23:47 / 24.08.2024
22

Ukraina va Rossiya o‘rtasida asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi

Ukraina va Rossiya o‘rtasida asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi
Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati
Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, 24 avgust kuni Ukraina bilan harbiy asirlar almashinuvi bo‘ldi. Vazirlik Kursk oblastida asirga tushib qolgan 115 nafar rossiyalik harbiylar qaytarilganini ta’kidlagan. Ukrainaga ham shuncha harbiy asirlar qaytarilgan.

Foto: Rossiya Mudofaa vazirligi videosidan kadr
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan 115=115 formatida asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tganini tasdiqladi. Ukrainaga Milliy gvardiya, Qurolli Kuchlar, Harbiy-dengiz kuchlari va Davlat chegara xizmati harbiylaridan tashkil topgan asirlar qaytarilgan.

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati
Rossiya Mudofaa vazirligi asirlar almashinuvi Birlashgan Arab amirligi vositachiligida amalga oshirilganini bildirdi. Hozirgi vaqtda rossiyalik askarlar Belorus hududida bo‘lib turibdi, ular reabilitatsiya va davolanishlardan so‘ng Rossiyaga olib boriladi.

Harbiy muxbir Semen Pegov Rossiyaga qaytarilgan harbiylar muddatli xizmatni o‘tayotgan yosh askarlar ekanini ta’kidlagan. Mudofaa vazirligi bu haqda ma’lumot bermagan, keyinroq Rossiya Ombudsmani Tatyana Moskalkova qaytarilgan harbiy asirlar muddatli xizmatdagi yosh askarlar ekanini tasdiqladi.

Meduza nashriga ko‘ra, bu Ukraina Kursk oblastiga bostirib kirganidan buyon ikki mamlakat o‘rtasida ilk asirlar almashinuvi hisoblanadi. Kurskka hujum boshlangan ilk kunlarda yuzlab rossiyalik harbiylar asirga tushgani xabar berilgan edi.

Xususan, BBC rus xizmati Ukrainaning Kurskka yurishidan so‘ng kamida 81 nafar muddatli harbiy xizmatchilar yaqinlari bilan aloqaga chiqmay qo‘ygani, 40 ga yaqin askarlar asirlikka tushgani haqida yozgan edi.

6 avgust tongida Ukraina qo‘shinlari Sumi viloyatidan Rossiyaning Kursk viloyatiga kirib keldi. Natijada Rossiya-Ukraina urushida yangi front ochildi, shuningdek, bu II jahon urushidan keyin Rossiya hududiga ilk marta xorijiy askarlar kirishi bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina va Rossiya o‘rtasida asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi