
Visual Capitalist portali AQSH Geologiya xizmati (USGS) ma’lumotlariga asoslanib, jahonda mavjud bo‘lgan noyob yer elementlari (NEE) zaxiralari qayerda joylashganini ko‘rsatdi. Infografikada bu resurslarning sanoqli davlatlar ixtiyorida nomutanosib tarzda to‘plangani alohida ko‘rsatilgan. Bu elementlar zamonaviy texnologiyalar va mudofaa sanoati uchun asosiy xom ashyo hisoblanadi.
Pekinning mutlaq ustunligi
Taqsimotdagi eng katta nomutanosiblik Xitoyda. Pekin 44 million tonna bilan peshqadamlik qilmoqda — bu jahondagi umumiy 91,9 million tonnali zaxiralarning qarib yarmini tashkil etadi. Braziliya esa 21 million tonna (23%) bilan mustahkam ravishda ikkinchi pog‘onani egallaydi, lekin u yerdagi yirik konlarning ko‘p qismi hali o‘zlashtirishning dastlabki bosqichlarida turibdi.
AQSHning strategik ojizligi
Hindiston (6,9 mln t), Avstraliya (5,7 mln t), Rossiya (3,8 mln t) va Vyetnam (3,5 mln t) kabi davlatlar zaxiralar hajmi bo‘yicha AQSHdan oldinda turadi. Jami oltita yetakchi mamlakat barcha ma’lum zaxiralarning taxminan 80 foizini nazorat qilmoqda. Qo‘shma Shtatlar esa atigi 1,9 million tonna (2%) NEE zaxirasiga ega. Bu raqamlar AQSHning import va qayta ishlash zanjirlariga qattiq qaramligini yana bir bor isbotlaydi.
Amerikaning javobi
So‘nggi oylarda Tramp ma’muriyati AQSHning Xitoy yetkazib beruvchilariga qaramlikni pasaytirishga intilmoqda. Bu maqsadga erishish uchun milliy konchilik loyihalarini moliyalashtirish, ruxsatnomalar berish jarayonini tezlashtirish va ta’minot zanjirlarini turli yo‘llar bilan diversifikatsiya qilish orqali ittifoqchi davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish choralari ko‘rilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.