
Angliyaning hozirgi amaldagi chempioni “Liverpul” bu mavsumda o‘ziga xos inqirozga duch kelib, natijalar keskin tushib ketgani sababli Arne Slotning iste’fosi haqidagi mish-mishlar va bosimlar tinmay kuchayayotgan edi. Muxlislar ham, futbol ekspertlar ham jamoaning bu holatini jiddiy ko‘rib, rahbariyat qanday qaror qabul qilishi bilan qiziqmoqda.
TEAMtalk nashri yuqori lavozimli manbaga tayanib, klub ichkarisidagi muhokamalar haqida yangi insayd tarqatdi. Manba ma’lumotlariga ko‘ra, “Liverpul” rahbariyati hozircha bosh murabbiy Arne Slotni ishdan bo‘shatish niyatida emas va uni hali ham loyihaning muhim qismi sifatida ko‘rmoqda.
Klub ichidagi fikrlar shuni ko‘rsatadiki, Diogu Jotaning fojiali va butun jamoani titratadigan darajadagi o‘limidan so‘ng “Liverpul”da tabiiy ravishda og‘ir psixologik bosqich boshlangan. Shuningdek, Yurgen Klopp ketganidan keyin muayyan tayyorgarlik va moslashuv davri bo‘lishi oldindan aytib o‘tilgan edi — natijalarning pasayishi esa bu jarayonning bir qismi sifatida baholanmoqda.
Shunga qaramay, klub rahbariyati vaziyatni chuqur tahlil qilmoqda: agar mag‘lubiyatlar silsilasi yana davom etsa va jamoa keyingi uch-to‘rtta bahsda ham ochkolar yo‘qotsa, murabbiyning kelajagi yana kun tartibiga chiqishi mumkin. Bunday sharoitda 47 yoshli niderlandiyalik mutaxassis bilan yo‘llarni ajratish masalasi yanada jiddiy ko‘rib chiqilishi ta’kidlandi.
Fenway Sports Group hozirgi mavsumni klubning uzoq muddatli tuzilish va qayta qurish rejasining birinchi qadami sifatida qabul qilgan. Shu bois, ular Slotga ishonch bildirishda davom etmoqda. Jamoa futbolchilari ham murabbiyni qo‘llab-quvvatlashmoqda — bu esa klub ichidagi muhitni ushlab turishda muhim omil hisoblanadi.
Shu bilan birga, ehtiyot chorasi sifatida “Liverpul” o‘z ehtimoliy o‘rinbosarini ham belgilab qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. Agar vaziyat keskin yomonlashsa, klub tayyor variant sifatida “Tottenxem” va “Nottingem Forest”ni boshqargan Angelos Postekoglu nomzodini ko‘rib chiqishga tayyor.
Qishki qismi — “Liverpul” uchun hal qiluvchi bosqich. Natijalar Slotning taqdiri qanday bo‘lishini aniq belgilab beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.