Foto: Getty Images
Agar AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani kuch bilan qoʻshib olishga qaror qilsa, Daniya muxtoriyatni himoya qila olmaydi, deb yozadi Politico nashri.
Ma'lumotlarga koʻra, 2024 yilda Qoʻshma Shtatlarning harbiy byudjeti 948 milliard dollarni, Daniyaning harbiy byudjeti esa 9,9 milliard dollarni tashkil etgan. AQSh qurolli kuchlari soni 1,3 million kishiga, Daniya qurolli kuchlari esa 17 ming kishiga etadi.
Politico nashriga intervyu bergan Daniya xalqaro tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi Ulrik Pram Gadning fikricha, AQSh va Daniya oʻrtasidagi nazariy qurolli toʻqnashuv juda tez tugab, Daniya uchun magʻlubiyat bilan yakunlanadi.
“Bu dunyodagi eng qisqa urush boʻladi, Grenlandiyaning mudofaa salohiyati yoʻq. Amerikaliklar boshqaruvni qoʻlga olgan boʻlardi”, dedi mutaxassis.
Uning qoʻshimcha qilishicha, Daniyaning ayrim qirgʻoq qoʻriqlash kemalari Grenlandiyaning janubi-sharqiga tez-tez kirib turadi. Biroq Daniya matbuotining yozishicha, nishonga olish uchun zarur boʻlgan dasturiy ta'minot xarid qilinmagan va kemalarga oʻrnatilmagan. Bundan tashqari, Daniya oʻzining harbiy texnikasining aksariyatini Ukrainaga topshirgan. Maqola mualliflari, shuningdek, AQSh harbiy kontingentining bir qismi Grenlandiyada joylashganligini ta'kidlashgan.
Tramp Grenlandiya ustidan nazoratni “milliy xavfsizlik uchun mutlaq zarurat” deb hisoblashini aytgan. Agar u Qoʻshma Shtatlarga qoʻshilishga qaror qilsa, uni “yana buyuk” qilishga va'da bergan.
Tramp Grenlandiyani oʻzlashtirmoqchi
Tramp bir necha bor Grenlandiya AQSh tarkibiga kirishi kerakligini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, orol milliy xavfsizlik va himoya uchun, jumladan, Xitoy va Rossiyadan himoyalanishda strategik ahamiyatga ega.
Grenlandiya bosh vaziri Muke Egede orol “hech qachon sotilmaydi” deb javob berdi. Shu bilan birga, u orol Daniyadan mustaqillikka erishmoqchi ekanini tan oldi. Grenlandiya 1953 yilgacha Daniya mustamlakasi boʻlgan va hozirgacha qirollikning bir qismi boʻlib qolmoqda. 2009 yilda orol oʻzini oʻzi boshqarish va ichki siyosatda mustaqil tanlov qilish imkoniyati bilan avtonomiyaga ega boʻldi.
Bloomberg manbalariga koʻra, Tramp jamoasi Grenlandiya bilan qiziqishgan, chunki orolda elektron qurilmalarda ishlatiladigan oltin, olmos, uran va nodir metallarning katta zaxiralari mavjud. AQShning Grenlandiya mineral-xom ashyo sektoriga kiritgan sarmoyasi dunyoning nodir metallar bozorida Xitoyning hukmronligiga qarshi kurashda hal qiluvchi rol oʻynashi mumkin.
Trampning tahdidlari fonida Daniya Grenlandiya mudofaasini kuchaytirib, gerbini oʻzgartirdi. Qirol Frederik X Norvegiya va Shvetsiya bilan ittifoqqa ishora qilgan va 500 yildan ortiq vaqt davomida gerbda boʻlgan uchta tojni olib tashlashni buyurdi.
Grenlandiya va Farer orollari ramzlari — oq ayiq va qoʻchqor ikki qismga boʻlinib, ikkinchi va uchinchi maydonlarga koʻchirildi, ya'ni kattalashtirildi. Daniya va Janubiy Yutlandiya ramzlari esa birinchi va toʻrtinchi maydonlarga oʻtkazildi.
CNN ma'lumotlariga koʻra, prezident maslahatchilari Daniya amaldorlarini AQShning saylangan prezidenti Grenlandiyaga nisbatan jiddiy niyatda ekani haqida ogohlantirgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Kanadaliklar AQSh tarkibida boʻlishni xohlaydimi? – “Tramp bezori, Mask esa tentak”
Pokistonning Afgʻonistonga zarbalari: “Tehrike Tolibon” qanday harakat?
Zelenskiy Germaniyadagi ittifoqchilar uchrashuvi natijalari haqida nimalar dedi?
Suriyadagi kutilmagan inqilobdan soʻng oʻtgan bir oyda nimalar oʻzgardi?
Los-Anjelesdagi yongʻinlar: 10 kishi halok boʻldi, 9 mingdan ortiq inshoot zarar koʻrdi
Kanada AQSh bilan ehtimoliy savdo urushiga tayyorgarlikni boshladi
Los-Anjelesdagi yongʻinning kosmosdan koʻrinishi
Ukrainaning 2025 yilga moʻljallangan harbiy maqsadlari ma'lum qilindi