![]()
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya bilan tinchlik muzokaralarini qayta jonlantirish maqsadida Turkiyaga yo‘l olayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Kiyev hozirda qator hamkorlar bilan faol muloqotda bo‘lib, urushni to‘xtatishga olib keladigan aniq takliflar tayyor holda turibdi. Zelenskiyga ko‘ra, asosiy vazifa — mojaroga yakun yasash imkoniyatlarini qo‘ldan kelganicha yaqinlashtirish va asirlar almashuvi jarayonini to‘liq qayta tiklash.
Prezidentning bayonotidan ko‘p o‘tmay, Turkiyadagi manba Reuters agentligiga AQSHning maxsus vakili Stiv Uitkoff 19 noyabr kuni Anqaraga borib, Zelenskiy bilan o‘tkaziladigan muzokaralarda ishtirok etishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, AFP e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, Zelenskiy Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan ham uchrashuv o‘tkazadi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov aytishicha, Moskva Kiyevdan bu safar haqida hech qanday ma’lumot olmagan va Zelenskiy kelayotgan kunlarda Turkiyada Rossiya delegatsiyasi bo‘lmasligini ta’kidladi.
Ma’lumki, urush boshlanganidan beri Turkiya o‘zini ikki tomon o‘rtasida vositachi sifatida ko‘rsatib kelmoqda. 2025-yil mayidan Istanbulda bir necha marta Ukraina va Rossiya delegatsiyalari uchrashgan, unda asosan asirlar almashuvi bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Biroq o‘t ochishni to‘xtatish masalasida jiddiy so‘zlashuv bo‘lmagan. Eng so‘nggi almashuv oktyabr oyi boshlarida amalga oshirilgan, o‘shanda har ikki tomon 185 nafardan shaxsni qaytargandi.
Kiyev tomoni ta’kidlashicha, Moskva bir necha bor urushni tugatish bo‘yicha real xohish namoyon qilmagan va Ukraina uchun qabul qilib bo‘lmaydigan shartlarni taklif qilgan — jumladan, qo‘shimcha hududlardan voz kechish kabi talablar.
Shu fonga qaramay, Zelenskiy Yevropa bo‘ylab safar qilar ekan, u mamlakatdagi energetik inqiroz va korrupsiya mojarolari kuchaygan sharoitda g‘arbdan qo‘llab-quvvatlash izlamoqda. 18 noyabr kuni u Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches bilan uchrashgan bo‘lsa, bir kun oldin Fransiya bilan kelishuv imzolab, Ukrainaga 100 tagacha jangovar samolyot va bir qator dronlar yetkazib berish bo‘yicha kelishgan.
Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Kislitsa 11 noyabr kuni tinchlik muzokaralari Moskva bilan yonma-yon harakat qilish imkoni yo‘qligi uchun to‘xtaganini ma’lum qilgan. U ROSSIYADA diktatura sharoitida muzokara guruhlari cheklangan mandat bilan ishlashi va faqat belgilangan pozitsiyani himoya qilishi mumkinligini aytgan.
Biroq 16 noyabr kuni Kiyevda Rossiya bilan asirlar almashuvi bo‘yicha bilvosita muloqot yana boshlangani ma’lum bo‘ldi. Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi rahbari Rustem Umerovga ko‘ra, hozir “Istanbul kelishuvlari”ni qayta tiklash ustida ish ketmoqda. Aynan Turkiya va BAA bu jarayonda vositachi bo‘lib turibdi.
Yaqin kunlarda texnik muzokaralar o‘tkazilib, barcha tashkiliy masalalar aniqlashtiriladi. Kiyev uchun esa bu jarayon hali ham tinchlikka erishish yo‘lidagi eng muhim qadamlardan biri bo‘lib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.