date
views 880

Ro‘za ibodati boshqa dinlarda

Ro‘za ibodati boshqa dinlarda
Alloh taolo Qur’oni Karimda: “Ey imon keltirganlar! Sizlardan oldingilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki taqvodor bo‘lsangiz”, deya marhamat qilgan. Ushbu oyati karima ro‘za tutishning farzligini e’lon qilgan ilohiy buyruqdir.
 
Yuqoridagi oyati karimadan anglash mumkinki, ro‘za ibodati Muhammad alayhissalom olib kelgan risolatdan oldin ham bo‘lgan. Chunki oyatda “Sizlardan oldingilarga farz qilinganidek”, deyilmoqda. Demak ahli kitoblarda ham ro‘za ibodati bo‘lgan. Faqatgina jumhur ulamolarning fikriga ko‘ra, bu ramazon oyining ro‘zasi emas, ramazonga xos bo‘lmagan boshqa ro‘za hisoblanadi.
 
Yahudiylarda ro‘za
 
Jumladan yahudiylarga “G‘ufron kuni” ro‘za tutish farz qilingan edi. Bu kunda Muso alayhissalom ikkinchi marta Tur tog‘idan tushgan va yahudiylarning mag‘firat etilgani haqidagi Allohning e’lonini hamda o‘sha davr shariatini lavhlarda olib tushgan edilar. Ana shu kun “G‘ufron kuni” deb atalib, unda ro‘za 26 soat, ya’ni quyosh botgandan ertasi kuni tungacha davom etgan. Bu yahudiylarning eng muqaddas ibodatlaridan hisoblangan.
 
 Yahudiylar ro‘za paytida yeb-ichish, jinsiy yaqinlik va o‘z e’tiqodlariga ko‘ra yomon deb hisoblangan boshqa barcha amallarni qilishdan, yuvinish hamda charm poyabzal kiyishdan saqlanishlari lozim edi.
 
Ba’zi yahudiylar bu kunda ro‘za ibodatiga kirishishdan oldin Masjidul Aqsoning janubida joylashgan “Yig‘i devori” (Buroq devori)ga ibodat uchun boradilar.
 
Yahudiylarning ro‘zalari ikki turga bo‘linadi: shaxsiy va jamoviy. Shaxsiy ro‘za o‘z xatolari haqida tafakkur qilish va nafsni tarbiyalashdan iborat bo‘lgan.
 
Jamoviy ro‘zalar esa yuqorida aytib o‘tganimizdek, ba’zi xos kunlarda tutiladi. Ana shu xos kunlarga Muso alayhissalomning vafot etgan kunlari, “G‘ufron kuni”, nikoy to‘yi kuni kelin va kuyovning ro‘zasi va ba’zi yahudiylarning urushdan bir kun avval tutadigan ro‘zalari va hokazolar kiradi.
 
Ammo hozirgi kun yahudiylari masalaga “zamonaviy talqin”da yondoshib, o‘qituvchi, xavfsizlik xodimi va amaldorlar o‘z vazifasini mukammal bajarishida xalal bermasligi uchun ro‘za tutmaslikka o‘zlariga o‘zlari ruxsat berganlar.
 
Nasroniylarda ro‘za ibodati
 
Nasroniylarning ro‘zasiga kelsak, bu ro‘za ham boshqa samoviy dinlar singari yagona Allohga qurbat hosil qilish maqsadida tutiladi. Ammo aniq vaqti belgilanmagan. Shuning uchun har bir cherkov yoki yo‘nalish o‘z ergashuvchilari uchun muayyan vaqtni belgilaydilar. Katolik cherkovi eng ko‘p ro‘za tutadigan cherkov hisoblanadi. Yevangelistlarning ro‘zasi biz musulmonlarning ro‘zasiga o‘xshab ketadi. Protestant cherkovi esa ro‘za tutish masalasiga juda yengil qaraydigan cherkov hisoblanadi. Har bir cherkov o‘z an’analariga ko‘ra pasxa bayramidan qirq kun oldin ro‘za kunlarini belgilaydi. Nasroniylarning ro‘zasi kamida o‘n ikki soat davomida yeb-ichishdan saqlanish shaklida tutiladi. Odatda kunning boshidan ana shu o‘n ikki soat yakunigacha davom etadi. Ammo bu mutlaq qat’iy qoida emas. Chunki bundanda uzoqroq muddat ro‘za tutadiganlar ham bor.
 
Demak, xulosa o‘rnida aytishimiz mumkinki, boshqa dinlarda ham o‘ziga xos shaklda ro‘za ibodati mavjud. Bularning ba’zilari haqiqatda ilohiy buyruq asosida bo‘lsa, ba’zilari keyinchalik paydo bo‘lgan, yoki turli o‘zgartirishlarga  uchragan.
 
Islom olami esa o‘n to‘rt asrdan buyon qat’iy belgilangan tartibda, Qur’oni Karim va Sunnati nabaviydagi ko‘rsatmalarga binoan, bu hukmlarning birortasini o‘zgartirmagan holda bu ibodatni amalga oshirib kelmoqda.
 
Ro‘zaning tibbiy va ruhiy foydalari nihoyatda ko‘pligidan ularni hisoblab adog‘iga yetish mushkul. Masalan, ro‘za qalbni poklash, gunohlardan, yomon xulqlardan saqlash, shahvoniy nafsni jilovlab, shayton yo‘llarini toraytirish kabi foydalarni o‘z ichiga oladi. Ro‘za shunday nizomki, u kishini imon nuqtai nazaridan qayta tiklaydi. Umuman har bir ibodat odamni dunyo tashvishlaridan bir zum bo‘lsada ozod qilib, ruhiy hotirjamlikka erishishiga yordam beradi.
 
Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U kishi aytdilarki: “Men Payg‘ambarimiz alayhissalomdan eshitdim: “Kim Alloh uchun (yo‘lida) ro‘za tutsa, Alloh uning yuzini jahannamdan yetmish yillik masofaga uzoqlashtiradi”. (muttafaqun alayh)
 
Alloh taolo faqatgina O‘zining roziligi uchun tutayotgan ro‘zalarimizni qabul qilib, yuqoridagi hadisi sharifda aytilganidek, bizlarni jahannam azobidan uzoqlashtirsin.
 
Manbalar asosida Muhammad Sodiq Muhammad Ismoil tayyorladi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ro‘za ibodati boshqa dinlarda