Muammo Fors ko‘rfazidagi uchta orol – Katta Tunb, Kichik Tunb va Abu Muso orollari bilan bog‘liq. Eron nazoratidagi bu orollarni BAA ham o‘ziniki deb hisoblaydi. Rossiya esa ularning maqomi bo‘yicha muzokara o‘tkazish kerak deb hisoblamoqda. Moskvada bo‘lib o‘tgan Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi yig‘ilishining yaqinda e’lon qilingan yakuniy deklaratsiyasida ham bu masala tilga olingan.
Kun.uz kelishmovchilikning kelib chiqishi va hozirgi geosiyosiy vaziyatga ta’sirini sharhlab berish uchun Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Farhod Karimovni studiyaga taklif etdi.
— Dastlab, muammo nimadan va qayerda boshlanganiga to‘xtalsak.
— Fors ko‘rfazidagi 3 ta orol – Katta Tunb, Kichik Tunb va Abu Muso orollari anchadan beri ko‘rfaz davlatlari, xususan, Eron va BAA o‘rtasida tortishuvlarga sabab bo‘ladi. Buyuk Britaniya bu hududdan chiqib ketib, Yaqin Sharqda mustaqil davlatlar paydo bo‘lgach, orollar masalasi yuzaga chiqqan. Orollar uchun Eron, Ummon, BAA da’vogarlik qildi dastlab, keyinchalik Ummon bu konfliktdan chiqib ketdi.
BAA bu orollarni o‘zining Sharja amirligi tarkibi deb biladi. Xuddi shunday Eron ham uni o‘z hududi deb biladi. Katta orollar emas, 12 ming, 10 ming va ming km kvga teng orollar.
— Bu orollarning geosiyosiy o‘rni qanday?
— Iyul oyida Fors ko‘rfazi arab davlatlari va Rossiya o‘rtasidagi forumda bayonot e’lon qilingan edi. Undagi bandlardan biri Fors ko‘rfazi arab davlatlarining chegaralari, yerlariga qaratilgan bo‘lib, unda bu orollar BAA tarkibidagi Sharja amirligi yeri deb ko‘rsatilgan edi. Bu bayonot bugungi kunda deklaratsiya darajasiga chiqdi. Iyul oyida ham Eron tomoni e’tiroz bildirgan edi. Deklaratsiya e’lon qilingach esa reaksiya jiddiyroq bo‘ldi.
Yaqin Sharqdagi hozirgi vaziyatda, bu mintaqa hammaning e’tibor markazida bo‘lib turgan holatda kichikroq muammolar ham tez ko‘zga tashlanyapti.
Muhokama bo‘layotgan orollar bir paytlar Hormuz qirolligi tarkibida edi, u yerdan asosan baliqchilar va dengizchilar ma’lum bir ehtiyoj uchun foydalanishgan. Yevropaliklar kirib kelgach, bu orollar Portugaliya nazoratiga o‘tdi, undan keyin esa Buyuk Britaniya egalik qila boshladi. Britaniya bu orollarni Birlashgan Ummon qirolligi tarkibiga qo‘shib yuborgan edi. Ummon qirolligidan so‘ng Al-Qosimiylar sulolasi hokimiyatga kelib, ular o‘z hududiga aylantirdi. Al-Qosimiylar Eron tarixiy davlatchiligi vakili bo‘lgani uchun ular endi shu fakt orqali bu hududga da’vo qilyapti. Al-Qosimiylardan so‘ng Sharja amirligi tarkibiga kirgan, shuning uchun BAA ham shunday da’voga ega. Sharja amirligi tarkibida bo‘lgan paytida Britaniya yana bu masalaga aralashib, konflikt to‘xtatilib, orollar Buyuk Britaniya nazoratida ekani e’lon qilinadi. 1971 yilga kelib, Buyuk Britaniya mintaqadan chiqib ketgach, Eron orollarni o‘z hududi deb e’lon qiladi.
Orada Eron va BAA o‘rtasida shartnoma tuzilib, ikki davlatga ham tegishli emas, umumiy foydalanamiz degan kelishuv bo‘ladi, ammo bu qisqa vaqt davom etadi. Kichik to‘qnashuvdan so‘ng bu mojaro yana avj oladi. Shundan keyin Eron Abu Musoda harbiy aerodrom quradi, Katta Tunbda o‘z harbiylarini joylashtiradi. Shundan buyon ikki davlat shu masalada murosaga kelolmaydi. Eron va BAA munosabatlari aslida yomon emas, ammo bu masalada kelisha olishmaydi.
Bu orollar Hormuz bo‘g‘ozidan kirishda o‘ziga xos darvoza rolini o‘ynaydi. Janubiy Osiyoga Fors ko‘rfazi arab davlatlarining neft tankerlari ayni shu yerdan o‘tadi. Shu ma’noda bu yerga kim egalik qilsa, koridorni nazorat qilishda katta ta’sir doirasiga ega bo‘ladi. Shuning uchun Eron doim bunga intiladi, bu masalada hatto strategik hamkorlari bilan ham keskinlashishi mumkin, pozitsiyasi aniq uning.
— Bu diplomatik kelishmovchilik Eron-Rossiya munosabatlariga qanday ta’sir qiladi?
— Agar Ukraina va G‘azodagi holat bo‘lmaganda bu narsa bu darajada shov-shuv bo‘lmas edi. Bugungi geosiyosiy vaziyatda kichik bir holat ham katta masala sifatida chiqyapti, ayniqsa Rossiya va Eron kabi davlatlarda bo‘lsa.
Orollar masalasida Eron birinchi marta bunday chiqish qilayotgani yo‘q. 2010 yilda Osiyo o‘yinlarida Fors ko‘rfazi davlatlari deyish o‘rniga Arab ko‘rfazi davlatlari deb xato aytilganligi uchun ham Xitoy hukumatiga nota kiritgan edi. Eron har doim bu masalaga ehtiyot bo‘lishni so‘raydi, chunki bu siyosiy-ideologik masala.
2022 yil dekabr oyida Saudiyaga Xitoy rahbari tashrif buyuradi va shunda ham Arab ko‘rfazi yoki Fors ko‘rfazi deb atash masalasi tilga olinadi. Shunda ham Eron tomoni bunga munosabat bildiradi. Xuddi shunday hozirgi holatda ham nota beryapti. Ya’ni bu masala, bu kabi holatlar hozir paydo bo‘lgani yo‘q, bu masala hali Eron va Rossiya munosabatlariga ta’sir qilgani yo‘q. Humayniy bergan konsepsiya aniq – u endi faqat sharqqa qarab yuramiz degan, ya’ni Xitoy va Rossiya nazarda tutiladi. Tashqi siyosatda transformatsiya ketayotgan bir paytda Eron asosiy hamkorlari bo‘lmish Rossiya va Xitoy bilan keskinlikka bormaydi.
To‘g‘ri, Eron uchun bu orollar masalasi milliy, emotsional masala, shuning uchun vaqti-vaqti bilan eslatib turadi. Hozirgi holatda xam shunday eslatish bo‘ldi. Diplomatik aloqalari o‘zgarmaydi, birgalikdagi katta-katta loyihalari bor.
Eronning sharqqa yuzlanayotganini tanqid qiluvchi muxoliflar ham bor. Bu vaziyat ular uchun ozuqa bo‘ldi va bundan foydalanib bu masalani ovoza qilishdi. Umuman olganda, orollar masalasi Eron uchun muhim, ammo keskin o‘zgarishlarga sabab bo‘lmaydi.
NormuhammaAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring