20:50 / 26.03.2025
347

Putin “Yalta 2.0”ga erisha oladimi? Qrimdagi konferensiyada nima bo‘lgan?

Putin “Yalta 2.0”ga erisha oladimi? Qrimdagi konferensiyada nima bo‘lgan?
Putin ilk marta Rossiya prezidenti etib saylanganiga bugun roppa-rosa 25 yil to‘ldi. Ko‘plab ekspertlar fikricha, KGBdan chiqqan bu siyosatchining eng katta maqsadi – “ikkinchi Yalta kelishuvi”ga erishish. Xo‘sh, 80 yil oldin Stalin va Ruzvelt Qrimda nimalarga kelishgan edi? Hozir Putin va Trampdan “ikkinchi Yalta”ni kutish mumkinmi? Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida shu haqda so‘z yuritadi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin hokimiyatga kelganiga chorak asr bo‘ldi. U roppa-rosa 25 yil oldin – 2000 yilning 26 mart kuni rasman prezident bo‘lib saylangan edi. Orada bir muddat, 2008-12 yillarda RFni Dmitriy Medvedev boshqargan vaqtda ham, Putin bosh vazir sifatida qabul qilinayotgan qarorlarga juda katta ta’sir qilar edi. Uning ustiga, Medvedev Putindan mustaqil bo‘lishga yoki unga qarshi chiqishga jur’at qila olmagan.

Aksariyat ekspertlar aytadiki, Putin uchun tarixiy eng muhim davr – bu 1945 yil: SSSR dunyodagi eng yirik ikki qudratning biri bo‘lishi, dunyo ishlaridagi rasmiy Moskvaning ovozi baland kela boshlashi, Yevropa ustidan SSSRning ta’siri oshishi.

Aynan shuning uchun, “Putinning urushlardan, G‘arb bilan tirashuvlardan asosiy maqsadi – ikkinchi Yalta kelishuvchiga erishishdir” degan qarash juda keng tarqalgan. Xo‘sh, Yalta konferensiyasida nima bo‘lgan edi?

Urush oxirlab, Hitlerning mag‘lub bo‘lishi aniq bo‘lib qolganda, 1945 yilning 4-11 fevral kunlari Qrim yarimorolining Yalta shahrida SSSR, AQSH va Britaniya rahbarlari o‘rtasida 8 kunlik konferensiya bo‘lib o‘tadi. Yaltada asosan to‘rtta katta masala muhokama qilinadi: urushdan keyingi Germaniya taqdiri, Polsha, Yaponiya va tuzilishi kutilayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti.

8 kun mobaynida uch davlatning liderlari ertalabdan kechgacha shu masalalarda kompromiss izlashadi, talashib tortishadi. AQSH prezidenti Ruzveltning sog‘lig‘i ancha og‘ir, u bu konferensiyaga juda qiynalib keladi. Nogironlar aravachasiga o‘tirib qolgan 63 yoshli Ruzveltni aravachadan stulga o‘tkazish uchun 2-3 kishi ko‘tarib, o‘tirg‘izib qo‘yishi kerak. 70 yoshli Cherchilning ham sog‘lig‘i yaxshi emas. Yalta konferensiyasidan bir oy o‘tib, Ruzvelt vafot etadi. 1945 yilning iyuliga borib, Cherchill saylovlarda yutqazib qo‘yadi va hokimiyatdan ketadi.

Stalin, Ruzvelt va Cherchill Yaltada urushdan keyingi dunyo tartibotini kelishib olishgan. Bu kelishuvlardan eng ko‘p yutgan davlat sifatida SSSR ko‘riladi. Sharqiy Yevropa, Polsha va Germaniyaning sharqiy qismi, Yaponiyaning Kurill orollari va Saxalin – barchasi bevosita yoki bilvosita SSSR nazoratiga o‘tadi. BMTda ham SSSRning ovozi hal qiluvlar qatorida bo‘ladi.

Shuning uchun ham Putin G‘arb bilan Yaltadagi kabi kelishishni orzu qiladi. Putin uchun Sovuq urush natijalari – adolatsiz va tahqirli. Chunki SSSR parchalandi, yangi mustaqil davlatlar paydo bo‘ldi.

Shu kunlarda Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda AQSH va RF o‘rtasida ko‘p bosqichli muzokaralar, uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Tramp Ukrainadagi urushni tezroq to‘xtatishni istaydi. Lekin Putin uchun Ukrainaning bosib olingan yerlari – yetarli emas. Putinning “barqaror tinchlik” shartlari ko‘p, bular – NATO orqaga qaytsin, Ukraina hech qachon NATOga a’zo bo‘lmasin, bosib olingan barcha yerlar ma’muriy chegaralarda Rossiyaniki deb tan olinsin va h.k.

Xo‘sh, Tramp bilan Putinning o‘zaro ishonchli muloqotlari fonida, Putin kutgan “Yalta-2” amalga oshishi mumkinmi? Nazarimda, buning iloji yo‘q. Asosiy sabablar esa, quyidagicha.

Birinchidan, sobiq SSSR mafkuralashgan davlat edi. SSSRda kommunistik mafkuradan tashqari, Politbyuro kabi muhim davlat organlari ham bor edi. Garchi SSSR tarixida Stalin ma’lum muddat yakka shaxs sifatida boshqargan bo‘lsa-da, Stalindan keyin Xrushchev, Brejnev va boshqalar sovet mafkurasi va Politbyuro kollegial boshqaruvi modelidan tashqariga chiqib keta olmadi. Putin esa yakka shaxs sifatida boshqarmoqda. U hech kim bilan maslahatlashmaydi, uning kayfiyati va loyihalari fakt sifatida qabul qilinadi. Xulosa shuki, Putin hokimiyatdan ketganidan keyin, uning urushlari, loyihalari butun bir Rossiya manfaatlarini tamsil qiluvchi fakt sifatida saqlanib qolmaydi, qayta ko‘rib chiqilashi ehtimoli yuqori. SSSRda esa unday emas edi. Mafkura va kollegial boshqaruv sabab, SSSR liderlarining qarorlari keyingi liderlar tomonidan bajarilishda, rioya qilinishda davom etgan.

Ikkinchi omil – Yevropaning noroziligi. Hozirgi Putin–Tramp ijobiy munosabatlaridan, Ukraina borasidagi Vashingtonning o‘zgargan pozitsiyalaridan Yevropa davlatlarining deyarli barchasi qattiq norozi. Bu norozilik, albatta, katta ahamiyatga ega. Hozirgi Yevropa 1945 yildagi kabi yer bilan yakson qilingan Yevropa emas. Bugungi Yevropa Ittifoqida yarim milliard aholi yashaydi, uning iqtisodiyoti juda boy va rivojlangan. YEI Trampning ko‘rsatmalarini fakt sifatida qabul qilmaydi. Putin bilan kelishuvlar Yevropa tomondan inkor qilinishi mumkin.

Uchinchi omil – Ukrainaning o‘zi. Ukrainaga Trampning ta’sir qilish, bosim qilish imkoniyatlari absolyut emas. Trampning Ukrainaga yetkazishi mumkin bo‘lgan eng katta zarari – AQSH yordamlarini, razvedka ma’lumotlarini to‘xtatib qo‘yish. Lekin Ukraina o‘z manfaatlari uchun urushish niyatida qatiy tursa, bu intilishni Tramp to‘xtata olmaydi. Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlarning yordami Ukraina uchun urushni davom ettirishga yetarli bo‘ladi. To‘g‘ri, Ukraina YEI yordami bilan Rossiyani yenga olmaydi, lekin Rossiyaga yetarlicha qarshilik ko‘rsata oladi va Rossiya bosqini haddan ortiq kengaymasligi uchun qarshi tura oladi.

To‘rtinchi omil – bu o‘zgargan dunyo. 1945 yilda dunyo tartiboti juda sodda va jo‘n edi. Hali u vaqtlarda milliy davlatlar hukumatlaridan boshqa aktorlar, ishtirokchilar yo‘q edi. Bugun – axborot davri. Transmilliy korporatsiyalar va xalqaro tashkilotlar juda qudratli. Bugun Putin va Tramp kelishib olganda ham, ularning kelishuvi hamma narsani uzil-kesil hal qila olmaydi.

Qolaversa, 4 yilda Tramp ham hokimiyatdan ketadi. Keyingi AQSH liderlarining qarashlari boshqacha bo‘lishi mumkin.

Putinning o‘zi ham ancha qarib qoldi. U 73 yoshda. Ertami-kechmi, Kremlda u o‘tirgan stullar bo‘sh qoladi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, Putin Rossiyasi “ikkinchi Yalta”ga erisha olmaydi. Qaysidir ma’noda erishganida ham, u real ishlamaydi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo