
Rossiya Xavfsizlik kengashi ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida mamlakatga 2,5 millionga yaqin xorijlik kirgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan taxminan 15 foizga kam demakdir.
Migratsiya oqimining asosiy qismini MDH davlatlari fuqarolari tashkil etadi. Ularning ulushi 72 foizdan ortiq bo‘lib, qariyb 1,8 million nafarni tashkil qilgan.
Shu bilan birga, rasmiylar yashash guvohnomalarini bekor qilish holatlari ham keskin oshganini ma’lum qildi. Hisobot davomida 8,3 mingga yaqin qaror qabul qilingan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan deyarli ikki barobar ko‘pdir.
Hozirgi kunda Rossiyada doimiy yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan xorijliklar soni 581 ming nafarni tashkil etmoqda.
Bundan tashqari, 2024 yil dekabridan buyon 56 mingdan ortiq shaxs soxta hujjatlar bilan mamlakatga kirishga uringani qayd etilgan. Shu davr mobaynida 10,5 millionga yaqin xorijlik o‘z biometrik ma’lumotlarini topshirgan.
Mutaxassislar fikricha, migratsiya siyosatidagi qat’iylashuv, nazoratning kuchayishi va yangi talablar joriy etilishi xorijliklar soni kamayishiga asosiy omil bo‘lmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!