Singapurda bulling qilgan o‘quvchilarga qattiq jazo joriy etildi

Singapur maktablarida tartib-intizomni mustahkamlashga qaratilgan yangi qoidalar kuchga kirdi. Endilikda o‘quvchilar orasida haqorat, zo‘ravonlik yoki bulling holatlariga yo‘l qo‘ygan o‘g‘il bolalarga nisbatan keskin choralar, jumladan, tayoq bilan jazolash ham qo‘llanilishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, mazkur jazo faqat oxirgi chora sifatida, ya’ni boshqa tarbiyaviy usullar samara bermagan holatlarda qo‘llanadi. Yangi tartibga ko‘ra, o‘quvchi uch martagacha tayoq bilan urilishi mumkin. Jarayon esa qat’iy nazorat ostida amalga oshiriladi.
Jazoni qo‘llash uchun maktab direktori roziligi talab etiladi. Uni faqat maxsus vakolatga ega o‘qituvchilar bajaradi. Shu bilan birga, o‘quvchining yoshi, qilgan xatosining og‘irligi va u o‘z aybini anglagan-anglamagani ham inobatga olinadi. Jazodan so‘ng esa o‘quvchiga psixologik yordam ko‘rsatilib, uning holati kuzatib boriladi.
Qayd etilishicha, ushbu choralar faqat 9 yoshdan katta bo‘lgan o‘g‘il bolalarga nisbatan tatbiq etiladi. Qiz bolalar uchun esa boshqa intizomiy jazolar — darsdan keyin olib qolish, vaqtincha chetlatish yoki bahoni pasaytirish kabi usullar qo‘llanadi.
Xalqaro tashkilotlar, jumladan, YUNISEF bu kabi jismoniy jazolarga qarshi ekanini bildirib kelmoqda. Ularning fikricha, bunday usullar bolalarning ruhiy va jismoniy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, Singapurda tayoq bilan jazolash amaliyoti tarixan shakllangan bo‘lib, hozirgacha ayrim jinoyatlar uchun ham qo‘llanib kelinmoqda.