date

Timsohlar bilan to‘la daryo Olimpiada arenasiga aylanadi

Timsohlar bilan to‘la daryo Olimpiada arenasiga aylanadi

Avstraliya tarixida kutilmagan qaror qabul qilindi — mamlakatning shimoliy qismida joylashgan, timsohlari bilan mashhur Fitzroy daryosi 2032-yilda Brisben shahrida o‘tkaziladigan yozgi Olimpiada o‘yinlari doirasida eshkak eshish musobaqalariga mezbonlik qiladi. Bu haqda “The Australian” nashri ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, mazkur daryo o‘zining hayratomuz tabiati, qattiq oqimi va, eng muhimi, ko‘p sonli timsohlari bilan tanilgan. Shuning uchun mahalliy aholi va ekologlar bu qarorni xavfli deb baholagan bo‘lsa-da, Olimpiada inshootlarini qurish uchun mas’ul bo‘lgan agentlik Fitzroyni “eng qulay va jozibali tabiiy maydonlardan biri” deb topgan.

Kvinslend shtati bosh vaziri Devid Krisafullining ta’kidlashicha, hukumat xavfsizlik masalasini qat’iy nazorat ostida ushlab turadi.

“Har bir sportchi va mehmonning xavfsizligi — bizning asosiy ustuvor vazifamiz. Timsohlar bo‘yicha maxsus kuzatuv tizimi ishga tushiriladi. Daryo atrofida qo‘shimcha dronlar va muhofaza vositalari joriy etiladi”, — degan u matbuotga bergan xabarida.

Eslatish joiz, Xalqaro eshkak eshish federatsiyasi (World Rowing) avvalroq Fitzroy daryosini musobaqalar o‘tkazish uchun mos kelmaydigan hudud deb baholagan edi. Sababi — daryoning suv oqimidagi beqarorlik va yirtqich jonzotlar mavjudligi. Biroq Avstraliya tomoni bu borada yangi loyiha ishlab chiqqan: maxsus to‘siqlar, sonaralar va avtomatik signalizatsiya tizimlari orqali daryodagi barcha ehtimoliy xavf manbalarini oldindan aniqlash rejalashtirilgan.

Ekologlar esa bunday qaror tabiat muvozanatiga ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Ular fikricha, musobaqalar uchun katta hajmda qurilish ishlari va transport harakati jonzotlarning yashash muhitini buzishi ehtimolini oshiradi.

Shunga qaramasdan, mahalliy hukumat Olimpiada tayyorgarliklari orqali mintaqani rivojlantirish, turizm va sport infratuzilmasini kengaytirish niyatida ekanini bildirmoqda.

2032 yilgi Brisben Olimpiadasi Avstraliya tarixidagi uchinchi yozgi Olimpiada bo‘ladi. Bu safar esa dunyo sportchilari timsohlar yurtidagi tabiiy suv yo‘llarida kuch sinashadi — bu nafaqat musobaqa, balki tarixiy tajriba bo‘lishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Timsohlar bilan to‘la daryo Olimpiada arenasiga aylanadi