
Antarktidadagi “Qiyomat kuni muzligi” — Tueyts muzligi — tez sur’atda yerishi olimlarni jiddiy tashvishga solmoqda. Mirror ma’lumotiga ko‘ra, agar ushbu ulkan muz qatlami parchalansa va okeanga qulasa, dengiz sathi 1–2 metrgacha ko‘tarilishi mumkin. Bu esa Nyu York, London, Amsterdam, Bangkok va Mumbay kabi megapolislarni suv ostida qoldirishi ehtimolini oshiradi.
Nature Geoscience jurnalida e’lon qilingan tadqiqotda muzlikdagi yoriqlar so‘nggi yillarda keskin ko‘paygani aytilgan. Mutaxassislar ta’kidlashicha, muz ostidagi tez aylanuvchi “girdob tuzilmalari” iliq suv oqimlarini tortib, erish jarayonini yanada tezlashtirmoqda.
Olimlar ma’lumotiga ko‘ra, 1980-yillardan buyon Tueyts muzligi 600 milliard tonnadan ortiq muzni yo‘qotgan. Global isish davom etar ekan, bunday turbulent jarayonlar Antarktidaning boshqa qismlarida ham kuzatilishi mumkin.
Tueyts muzligining kengligi 120 kilometr, maydoni esa 190 ming kvadrat kilometr — deyarli Florida shtati hududiga teng. Biroq uning yoqolishi nafaqat megapolislar, balki Maldiv orollari, Tuvalu, Kiribati va Polineziya kabi past joylashgan davlatlar uchun ham halokatli oqibatlar keltirishi mumkin.
Olimlar 2025-yil boshidayoq ushbu muzlik ostidagi shelf qatlami kelasi o‘n yil ichida yemirilishi mumkinligini ogohlantirgan edilar.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.