91
Zelenskiy podkastda sanktsiyalar, sulh va Lukashenkoning uzri haqida gapirdi: «Bu *****, kechirasiz»
Foto: Telegram / V_Zelenskiy_official
AQSh va gʻarbning bosqin arafasidagi va'dalari haqida gapirarkan, u soʻkinib yuborgan, shuningdek, urushning ilk kunlarida Aleksandr Lukashenko bilan gaplashganini birinchi marta tan olib, u Ukraina boʻylab yoʻllangan zarbalar uchun uzr soʻraganini aytgan.
Intervyu qariyb uch soat davom etgan. Fridman muloqot rus tilida kechishini istagan boʻlsa-da, Zelenskiy asosan ukrain tilida soʻzlagan.
Muloqot boshida Leks Fridman Moskvaga borish va Vladimir Putin bilan ham intervyu yozishni rejalashtirgani haqida gapirgan. Shuningdek, podkaster Putin, Zelenskiy va Donald Tramp 25 yanvar kuni — AQSh prezidenti inauguratsiyasidan keyin uchrashishi va tinchlik boʻyicha kelishib olishi zarur deb hisoblashini bildirgan.
Zelenskiy AQShning saylangan prezidenti Ukrainaga samolyotda uchgan birinchi jahon etakchisi boʻlishi mumkin boʻlgani, ammo bu faqat urush yakunlansagina roʻy berishi mumkinligini qayd etgan (Rossiya bosqini boshlanganidan keyin Ukraina boʻylab barcha aeroportlar yopilgan, xorijlik siyosatchilar avvaliga qoʻshni davlatlarga uchib, u erdan poyezdda Kiyevga yoʻl olishadi).
Sanktsiyalar toʻgʻrisida
Rossiyaning keng koʻlamli bosqini boshlanishi haqida gap boshlanganida Zelenskiy gʻarblik hamkorlar bilan muloqotlarini eslagan.
«Men faqat bitta narsani soʻradim, birinchi navbatda AQShdan — agar ishonchingiz komil boʻlsa, dalillaringiz boʻlsa, agar siz u bilan [Putin] gaplashgan va u sizga bosqin boʻlishini aytgan boʻlsa, agar bularning barchasi sizni qoʻrqitsa, men bunga dalil soʻramayman, shunchaki ikki narsa berishingizni soʻrayman — bizni qurollar bilan kuchaytiring, ammo undan yaxshirogʻi — bizni hech qanday urush boʻlmasligi uchun zarur sharoitlar bilan kuchaytiring. Bu qurol emasdi, men ulardan birinchi navbatda sanktsiyalarni soʻragandim. Ya'ni uni qoʻrqitib qoʻyishni», — degan ukrainlar prezidenti.
«Iltimos, „agar u kelsa, agar u chegaradan oʻtsa, agar u oʻldiradigan boʻlsa, sanktsiyalar kiritamiz demang“ dedim. Lekin bu x**nya, kechirasiz», — deya qoʻshimcha qilgan Zelenskiy.
Fridman Zelenskiydan Ukrainaga oʻshanda yordam koʻrsatilmaganini aytmoqchimisiz, deb aniqlik kiritishni soʻragan.
«Men yoʻq deb hisoblayman. Biz yordam olmadik. Agar quruq soʻzlarni yordam deb hisoblasak, unda biz juda koʻp yordam olgan boʻlamiz».
Bosqin boshlanganidan keyingina gʻarb mamlakatlari Rossiyaga qarshi sanktsiyalar kiritgan va Kiyevga qurol etkazib bera boshlagandi.
Lukashenkoning uzri haqida
Zelenskiy urushning ilk kunlarida belaruslik Aleksandr Lukashenko bilan suhbatlashganini ham eslagan. Oʻsha kunlarda Rossiya qoʻshini Belarus hududi orqali chegarani kesib oʻtib, Kiyevni egallashga uringan, ammo yakunda muvaffaqiyatsizlikka uchragandi.
«Urush boshlanganidan bir necha kun oʻtib men Lukashenko bilan telefon orqali gaplashdim va u uzr soʻradi, u „bu men emasman, mening hududimdan raketalar uchirildi va ularni Putin uchirdi“ dedi. Bu uning soʻzlari, guvohlarim bor. U menga yana shunday dedi: „Sen ishon, Volodya, bu men emasman, men nazorat qilmayapman, bu raketalar Putinniki…“.
Men unga u ham xuddi shunday qotil ekanini aytdim, u esa menga dedi: „Tushun, ruslar bilan urushib boʻlmaydi“. Men unga dedim: „Biz hech qachon urush qilmaganmiz. Raketalar sening eringdan keldi, Belarusdan, bunga qanday yoʻl qoʻyding?“» — deya xotirlaydi Zelenskiy.
Uning aytishicha, Lukashenko unga Belarus hududi boʻylab zarba berishni taklif qilgan.
«U dedi: „Yaxshi, neftni qayta ishlash zavodi boʻylab zarba yoʻlla, u men uchun qanday ahamiyatga egaligini bilasan-ku“... Bu Mozirskiy zavodi edi. Men unga aytaman: sen nima deyapsan, qanaqa javob? Bu urushning ikkinchi yoki uchinchi kunida boʻlgandi», — deydi Zelenskiy.
Ukrainlar prezidenti bungacha bunday muloqot va Lukashenkoning uzri haqida tilga olmagandi.
Mozirskiy neftni qayta ishlash zavodi — Rossiya armiyasi uchun asosiy yonilgʻi ishlab chiqaruvchi va etkazib beruvchi — oʻtgan yilning 15 iyulida oʻz faoliyatini toʻxtatgandi, rasmiy sababi — boʻron tufayli.
Ammo ukrain nashrlari uning faoliyati toʻxtashiga ukrain dronlari hujumlari sabab boʻlgani haqida yozgan.
Sulhga erishish imkoniyatlari haqida
Sulh istiqbollari haqida soʻralganida, Zelenskiy avvaliga 2019 yilda Putin bilan Donbassdagi navbatdagi sulh boʻyicha kelishib olgani, ammo Rossiya bir oy oʻtib uni buzganini eslagan.
«Men unga ruslar goʻshakni umuman koʻtarmay qoʻygunicha qoʻngʻiroq qildim. Men keyingi uchrashuv oʻtkazilishini xohladim, rossiyaliklar rad etishdi, biz turli mamlakatlar orqali bunga urinib koʻrdik, ammo rossiyaliklar qandaydir ahmoqona gaplarni aytib, buni xohlashmadi», — deya xotirlaydi Zelenskiy.
Fridmanning Zelenskiy yanvarda Tramp va Putin bilan bir vaqtda uchrashib, xavfsizlik kafolatlari koʻzda tutilgan tinchlik shartnomasi imzolashi ehtimoli haqidagi savoliga javoban u avvaliga faqat Trampning oʻzi bilan uchrashuv oʻtkazishni va muzokaralarga yevropaliklarni jalb qilish niyatida ekanini aytgan.
«Oʻylaymanki, 25 yanvarda yoki boshqa kunda biz birinchi navbatda Tramp bilan oʻtiramiz. Biz urushni va Putinni qanday toʻxtatishimiz mumkinligini kelishib olamiz. Va agar u kuchli xavfsizlik kafolatlari taklif qilsa, unda rossiyaliklar bilan ham muloqot boʻlishi mumkin. Va faqat shundan keyin. Shunchaki birdaniga uchovimiz uchrashib boshlamaymiz», — degan Ukraina prezidenti.
«Evropa ham ovozga ega boʻlishi biz uchun muhim, — deya qoʻshimcha qilgan Zelenskiy. — Ishonchim komilki, u [Tramp] Evropa bilan birgalikda Ukrainaga kuchli xavfsizlik kafolatlarini taklif qila oladi».
«Agar u oʻt ochishni toʻxtatsa va uch oy oʻtib Putin yangi hujum boshlasa, Tramp kim degan odam boʻladi? Tramp va Ukraina qanday ahvolda koʻrinadi? Putin nima uchun boshlaydi? Chunki u bugun Trampdan qoʻrqmoqda. Va Tramp jiddiy xavfsizlik kafolatlarisiz oʻt ochishni toʻxtatishga rozi boʻlishi bilanoq u Putinga past ketgan boʻladi. U oʻzi buni istamaydi, ammo u Putinga imkoniyat beradi, chunki Putinning xayolida — meni Tramp bilan urushtirib qoʻyish va bizning hududlarimizni uzil-kesil okkupatsiya qilish», — degan ukrainlar prezidenti.
Zelenskiy Putinning istaklarini kutmasdan, uni urushni toʻxtatishga majbur qilishga chaqirgan. U Rossiya prezidenti urush yakunlanishini istamasligi va shu tufayli u bilan faqat kuch pozitsiyasida gaplashish kerakligini ta'kidlagan.
«Tramp toʻrt yilga keladi, beshinchi yilda Putin yangi urush bilan keladi. Trampga uning davrida urush boʻlmasligi osonroq, undan keyin Ukrainani yakson etishadimi? Nima uchun yakson etishadi? Chunki Putin kim boʻlsa ham ahmoq emas. U tayyorlanadi, xatolarini koʻrib chiqadi, barchani qurol ishlab chiqarishga safarbar qiladi, unda juda katta armiya boʻladi. Va shunday kamsitilishdan keyin u qaytadi va faqat Ukraina bilan kurashadi deb oʻylaysizmi? U atrofdagi barchani yakson etadi. Agar Tramp NATOdan chiqsa, Putin Evropani yakson etadi», — degan u.
Budapesht memorandumi haqida
Xavfsizlik kafolatlari haqida gapirarkan, Zelenskiy yadroviy quroldan voz kechish evaziga mamlakatni himoya qilishga qaratilgan Budapesht memorandumini eslagan.
U Ukrainaga urushni toʻxtatish uchun faqat qogʻozda qolib ketmaydigan xavfsizlik kafolatlari darkorligini qayd etgan.
«Budapesht memorandumida Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bor edi. Avvaliga Ukraina xavfsizligi uchun asosiy uch kafil davlat va Ukraina hamkorlari — AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya edi. Fransiya va Xitoy ham qoʻshilgan. Besh davlat boʻlgan. Hozir esa biz bu hech qanday xavfsizlik kafolati boʻlmaganini bilamiz», — deydi Zelenskiy.
Uning soʻzlariga koʻra, Donbassning bir qismi va Qrim okkupatsiya qilingach, Ukraina bir necha yil mobaynida Budapesht memorandumi a'zolariga maktublar yozgan.
«Memorandumda nima yozilgandi? Maslahatlashuvlar, Ukraina agar hududiy yaxlitligi buziladigan boʻlsa, maslahatlashuvlar oʻtkazishi. Va barcha maslahatlashuvlarda qatnashishi, kelishi, zudlik bilan uchrashishi koʻrsatilgandi — Amerika, Britaniya, Rossiya, Fransiya, Xitoy. Kimdir keldimi? Yoʻq. Kimdir bu xatlarga rasmiy javob qaytardimi? Kimdir maslahatlashuv oʻtkazdimi. Yoʻq. Nima uchun? Ha po**ru (soʻkinadi). Bu ruschasiga tushunarlimi? Ruslarga po**r boʻlganidek, bu mamlakatlarga, bu odamlarga, bu xavfsizlik kafolatlariga ham po**r boʻlgan», — deya qoʻshimcha qiladi Zelenskiy. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ertaga vodiy viloyatlarida qor va yomgʻir yogʻishi mumkin
Toshkentda harbiylar namoyishkorona piyoda yurishi boʻlib oʻtdi (foto)
Bugundan boshlab Nyu-York markaziga kirish pulli boʻldi
“Boʻrilar” Husanovga asosiy tarkibdan joy kafolatladi, boshqalar “qimirlab” qoldi
Xitoyda tarqalayotgan virus Qozogʻistonda ham aniqlandi
Janubiy Koreyada sodir boʻlayotgan muammolarning asl sababi nima?
Donald Tramp Jo Baydenni Ukrainadagi mojaroda aybladi
Oʻzbekiston yoʻllarida quyosh panelli radarlar oʻrnatiladi (video)