Anvar Sobirov akasi haqida samimiy eʼtirofi bilan hayratga soldi

Xorazmlik aktyor va xonanda Anvar Sobirov “Xush kelibsiz” koʻrsatuvida ishtirok etib, akasi, taniqli sanʼatkor Ogʻabek Sobirov haqida samimiy fikrlarini bildirdi. U akasining soyasida yurishini uyat emas, balki katta baxt deb bilishini taʼkidladi.
Anvar Sobirovning soʻzlariga koʻra, u Ogʻabek Sobirov bilan bolaligidan beri juda yaqin — nafaqat aka-uka, balki sirdosh doʻstlar hamdir.
“Biz Ogʻabek akam bilan yoshligimizdan birga katta boʻlganmiz. Faqat aka-uka emas, balki hamfikr, hamdard insonlarmiz. U kishi ijod masalasida ham, shaxsiy masalada ham menga 'Anvar, sen nima deysan?' deb maslahatlashadilar. Men ham har doim akam bilan fikrlashaman. Bunday neʼmatni bergan Allohga shukr qilaman,” — dedi u.
Sanʼatga endi kirib kelgan davrlarida koʻpchilik uni “Ogʻabekning ukasi” yoki “Ogʻabekning soyasi” deb atashganini eslab oʻtdi.
“Shukrki, men begonaning soyasida emas, akamning soyasida yurganimdan faxrlanaman. Begona odamlarning soyasida yurganlar qancha, men esa akam bilan birga boʻlganimdan baxtiyorman. Alloh birovga nimadir bermoqchi boʻlsa, kimnidir sababchi qiladi — menga esa akamni sababchi qilgan,” — dedi u.

Anvar Sobirov akasini nafaqat ustoz, balki hayotdagi eng katta suyanchiq togʻ sifatida koʻrishini ham taʼkidladi:
“Ular bizdan oldin sanʼatga kirib, bizni ham ilhomlantirganlar. Hozir ham ulardan oʻrganamiz, ibrat olamiz. Men uchun akam — ham ustoz, ham suyanchiq, ham togʻdek tayanch.”
Shuningdek, u baʼzida ularni raqobatga solishga urinishlar boʻlishini ham aytib oʻtdi:
“Baʼzilar 'aka-uka orasida raqobat bormi?' deb gap qoʻzgʻatishga harakat qiladi. Men esa shunday deyman: akamga til tekizma, menga tosh otsang ham, akamga otma,” — deya u kulib gapirib berdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!