Bavariya Chempionlar ligasini tark etdi: Xalqaro matbuot tanqidlari

Bavariya Chempionlar ligasi yarim finalida PSJga qarshi kechgan dramatik bahslardan so‘ng turnirni tark etdi. Myunxenliklar safarda 4:5 hisobida mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, o‘z maydonida 1:1 hisobidagi durang bilan kifoyalandi. Xalqaro OAV jamoaning o‘yinini "achinarli" va "charchagan" deya ta’riflab, PSJning finalga chiqishini haqli deb baholadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Fransiyaning L'Équipe nashri Myunxen stadionini PSJ uchun omadli maskan deb atadi. Le Figaro esa parijliklarning himoyadagi qahramonligini alohida ta’kidlab, jamoaning ikkinchi Yevropa kubogi sari dadil odimlayotganini yozdi. Ispaniyaning Marca va Mundo Deportivo nashrlari esa Luis Enrike shogirdlarining taktik g‘alabasiga urg‘u berib, finalda Mikel Arteta boshchiligidagi Arsenal bilan to‘qnashuv kutilayotganini qayd etdi.
O‘yin davomida myunxenliklar penalti borasida e’tiroz bildirishdi. Birinchi bo‘limda Vitinyaning to‘p uzatishi jarima maydonchasi ichida Joao Nevesning qo‘liga tekkan bo‘lsa-da, hakamlar qoidaga ko‘ra, jamoadoshi tomonidan tepilgan to‘p qo‘lga tekkan vaziyatda penalti belgilanmasligini ma’lum qildi.
Bavariya tarkibida Harry Kane o‘yin so‘ngida gol urgan bo‘lsa-da, bu jamoani qutqarib qola olmadi. Mutaxassislar Myunxen klubining o‘yinida yetakchilik yetishmayotganini va jamoa yangilanishga muhtoj ekanini ta’kidlamoqda. Endilikda PSJ 30-may kuni Budapeshtda bo‘lib o‘tadigan finalda Arsenalga qarshi maydonga tushadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!