
Rossiya–Ukraina urushi fonida xalqaro siyosiy maydonda jiddiy shubhalar paydo bo‘lmoqda. Britaniyadagi “The Sunday Times” nashrida chop etilgan maqola shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Gazeta sharhlovchisi Mark Galeottining ma’lum qilishicha, Xitoy tomonidan Rossiyaga harbiy yordam yo‘llanish ehtimoli juda yuqori. U bu da’volarni NATO razvedka ma’lumotlariga asoslangan holda bayon qilgan.
Galeottining ta’kidlashicha, Pekin rasman yordam ko‘rsatmayotganini aytsa-da, amalda Rossiyaga “ikkita maqsadli” mahsulotlar yetkazib berishda davom etmoqda. Ular orasida dronlar boshqaruvi uchun mo‘ljallangan optik tolali kabellar, artilleriya yoqilg‘isini tayyorlashda zarur bo‘lgan nitrosellyuloza va boshqa muhim jihozlar bor. Bu mahsulotlar harbiy va fuqarolik sohasida foydalanilishi mumkinligi bois ularning harakati shubhali ko‘rinadi.
Ayni paytda, Galeottining so‘zlariga ko‘ra, Xitoy tomoni o‘zining "Silent Hunter" nomli zamonaviy lazerli mudofaa tizimlarini ham Rossiya bilan hamkorlikda sinovdan o‘tkazmoqda. Bu tizimlar past balandlikdagi havo hujumlariga qarshi mo‘ljallangan bo‘lib, ularning front hududlarida qo‘llanilayotgani ehtimoli bor.
Yanada xavotirlisi — xitoylik harbiylarning Rossiya armiyasida ko‘payayotgani haqidagi ma’lumotlar. Buning ortida rasmiy safga qo‘shilmagan, lekin yollanma askarlar sifatida ishtirok etayotgan insonlar bo‘lishi mumkin. Ular frontda Rossiya askarlari bilan yelkama-yelka turib harakat qilayotgani aytilmoqda.
Galeottining fikricha, Pekin Shimoliy Koreyani “yo‘l” sifatida tanlab, qurol-yarog‘ va harbiy texnika yetkazib berishda “uchinchi tomon” niqobidan foydalanishi mumkin. Bu esa Xitoyning xalqaro maydonda yuzini saqlab qolishga urinishi bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, hozircha bu ma’lumotlar mustaqil manbalar tomonidan rasman tasdiqlanmagan. Biroq dunyo siyosiy tahlilchilari orasida bu kabi harakatlar katta xavotir uyg‘otmoqda. Agar ma’lumotlar haqiqatga mos kelsa, bu xalqaro vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkin.
Mutaxassislar Xitoyning bunday qadamlari AQSH va Yevropa tomonidan sanksiyalarga olib kelishi mumkinligini ham ta’kidlamoqda. Rossiya esa bunday ko‘makni jiddiy ustunlik sifatida ko‘rayotgani ayon.
Yaqin haftalarda bu masala bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar paydo bo‘lishi va xalqaro maydonda yangi siyosiy keskinliklarga sabab bo‘lishi kutilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar