
Olimlar Yer sayyorasi kelajagiga oid yangi tahqiqotlar o‘tkazib, taxminan bir milliard yildan so‘ng sayyoramizda inson hayoti uchun eng zarur bo‘lgan kislorod tanqisligi yuzaga kelishi haqida xabar berishdi. Bu haqda Britaniyaning BBC Sky at Night nashri Nature Geoscience ilmiy jurnalida chop etilgan maqolaga tayangan holda ma’lum qildi.
Kazumi Ozaki (Yaponiyaning Toxo universiteti) va Kristofer Reynxard (AQSHning Jorjiya texnologiya instituti) Yerdagi iqlim sharoitlari va biokimyoviy jarayonlarning evolyutsiyasini kompyuter modellari orqali 400 ming martadan ortiq o‘rganib chiqishdi. Ularning olib borgan hisob-kitoblari natijasida, kelgusi bir milliard yil ichida sayyoramizning atmosferasida kislorod miqdori keskin kamayib ketishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi.
«Ko‘p yillar davomida Yerdagi hayot muddati asosan Quyosh nurlanishining sekin-asta kuchayishi hamda global karbonat-silikat geokimyoviy jarayonlari bilan bog‘liq ravishda ko‘rib chiqilgan. Ana shu nazariy nuqtayi nazardan qaraganda, atmosferada uglerod dioksidi (SO2) miqdorining pasayishi va issiqlik darajasining doimiy ravishda ko‘tarilishi muqarrar», – dedi tadqiqot mualliflaridan biri, doktor Kazumi Ozaki.
Olimlarning ta’kidlashicha, Yer biosferasi taxminan ikki milliard yildan keyin yuzaga keladigan haddan tashqari isish va fotosintez uchun kerak bo‘ladigan SO2ning tanqisligi sababli butkul yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligi avvaldan ma’lum edi. Biroq, bu holatda kislorodning aniq qachon va qanday yo‘qolishi masalasi noma’lumligicha qolib kelayotgan edi.
Ushbu yangi tadqiqot natijasi esa kislorodsizlanish jarayoni taxminan bir milliard yildan so‘ng boshlanib, Yer atmosferasi o‘ta qisqa vaqt ichida kisloroddan deyarli butunlay mahrum bo‘lishini ko‘rsatdi. Olimlarning aytishicha, bu holat Yer tarixida katta o‘rin tutadigan Buyuk Oksidlanish (atmosferaning kislorod bilan boyishi) hodisasidan oldingi davrga o‘xshab qoladi.
«Kislorodsizlanish sodir bo‘lganidan so‘ng, Yer atmosferasi metan bilan to‘lib-toshgan, SO2 miqdori juda kam va ozon qatlami butunlay yo‘qolgan holatga keladi. Shu sababli, Yerning keyingi davrlari anaerob turdagi (kislorodsiz muhitda yashaydigan) jonzotlar hakimligiga o‘tadi», — deya tushuntiradi doktor Ozaki.
Tadqiqotchilarning qayd etishicha, Yer sayyorasi o‘z tarixida kislorodga boy bo‘lgan atmosfera holatiga juda qisqa muddat ega bo‘ladi. Yer mavjudligining atigi 20-30 foizi davomida biz bugungi kunda ko‘rib turgan kislorodga boy atmosferada bo‘ladi.
Bu tadqiqot Yerdagi hayotning barqarorligini qayta baholashga imkon yaratib bermoqda. Shu bilan birga, olimlar insonlar tomonidan Yerdagi atrof-muhitni asrash va sayyora resurlarini oqilona ishlatish zarurligiga yana bir bor urg‘u berishdi. Zero, Yerning hayot uchun qulay bo‘lgan bosqichi cheklangan vaqtga ega ekani tobora aniq bo‘lib bormoqda.
OlimlarYer SayyorasiKislorod TanqisligiIqlim SharoitlariBiokimyoviy JarayonlarAtmosfera Holati O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar