Ukraina harbiy kuchlari Rossiya hududidagi muhim harbiy obyektga yana bir zarba bergani haqida ma’lum qildi. Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi 21-oktyabr kuni kechqurun ma’lum qilishicha, Bryansk viloyatida joylashgan kimyo zavodiga hujum amalga oshirilgan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, operatsiya «Quruqlikdagi kuchlar, dengiz floti va mudofaa tizimining boshqa bo‘linmalari hamkorligida» o‘tkazilgan. Hujumda Storm Shadow turiga mansub havodan uchiriladigan raketalar qo‘llanilgan. Ukrainalik harbiylar ta’kidlashicha, bu raketalar Rossiyaning havo mudofaa tizimini chetlab o‘tish imkonini bergan.
«Bryansk kimyo zavodi Rossiyaning harbiy-sanoat kompleksining muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. U yerda porox, portlovchi moddalar va raketa yonilg‘isi ishlab chiqariladi. Shuningdek, Ukraina hududini o‘qqa tutishda qo‘llaniladigan o‘q-dorilar ham shu yerda tayyorlanadi», — deyiladi Ukraina Bosh shtabi bayonotida.
Zarba aniq qachon berilgachligi to‘g‘risida ma’lumot berilmagan, ammo hujum natijalari hozirda aniqlanmoqda.
Shu paytda Bryansk viloyati gubernatori Aleksandr Bogomaz Telegram orqali boshqa hodisalar haqida xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva vaqti bilan taxminan soat 20:00 larda Ukraina qo‘shinlari Klimovsk tumanidagi Vishneviy qishlog‘iga FPV-dronlar orqali hujum qilgan, natijada ikki fuqaro jarohat olgan.
Bogomaz keyinroq Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotini keltirib, «havo mudofaa tizimlari dushmanning 57 ta dronini aniqlab, yo‘q qilgani va talafotlar qayd etilmagani»ni aytdi. Ammo u kimyo zavodiga qilingan hujum haqida hech qanday izoh bermadi.
Gubernator, shuningdek, Bryansk viloyatida ikki marta «raketa xavfi» haqida ogohlantirish e’lon qilinganini ma’lum qildi. Birinchi signal Moskva vaqti bilan soat 17:00 da berilgan bo‘lib, bir soatdan so‘ng bekor qilingan. Keyingi ogohlantirish esa yarim tunda, soat 00:30 da e’lon qilingan.
Bu hujum Ukraina tomonidan Rossiyaning harbiy ishlab chiqarish infratuzilmasiga qilingan so‘nggi zarbalardan biri bo‘lib, ekspertlar buni Kiyevning strategik hujum imkoniyatlari kengayayotganidan dalolat deb baholamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!