
25 yanvar sanasida AQSHning mashhur Las-Vegas shahri yana bir yirik jang oqshomiga guvoh bo‘ladi — bu safar oktagon markazida “UFC 324” turniri tashkil etiladi. Mazkur kecha nafaqat tomoshabinlar, balki jahon MMA jamoatchiligi uchun ham e’tibor markazida turibdi.
Shu kuni UFCning eng ko‘zga ko‘ringan jangchilaridan biri — amerikalik Jastin Getji (26-5) va Angliyadan katta shovqinlar bilan yuksalayotgan Peddi Pimblett (23-3) yengil vazn toifasida vaqtinchalik chempionlik kamari uchun ro‘paro‘ keladi. Bu jang nafaqat maqom, balki kelgusi chempionlik sari yo‘l muhri sifatida ham ko‘rilmoqda.
Pimblett o‘zining so‘nggi chiqishida Maykl Chendlerni uchinchi raundda texnik nokaut bilan yengib, muxlislar oldida yana bir bor o‘zining portlovchi uslubini namoyish etgandi. Getji esa bundan avvalgi jangda juda kuchli raqiblardan biri Rafael Fiziyevni hakamlarning yakdil qarori asosida mag‘lub etib, o‘zining tajribali va barqaror jangchi ekanini isbotladi.
“UFC 324” turniri aynan shu to‘qnashuv bilan yanada qizib ketishi, jangsevarlar uchun yilning esda qolarli kechalaridan biri bo‘lishi ayni haqiqat. Ikkisi ham kamar uchun jonini berib kurashadigan darajada — demak, tomosha kafolatlangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.