date

“Kosmik chiroq” yulduzlar atrofidagi yashirin sirlarni ochdi

“Kosmik chiroq” yulduzlar atrofidagi yashirin sirlarni ochdi

Koinotning yana bir sirli burchagi inson ko‘ziga yaqinlashdi. Xalqaro olimlar jamoasi yangi turdagi ilg‘or texnologiyani yaratib, uni amalda sinashga muvaffaq bo‘ldi, deb xabar berdi The Astrophysical Journal Letters. Ushbu innovatsion usul orqali yerdagi teleskoplar tarixda ilk bor yulduz diskining bunchalik tiniq va aniq tasvirini qayd eta oldi.

Kashfiyot markazida “foton fonari” deb atalgan noyob qurilma turibdi. U yulduzlardan kelayotgan nurlarning to‘lqin frontini ajratib, har birini alohida kanallarga bo‘lib chiqaradi. Bu jarayon an’anaviy suratga olishda yo‘qolib ketadigan eng mayda detallarni saqlab qolish imkonini yaratadi. Natijada olingan ma’lumotlar birlashtirilganda, olimlar yaqin joylashgan yulduz atrofidagi diskning ilgari ko‘rilmagan darajada aniq tasvirini tiklashga erishdi.

Odatda bunday darajadagi ko‘rinishga erishish uchun astronomlar bir nechta teleskopdan olingan ma’lumotlarni birlashtiradi. Ammo bu safar jamoa barcha natijani faqat bitta teleskop — Gavayida joylashgan 8 metrli Subaru orqali oldi. Parij observatoriyasi va Gavayi universiteti hamkorligida ishlab chiqilgan FIRST-PL qurilmasi aynan shu teleskopga o‘rnatildi.

Foton fonari Sidney universiteti va Markaziy Florida universiteti olimlari tomonidan yaratilgan. U yulduz nurlarini ko‘plab kanallarga ajratadi, bu esa musiqaning akkordini notalarga bo‘lishga o‘xshaydi. Yorug‘lik har bir “nota”da ranglarga aylanadi va an’anaviy kameralar qayd eta olmaydigan nur tebranishlari aniqlanadi.

Tadqiqot hammuallifi Yu Chjon Kim ta’kidlashicha, yangi usul avvalgi texnologiyalarga nisbatan besh barobar yuqori aniqlikni ta’minlagan. Bu natija optik tola ichida harakatlanayotgan yorug‘lik to‘lqinlarining shaklini sinchiklab tahlil qilish orqali erishilgan.

Olimlar taxminan 162 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan “Beta Canis Minoris” yulduzini kuzatdi. Uning atrofida vodoroddan tashkil topgan va yangi sayyora shakllanishi ehtimolini ko‘rsatuvchi disk mavjud. Yangi texnologiya yordamida bu disk ilk bor nosimmetrik ekani — bir qismi boshqasidan yorug‘roq va zichroq ekani aniqlandi.

Fizika va astronomiya professori Maykl Fitsjerald ta’kidlaganidek, foton fonari kuzatuv astronomiyasida yangi davrni boshlab berdi. Olimlar hatto yorug‘likning tabiiy chegarasi sanalgan difraksion limitdan ham yuqori aniqlikka erishganini ma’lum qildi.

Tadqiqotchilar fikricha, bu usul kelajakda sayyora disklari, ekzoplanetalar va faol galaktika yadrolarini mutlaqo yangi darajada o‘rganish imkonini beradi. Bu nafaqat koinotning tuzilishi, balki hanuz kashf etilmagan kosmik xususiyatlarni anglash yo‘lida ham katta qadam bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstraliyada fanga noma’lum asteroid izlari topilgani haqida xabar berilgan edi. Tadqiqotchilar o‘sha paytda tabiiy shisha — tektitlar tarkibini tahlil qilish orqali meteor zarbasidan hosil bo‘lgan yangicha kosmik materialni aniqlashga muvaffaq bo‘lgan edilar.

Olimlar ta’kidlamoqda: “Foton fonari” nafaqat koinotni, balki insonning uni anglash qobiliyatini ham yangi darajaga ko‘taradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Kosmik chiroq” yulduzlar atrofidagi yashirin sirlarni ochdi