Foto: Global Look Press
Germaniya atom energiyasidan foydalanishga qaytmaydi, dedi kansler Olaf Shols Deutschlandfunk radiosiga bergan intervyusida.
Uning ta’kidlashicha, mamlakatda yadro energetikasi “tugatilgan” va bundan keyin foydalanilmaydi.
Joriy yilning aprel oyida Germaniyada mamlakatda ishlayotgan so‘nggi uchta AES o‘chirildi. Shu tariqa mamlakatda tinch atom energiyasining 60 yillik tarixi yakunlandi. Germaniyada AES qurilishiga qarshi birinchi norozilik namoyishlari 1970 yillarda boshlangan, 1998 yilda mamlakatning Sotsial-demokratik partiyasi (SPD, Shols uning a’zosi) va Yashillar o‘z oldiga atom energiyasidan voz kechishni maqsad qilgan. 2002 yilda bu qonun bilan mustahkamlangan.
AESdan voz kechish to‘g‘risidagi yakuniy qaror kansler Angela Merkel hukumati tomonidan 2011 yilda Yaponiyadagi “Fukusima-1” atom elektr stansiyasidagi halokatdan keyin qabul qilindi. Oxirgi nemis stansiyalari 2022 yilda yopilishi kerak edi, biroq Ukrainadagi urush va energetika inqirozi tufayli reaktorlarni to‘xtatish joriy yilning bahoriga ko‘chirildi.
Mamlakatda energiya inqirozi hamon davom etmoqda, shuning uchun ayrim siyosatchilar aprel oyida ishi to‘xtatilgan uchta stansiyani buzmaslikni va hatto yangilarini qurishni yoqlab chiqmoqda. Shols esa mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qayta tiklanadigan manbalar bilan qondirish tarafdori.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!