10:50 / 07.10.2024
56

Kuchayib borayotgan yadroviy tahdid: global beqarorlikka qaytyapmizmi?

Kuchayib borayotgan yadroviy tahdid: global beqarorlikka qaytyapmizmi?
XXI asrda yadroviy tahdid bilan bog‘liq keskinlik kuchayib borayotganini ko‘ryapmiz. Bu tahdid qamrovi endi faqat AQSH va Rossiya bilan chegaralanib qolmaydi...

Yadroviy arsenallarga ega yoki ularni rivojlantirishga intilayotgan davlatlar soni ortib borayotgani xalqaro miqyosda xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

Yadroviy tiyib turish: tamoyillar va reallik

Sovuq urush davrida ishlab chiqilgan yadroviy tiyib turish tamoyili O‘zaro kafolatlangan halokatga asoslangan edi. Bu doktrinaning mazmuni shundan iborat ediki, nizolashayotgan tomonlarning hech biri yadroviy zarba berishga jur’at eta olmasdi, chunki bu darhol javob zarbasi berilishiga va har ikki tomonning butunlay yo‘q qilinishiga olib kelardi. Shu tariqa, yadro quroli amalda yirik davlatlar o‘rtasida samarali ravishda tinchlikni saqlash vositasiga aylandi.

Biroq Shimoliy Koreya va yad­roviy qurolga intilayotgan potensial davlatlar kabi yadroviy kuchlar soni ortib borayotgani sababli, tiyib turish tamoyili yangi muammolarga duch kelmoqda. Vaziyatlar oldindan aytib bo‘lmaydigan darajaga o‘tmoqda, ayniqsa murakkab siyosiy tartib­lar yoki xalqaro ihotada bo‘lgan davlatlar haqida gap ketganda bu muammo keskinroq qiyofa kasb etadi.

Ta’kidlash kerak, 2024 yil yanvar oyi holatida dunyo bo‘yicha jami 12 121 ta jangovor yadroviy kallaklar mavjud bo‘lib, ularning 9 585 tasi jangovor shaylik holatida turibdi.

Rossiya: yangi yadroviy ritorika

Dunyoda AQSHdan keyin ikkinchi yirik yadroviy arsenalga ega bo‘lgan Rossiya so‘nggi yillarda o‘zining geosiyosiy strategiyasining bir qismi sifatida yadroviy tahdidlardan foydalanmoqda. 2022 yildan beri, Ukraina bilan qurolli mojaro paytida Rossiya rahbariyati milliy xavfsizlikka to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdidlarga javoban yadro qurolidan foydalanishga tayyorligini bir necha bor ta’kidladi. Stokgolm tinch­lik tadqiqotlari instituti (SIPRI) ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil boshida Rossiyada taxminan 5977 ta yadro kallaklari bor edi.

Ushbu jangovar kallaklarning aksariyati zaxirada bo‘lsa-da, Rossiya o‘z arsenalini faol ravishda modernizatsiya qilmoqda, asosiy e’tiborni gipertovushli raketalar va yadroviy kallaklarni yetkazib berishning yangi vositalarini ishlab chiqishga qaratmoqda. Bu esa bunday tahdidlarni ushlab qolish qobiliyatini sezilarli darajada qiyinlashtiradi. Bosh­qacha qilib aytganda, yadroviy ustuvorlik tiyib turish emas, ko‘proq siyosiy-harbiy shantaj vositasiga aylanib bormoqda.

Bir misol: 2022 yilda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin uning mamlakati o‘z hududlarini himoya qilish uchun barcha mavjud vositalarni, jumladan, agar tahdidni jiddiy deb hisoblasa, yadroviy quroldan foydalanishga tayyorligini aytdi. Bu bayonot xalqaro hamjamiyatda mintaqaviy mojarolarda yadro qurolidan foydalanishning mumkin bo‘lgan ssenariylari muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Shimoliy Koreya: oldindan aytib bo‘lmaydigan o‘yinchi

Hozirda Koreya Xalq Demokratik Respublikasi eng beqaror yadroviy davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Ushbu mamlakat 2006 yilda birinchi muvaffaqiyatli yadro quroli sinovini o‘tkazdi va shundan so‘ng xalqaro sanksiyalarga qaramay, o‘zining yadroviy imkoniyatlarini faol ravishda kengaytirib kelmoqda. 2023 yil holatiga ko‘ra, Shimoliy Koreya 6 dan ortiq yirik yadroviy sinovlarni o‘tkazdi va u 20 dan 50 gacha yadroviy kallaklarni o‘z ichiga olgan arsenalga egaligi taxmin qilinmoqda.

Shimoliy Koreya yadro dasturi­ning muhim jihati — Kim Chen In tartibining AQSH va uning Osiyodagi ittifoqchilariga yetib borishga qodir bo‘lgan yetkazish vositalarini (raketalarni) ishlab chiqish istagi hisoblanadi. 2022 yilda Shimoliy Koreya qit’alararo ballistik raketa­larni (QBR) muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi va bu AQSHga yadroviy zarba berish qobiliyatini sezilarli darajada oshirdi.

Masalan, 2022 yil oktyabr oyi­da Shimoliy Koreya rahbariyati yadro quroliga nafaqat tiyib turish vositasi, balki xalqaro hamjamiyatni xavotirga solib, dushmanlarga qarshi ehtimoliy “preventiv” zarba berish vositasi sifatida qarashini bildirdi.

Isroil: yadroviy klubning “norasmiy”, ammo “erkatoy” a’zosi

Isroil, garchi uning yadro quroliga egaligi rasman tan olinmasa-da, yadroviy klubning “norasmiy” a’zosi hisoblanadi. SIPRI hisob-kitoblariga ko‘ra, Isroilda kamida 90 ga yaqin (ko‘pi bilan 277) yadro kallaklari mavjud bo‘lib, bu mintaqada muhim ustunlik beradi.

Yahudiy davlatining strategiya­si “yadroviy noaniqlik” hisoblanadi. Ya’ni bu mamlakat o‘z yadroviy salohiyatining aniq ko‘lami haqida dushmanlarini bexabarlikda ushlab turishga muvaffaq bo‘lmoqda. Biroq, Isroil tashqi tahdid yuzaga kelgan taqdirda yadro qurolidan foydalanishi mumkin, bu uning arsenalini mintaqaviy xavfsizlikka eng katta tahdidlardan biri sifatida qarashga majbur qiladi.

Xususan, Yahudiy davlati 2019 yilda Eronning yadroviy dasturidan jiddiy xavotir bildirdi va uni milliy xavfsizlikka bevosita tahdid deb belgiladi. Bunga muvofiq Isroil hukumati Eronning yadroviy inshootlariga preventiv zarba berish rejalarini tayyorladi.

Yadroviy klubning “o‘gay a’zolari”: Pokiston va Hindiston

Pokiston va Hindiston Janubiy Osiyodagi asosiy raqib bo‘lib qolmoqda va ularning yadroviy arsenallari o‘sishda davom etmoqda. Har ikki davlat yadroviy kuchlarini, ayniqsa, yangi raketa texnologiyalari va yadroviy yetkazib berish vositalarini ishlab chiqish kontekstida faol ravishda modernizatsiyani amalga oshirmoqda. 2024 yil yanvar oyi holatiga ko‘ra, Hindiston va Pokiston taxminan teng yadroviy arsenalga ega edi – Hindistonda 172, Pokistonda 170 ta yadro kallaklari mavjud bo‘lgan. O‘tgan yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, ularning har birida 165 tadan yadroviy kallak bo‘lgan va bu yadroviy arsenalni ko‘paytirish tendensiyasi mavjudligini anglatadi. Qolaversa, ushbu mintaqada, ayniqsa Kashmirdagi hal etilmagan hududiy mojaro munosabati bilan keskinlik saqlanib qolmoqda.

Zamonaviy dunyoda yadro quroliga ehtiyoj bormi?

Ayni zamonda xalqaro hamja­miyat oldida muhim savol turib­di: zamonaviy dunyoda yadro quroliga ehtiyoj bormi? Yadro quroli tiyib turuvchi vosita hisoblansa-da, ayniqsa, beqaror tartiblar va global mojarolarda ulardan foydalanish tahdidi yuqoriligicha qolmoqda.

Kiberqurollar, biologik qurollar va yadroviy raketalar­ni tutib olishga qodir havo hujumidan mudofaa tizimlari kabi yangi turdagi qurollarning rivojlanishi bilan yadro arsenalining ahamiyati o‘zgarishi, aniqrog‘i pasayishi mumkin. Masalan, AQSHning THAAD tizimi yoki Rossiyaning S-500 tizimi kabi zamonaviy raketaga qarshi mudofaa tizimlari yadroviy tahdidni qisman zararsizlantirishi mumkin. Biroq ularning to‘liq miqyosli yadro urushidagi samaradorligi shubha ostida turibdi.

Yadroviy qiyomat soati: falokat yaqinlashmoqdami?

1947 yilda yadro fizikasi olimlari byulleteni tomonidan yaratilgan “Qiyomat soati” global yadro urushi tahdidining ramzi bo‘lib qolmoqda. Bu soat dunyoning yadro urushi yoki boshqa turdagi ofatlar kabi global falokatga qanchalik yaqinligini ko‘rsatadi. 2023 yil yanvar oyidan boshlab, “Qiyomat soati” yarim tun (24:00) gacha 90 soniyaga yaqinlashdi, bu esa “yarim tunga” eng yaqin bo‘lgan vaqt hisoblanadi.

Ushbu ramziy metafora Rossiya, Shimoliy Koreya va boshqa davlatlarning yadroviy xavfi ortib borayotgani sababli dunyo haqiqiy yadro urushi ostonasida turganiga ishora qiladi. Mutaxassislar halokatning oldini olish uchun qurolsizlanish va yadroviy qurol nazorati bo‘yicha xalqaro muzokaralarni qayta boshlashga chaqirmoqda.

Tayoqning ikki uchi

Yadro quroli jahon siyosatidagi eng xavfli va destruktiv omillardan biri bo‘lib turibdi. Shu sababdan, ayni sharoitda xalqaro hamjamiyat yadroviy qurolsizlanishga erishish, qurollarni nazorat qilish bo‘yicha yangi shartnomalarni ishlab chiqish va yadroviy mojarolarning oldini olish mexanizmlarini yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirishi kerak. Aks holda, “Qiyomat soati”ga ko‘ra, dunyo biz 70 yildan ko‘proq vaqt davomida oldini olishga harakat qilayotgan falokat yoqasiga kelib qolishi mumkin.

Abdulloh Sayyid

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kuchayib borayotgan yadroviy tahdid: global beqarorlikka qaytyapmizmi?